Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kim vazifasini bajara olmay qolsa...
Hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim vazifasidan yoki uning ba'zisidan uxlab qolsa-yu, uni bomdod bilan peshin orasida o'qib olsa, unga xuddi kechasi o'qigandek yoziladi”, dedilar.
Kimki har kuni yoki kechasi o'qishni vazifa qilib olgan namoz, Qur'on tilovati yoki zikrini biror sababga ko'ra bajara olmay uxlab qolsa yo ba'zi qismini ado etmagan bo'lsa, bomdod va peshin namozlari orasida o'qib olsa, xuddi vaqtida o'qigandek savobga ega bo'ladi. Go'yo vaqt ortga qaytgandek.
Qalbing o'lik ekan
Bunday vazifalar – “vird” deyiladi. Vird bandaning tark qilmay doimo bajarib yuradigan zikr, salavot, tilovat kabi kundalik vazifasidir.
Ulamolar aytadilar: "Agar Qur'ondan, ilmdan, zikrlardan har kungi virding bo'lmasa, u holda qalbingga to'rt takbir ila janoza o'qib qo'yaver. Chunki sening qalbing o'lik ekan".
Umar roziyallohu anhuning virdi
O'tgan solihlar nafaqat farz balki nafl vazifalarining ham qazosini ado etishardi. Ularni qoldirib yuborishdan xavfda bo'lib, hattoki kafforotiga qul ozod qilardilar, sadaqa beradilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham virdlari bir kun kam bo'lib qolsa, ikkinchi kuni qazosini ado etardilar.
Qur'ondan 10 pora o'qirdi
Imom Tahoviy Muhammad ibn Hasandan rivoyat qiladilar: "Imom Muhammadning Qur'ondan bir kecha-kunduzdagi virdi (vazifasi) o'n pora edi".
Qayerdasiz?
Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aytadilar: “Qur'oni karimdan tilovat qilishni, istig'for, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishni o'zlariga vird qilib olganlar qayerda qolishdi?! Ertayu kechda virdlarni vazifa tutib olgan kishilar qayerda qolishdi?
Vird (duo, zikrlar) bilan mashg'ul bo'lish uchun o'qiladigan duo:
“Robbi ishroh liy sodriy va yassir liy amriy vahlul 'uqdatan min lisaaniy yafqohu qovliy. Saddid lisaaniy vahdi qolbiy bihaqqi sayyidina Muhammad sollallohu alayhi vasallam”.
Ma'nosi: “Robbim, qalbimni keng qil. Ishimni oson qil. Tilimdagi tugunni echgin. So'zimni anglasinlar. Tilimni mustahkam qil va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqqi qalbimni hidoyat qilgin”.
Virddan uzoqlashtiradi
"Bugun ishlarim ko'payib ketdi, charchab qoldim, ertadan, keyingi oydan, shu haftaning boshidan qoldirmasdan boshlayman", deb kundalik vazifa (vird)laringizni ortga suraverishingiz virdlardan uzoqlashib borayotganingizga dalolat qiladi.
Oz bo'lsada, bardavom bo'lsin
Virdlarni ozginadan bo'lsa ham, davomli ravishda bajarishga harakat qiling. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan "Qaysi amal Alloh uchun eng mahbub?" deb so'rashganda, u zot alayhissalom: "Oz bo'lsa ham, davomlisi", dedilar.
Masalan...
Har kun uchun alohida bir zikrni aytishni o'zingizga vazifa qilib oling. Masalan, bir kun faqat ertayu kech “Subhanallohi va bihamdihi”ni, ertasiga “Laa ilaha illalloh”ni, boshqa kuni salavot ayting. Kun davomida bekorchi-gap so'zlarning o'rniga o'sha zikrni ko'p qilishga odatlaning, adadini ham asta-sekin oshirib boring. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloni har on, har dam, har lahzada zikr qilar edilar”(Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, eng afzal zikr – Qur'ondan ham vazifalar belgilab oling. Masalan, eng kamida bomdod namozidan keyin "Yosin", peshinda "Fath", asrda "Naba'", shomdan so'ng "Voqea", xuftonda "Mulk" surasini o'qishga odatlaning.
Duo
Alloh taolo barchamizni O'zining zokir va qalbi zikr ila orom topuvchi bandalaridan qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Ulamolar biror bir mazhabga ergashish borasida Quron oyatlari va hadisi shariflardan ishoralar keltirib aytishadiki,«...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz» (16:43).
Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda: «Men sizlarning orangizda yana qancha qolishimni bilmayman. Shunday ekan, mendan so‘ng u ikkisi: Abu Bakr va Umarga iqtido qiling» (Termiziy, Ibn Moja, Ahmad), deyilgan.
Imom Muslim «Sahih» asarining sharhlovchisi Imom Navaviy muayyan imomga taqlid qilishning shartligini sharhlab: «Sabab shundaki, mazhablardan birini tanlashga ruxsat berish kishilarni, ular o‘z xohishlariga mos keladigan oson narsaga ergashishiga olib keladi. Ular halol va harom, ruxsat etilgan va man etilgan narsalarning orasidan o‘zlariga mosini tanlaydilar. Bu mazhablar osonlashtirilmagan, tizimlashtirilmagan yoki mashhur bo‘lmagan ilk islom davridan farqli ravishda mas’uliyat tashvishidan ozod qilishga olib keladi. Shular asosida kishi o‘zi qat’iy ravishda amal qiladigan mazhablardan birini tanlashi lozim bo‘ladi», degan .Boshqa manbada: «Bu ummat ijmo qilgan, to‘g‘irlangan, yozib qo‘yilgan to‘rt mazhabdir. Bizning kunimizgacha odamlar unga taqlid qilishib o‘zlarini o‘shandan deb hisoblaydilar. Bunda, ayniqsa, qat’iyatlilik kamaygan, xohishlarimiz ongimizga o‘rnashgan va odamning ahmoqona ehtirosi xuddi fazilat sifatida qaraladigan bugungi kunda, ko‘pgina aniq ustunlik bor», deb yozgan.
Yangi Namangan tumani "Abdulloh ibn Mas’ud" jome masjidi
imom-xatibi Sh.To‘xtabayev