Dinimizda ba'zi amallar borki, ularga hajning savobi beriladi. Albatta, hech bir amal haj ibodatining o'rnini bosa olmaydi. Lekin Allohning rahmati va fazli keng. O'zining roziligini topish imkoniyat va yo'llarini bandalariga oson qilib qo'ygan.
1. Masjidga tahorat olgan holda borish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim farz namozni o'qish uchun tahorat olgan (pok) holda (masjidga) chiqsa, uning ajri ehromdagi hojining savobiga tengdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
2. Zuho namozini o'qish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Kim bomdodni jamoat bilan o'qisa, so'ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o'tirsa, keyin ikki rakat namoz o'qisa, uning uchun haj va umraning ajri to'liq, to'liq, to'liq beriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ota-onaning yuziga qarash.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ona-otasining yuziga rahmat bilan boqqan kishiga haj va umraning savobi yoziladi”, dedilar. “Kunda ming marta boqsa ham shundaymi?” deb so'radilar. “Kunda yuz ming marta boqsa ham”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
4. Ilmga intilish.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki erta bilan masjidga faqatgina ilm o'rgangani yoki o'rgatgani borsa, unga to'liq haj amalining savobi beriladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
5. Yaxshi niyat qilish.
Uzun rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “....Yana boshqa bir bandaga Alloh boylik ham, ilm ham bermaydi, shunga qaramay, agar menda ham boylik bo'lganida falonchining amalini qilardim, deydi. Bas, u niyatiga yarasha oladi...” (Imom Termiziy rivoyati).
6. Ota-onaning roziligini topish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jihodda ishtirok etishni istayman, lekin bunga hech qodir bo'la olmayapman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan: “Ota-onangdan birortasi hayotmi?” deb so'radilar.
U: “Onam hayot”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang borasida Allohdan qo'rq (ya'ni unga yaxshilik qil). Shunday qilsang haj, umra va jihod qiluvchi bo'lasan...” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
7. Shom namozini jamoat bilan ado etish.
Uqba ibn Abdulg'ofir rahimahulloh aytadilar: “Shom namozini jamoat bilan o'qish hajga, bomdodni o'qish esa umra namoziga tengdir”.
8. Qurbon hayiti namozini ado etish.
Ibn Rajab rahimahullohdan rivoyat qilinadi. Sahoba Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar: “Ramazon hayiti namoziga qatnashning ajri (savobi) umraning ajri bilan barobardir. Qurbon hayiti namoziga borish esa haj savobiga tengdir”.
Davron NURMUHAMMAD
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati