Bir odam aytadi: “Men og'ir vaznli edi. Shifokorim menga ozishni buyurdi. Bir kuni toroziga chiqib qarab, qo'rqib ketdim, vaznim doim shunday turarmikin, hech ozmasmikinman yoki aksincha yanayam semirib ketarmikinman deb vahimaga tushdim. Bir oydan keyin yana o'zimni taroziga tortib ko'rdim, qarasam bir kilogrammga ozibman. Ko'rib ko'zlarim quvnab ketdi. Hursandligimdan “Allohu akbar,Alhamdulillah” deb yubordim. Keyin o'yga botdim, ish bundanda kattaroq bo'lib, shu tarozi qiyomatdagi amallarim tarozisi bo'lganda nima qilardim? Amallarim tortilishini qanday hadik va hayajon bilan ko'rib turardim? Yaxshi amallarim vazni og'irroq bo'larmidi yoki yomon amallarim vaznimi? Bu juda daqiq tarozidirki, eng mayda zarralar ham unda tortiladi: “Biz qiyomat kuni uchun adolat tarozilarini qo'yurmiz. Biror jonga hech qanday zulm qilinmas. Agar (amal) achitqi donasi og'irligicha bo'lsa ham, keltirurmiz. Hisobchilikda O'zimiz kifoya qilurmiz”(Anbiyo surasi, 47-oyat).
Bu tarozining natijasi qog'ozga yozib menga ko'rsatilmaydi, kitoblarda uchib yuradi, kitobimni yo o'ng tarafimdan olaman yoki chap tarafimdan olaman: “Bas, kimning kitobi o'ng tarafdan berilsa, u, mana, mening kitobimni o'qib ko'ringlar... Albatta, men hisob-kitobimga yo'liqishimga ishonardim, deydir. Bas, u rozilik hayotidadir. Oliy jannatdadir. Uning mevalari yaqindir. O'tgan kunlarda qilgan narsalaringiz tufayli englar va ichinglar, osh bo'lsin. Va ammo kimning kitobi chap tarafdan berilsa, u, voy sho'rim, koshki menga kitobim berilmasa edi. Va hisob-kitob qandoqligini bilmasam edi. Qani (bu dunyodagi o'lim) oxirgisi bo'lsa edi”(Haqqo surasi,19-27-oyatlar).
Hayotdaku vazningiz ortib ketganini bilsangiz, tezda sa'y-harakat qilib, shirinliklar, yog'li ovqatlar eyishni to'xtatib, sport bilan shug'ullanib ozishga harakat qilishingiz va buning uddasidan chiqishingiz mumkin. Lekin oxiratda-chi?! Amallaringiz tarozisi yomon natija ko'rsatayotganini ko'rsangiz: “Afsuski, (oxirat) hayotimga ham biror narsa taqdim qilsam bo'lar ekan”(Fajr surasi, 24-oyat) deyishdan uyog'iga o'ta olmaysiz.
Shu gunohlarga qo'l urmaganimda edi, gunohlarni istig'for aytib o'chirib yurganimda edi, tilimni, qulog'imni, ko'zimni Alloh harom qilgan hamma narsadan tiyganimda edi, deb qolasiz! Lekin bu o'kinchlar foyda beradimi?!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Olmaota shahrida O‘zbekistonning “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashabbusi bilan xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, ziyoratchilar oqimini O‘zbekistonga jalb etish hamda “Umra plyus” dasturi doirasida yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.
Yarmarkada 50 nafarga yaqin xorijiy hamkorlar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sohasida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston, Hindiston, Afg‘oniston va Belarus konsullik idoralari vakillari ham qatnashib, xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir doirasida “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yirik turoperatorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, “Umra plyus” dasturi doirasida 2026 yil yakuniga qadar qariyb 10 ming nafar ziyoratchining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, turistik xizmatlar eksportini oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizga xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu yarmarka O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy turoperatorlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir so‘nggida Bosh konsulxona vakillari tomonidan faol ishtirokchilar va hamkorlarga “Umra plyus” xalqaro turizm yarmarkasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati