G'amga tushib qolsangiz, Alloh taoloning quyidagi oyatini o'qib, tafakkur qiling: “Menga Allohning O'zi etarli. Undan o'zga ibodatga sazovor Zot yo'q, Unga tavakkal qildim, U ulug' arshning Robbidir”.(Tavba surasi, 129-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimda kim tong otganda va kech kirganda: “Menga Allohning O'zi etarli. Undan o'zga ibodatga sazovor Zot yo'q, Unga tavakkal qildim, U ulug' arshning Robbidir”, deb etti marta aytsa, Alloh uning g'amlariga O'zi kifoya qiladi”.
Savdo qilsangiz yoki qarzdor bo'lib qolsangiz, “Laa ilaaha illalloh va laa havla va laa quvvata illaa billaah”, deb zikr qiling. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Laa havla va laa quvvata illaa billaah”ni ko'p aytinglar, chunki bu jannat xazinalaridan bir xazinadir”, deganlar.
Mahzun bo'lsangiz ushbu oyatni o'qing: “Albatta, men dardu hasratimdan faqat Allohning O'ziga shikoyat qilmoqdaman”(Yusuf surasi, 86-oyat).
Hayotingizda muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz mana bu oyatni o'qing va ma'nosini anglab, amal qiling: “Mening muvaffaqiyatim faqat Allohga bog'liq. Ungagina tavakkal qildim. Ungagina qaytaman”(Hud surasi, 88-oyat)
Darslardan charchasangiz quyidagicha duo qiling: “Ey Alloh, menga dunyo-yu oxiratda eng oliy darajalarni nasib etgin”.
Dunyo g'amlaridan charchasangiz, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'rgatgan ushbu duoni o'qing: “Ey Alloh, dunyoni eng katta g'amimiz, ilmimizning mablag'i (maqsadi) qilib qo'yma”.
Namozlarni dangasalikdanmi yoki boshqa biror sababdanmi vaqtida o'qimay yurgan bo'lsangiz mana bu oyatdagi duoni o'rganing va shu duoni takror-takror qilib yuring: “Ey Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to'kis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoni qabul etgin”(Ibrohim surasi, 40-oyat).
Uylana olmay yurgan bo'lsangiz yoki farzand ko'rmayotgan bo'lsangiz, ayting: “Ey Robbim, meni yolg'iz tashlab qo'yma, Sen, O'zing vorislarning eng yaxshisisan” (Anbiyo surasi, 89-oyat).
O'zingizni yolg'iz his qilsangiz: “Menga O'z huzuringdan yordam beruvchi quvvat ato et” (Isro surasi, 80-oyat), deb duo qiling.
Ishlaringiz qiyinlashib ketsa: “Ey Robbim, mening qalbimni keng qil. Mening ishimni oson qil” (Toha surasi 25-26 oyatlar), deb iltijo qiling.
Qalbingizda kimgadir nisbatan nafrat bor bo'lsa, “Ey Alloh, meni g'azabini yashiruvchi, odamlarni kechirib yuboruvchilardan qilgin”, deb duo qiling.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.