O'zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi 2024-2025 o'quv yili uchun oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini ma'lum qiladi:
Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va barcha o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga shu yil 20 iyundan 20 iyulga qadar;
Hadis ilmi maktabiga 20 iyundan 10 iyulgacha;
Toshkent islom institutining Modul' ta'lim tizimiga 10 iyuldan 30 iyulgacha.
Oliy diniy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish istagida bo'lgan abituriyentlar Qabul hay'atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ta'lim muassasasi rektori nomiga ariza;
- pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko'rsatiladi);
- o'rta maxsus islom ta'lim muassasasini tamomlagani to'g'risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
- 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so'nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo'lishi talab etiladi);
O'MIning “Yagona olimpiada” tanlovi Respublika bosqichi 1-, 2- va 3-o'rin g'oliblari esa oliy diniy ta'lim muassasalariga kirish uchun imtiyoz beruvchi diplom nusxasini ham taqdim etadi.
Horijiy davlatlardagi diniy ta'lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o'tkazilgan diplomga ega bo'lgan abituriyentlar (O'zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
O'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga o'qishga kirish istagida bo'lgan abituriyentlar Qabul hay'atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ta'lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
- pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko'rsatiladi);
- ma'lumoti to'g'risida attestat yoki diplom (asl nusxasi);
- 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so'nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo'lishi talab etiladi);
- chet tilini bilishi to'g'risidagi sertifikat asl nusxasi (ma'lumoti to'g'risidagi hujjatda ko'rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti Modul' ta'lim tizimiga o'qishga kirish istagida bo'lgan abituriyentlar Qabul hay'atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ta'lim muassasasi rektori nomiga ariza;
- pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko'rsatiladi);
- o'rta maxsus islom ta'lim muassasasini tamomlagani to'g'risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
- 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so'nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo'lishi talab etiladi);
- yashash joyi bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog'iston Respublikasi qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilidan tavsiyanoma;
- mehnat daftarchasi nusxasi (tasdiqlangan holda).
Eslatib o'tamiz: Modul' ta'lim tizimiga o'rta maxsus islom ta'lim muassasalarini tamomlagan hamda to'rt yil va undan ortiq muddat davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblari tanlov asosida o'qishga qabul qilinadi.
Ma'lumot o'rnida: Oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to'lov undiriladi. Joriy yilda o'qishni tamomlagan va o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga xujjat topshirgan abituriyentlardan esa to'lov undirilmaydi.
Qabul jarayoniga oid so'nggi yangiliklarni kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayni damda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro anjuman qizg‘in davom etmoqda.
Tadbir avvalida Qur’on oyatlari tilovat qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda Prezidentimiz qatnashchilarni ulug‘ allomalar yurtiga tashrifi va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotganini alohida qayd etgan.
Shuningdek, mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatayotgani, jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgani ta’kidlab o‘tilgan.
O‘z navbatida anjuman ishtirokchilariga o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgani, Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, izlanish va tadqiqotlari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ularga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatida yangi yutuqlar va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilagan.
Anjuman ishtirokchilari Prezidentimizning tabrigi va iliq tilaklaridan bag‘oyat mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati