Rukudan avval va rukudan keyin qo'l ko'tarish masalasi. Hanafiy va Molikiy mazhab ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki ikkinchi rakatning qiyomiga turganda qo'l ko'tarilmasligini aytadilar (buni raf'ul-yadayn masalasi ham deyiladi). Bu so'zlariga quyidagi hadisni dalil qilal
Samura roziyallohu anhudan rivoyat qili. nadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga chiqib: “Nimaga sizlarning ikki qo'llaringizni qaysar otning dumiga o'xshab ko'tarayotganingizni ko'ryapman?! Namozda sokin turinglar” dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Asvaddan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Hattobning avvalgi takbirda ikki qo'lini ko'targanini ko'rdim. Keyin buni qaytarmadi” (Imom Tahoviy rivoyati).
Imom Abu Ja'far Tahoviy aytadilar: “Aliy roziyallohu anhuning avvalgi takbirdan boshqa o'rinlarda qo'l ko'tarishni tark qilganlari sahihdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan keyin bu ishni qilishlari, u kishining nazdida namozda qo'l ko'tarish hadisining nasxligi (bekor bo'lgani) sobit bo'lganligi sabablidir”.
Termiziy rivoyat qiladi: «Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga Rasulullohu alayhi va sallamning namozlarini o'qib
beraymi?” deb namoz o'qidi. Ikki qo'lini birinchi martada ko'targandan boshqa ko'tarmadi”».
Biz xanafiylar takbiri tahrimadan boshqa o'rinlardagi qo'l ko'tarishni nasx (hukmi bekor) bo'lgan deb aytamiz. Ma'lumki, agar ikkita sunnat bir-biriga karama-qarshi kelib qolsa, bu borada sahobalarning so'zlari va amallari ustun qo'yiladi. Agar ularning so'zlari va amallari ixtilofli bo'lsa, qiyos ustun qo'yiladi. Bu masalada qiyos qo'lni ko'tarmaslikni taqozo qiladi. Chunki namozda a'zolar sokin va xushu'li bo'lishi kerak.
Saydulloh G'aniyev,
Uychi tuman "Islom nuri" jome msjidi imom xatibi
Men ish stolimga o‘tirib, o‘yga tolib qoldim. Ko‘zlarim birdan qog‘ozlar ustidan turgan qandaydir kichik bir narsani ko‘rib qoldi, u kunjut donasiday kichik edi. O‘zimcha: "Farrosh stolni yaxshi tozalamagan ko‘rinadi", deb o‘yladim. Barmoqlarimni uzatib, uni chetga surib tashlashga urindim. Ammo o‘sha "kunjut donasi" qo‘limdan qochib, havoda uchib ketdi. Shunda tushundimki, bu kichkina kapalak ekan. Ehtimol, u uxlayotgan yoki horg‘in holda dam olayotgan bo‘lgan, mening qo‘lim yaqinlashganini his qilganida uchib ketdi. Qizig‘i, men uning qanotlarini ham ko‘ra olmadim. Uning qanotlari shu qadar nozik ediki, go‘yo ko‘zga ko‘rinmas edi! Hatto uning boshi qayerda, dum qismi qayerda – buni ham ajratish qiyin. Unda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha tizimlar mavjud, ammo inson ko‘zi ularni ko‘ra olmaydi.
O‘zimcha o‘yladim: "Ammo uning Yaratuvchisi uni ko‘radi, oziqlantiradi, suv berib yashash uchun kerak bo‘lgan barcha narsa bilan ta’minlaydi!".
Shundan so‘ng fikrlarim uzoqqa ketdi. Shu kichkina kapalaklarni yaratib, havoda parvoz qildirgan Zot osmon ishlarini ham bir zum bo‘lsa-da nazoratsiz qoldirmaydi. U uchish qobiliyatini faqat kapalaklarga emas, balki katta sayyoralarga ham o‘z orbitalari atrofida aylanish qobiliyatini ato etgan. Sayyoralar o‘z yo‘lidan og‘ishmaydi ham, chalkashmaydi ham. Alloh taoloning bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, Uni boshqa ishdan chalg‘itmaydi.
Alloh taolo aytadi: "U (bir vaqtning o‘zida) yerga kirib boradigan va u yerdan chiqib keladigan, osmondan tushadigan va unga chiqib ketadigan narsalarni biladi. U rahimli va mag‘firatli Zotdir" (Saba surasi, 2-oyat).
O‘zimga savol berdim: "Nega men bu kichik kapalak haqida buncha o‘yladim?".
Bilganimizdek, SPID virusi (OIV) kapalakdan yetmish ming marta kichik bo‘lsa-da, gunohkorlarning taniga kirib, ularni quvvatsizlantiradi, shifokorlarni ojiz qoldiradi va ilmni ham lol qoldiradi.
Biz insonlar uchun Allohning yaratish hikmatini kuzatib, Uning sifatlarini bilib olish juda zarur. Biz oldimizdagi, ortimizdagi, ustimizdagi va ostimizdagi barcha narsalarning yaratilish sirlarini o‘rganishga muhtojmiz. Agar biz bir-birimiz bilan Allohning yaratish qudrati va uning asarlari haqida suhbatlar qursak, mana shu majlislar farishtalar izlaydigan zikr majlislari bo‘ladi. Bunday majlislarga farishtalar quvonch bilan ishtirok etishadi.
Hadisi qudsiyda bunday deyiladi:
"Allohning shunday farishtalari borki, ular yer yuzini kezib, zikr ahlini qidirishadi. Agar Allohni zikr qilayotgan bir qavmni ko‘rsalar, bir-biriga: "Kelinglar, sizlar qidirganlar bu yerda!" – deb aytadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Farishtalar ularni o‘z qanotlari bilan osmongacha o‘rab oladilar".
Alloh taolo farishtalardan so‘raydi (holbuki U hammasini yaxshi biladi):
– "Bandalarim nima deyishmoqda?"
Farishtalar:
– "Senga tasbeh aytishmoqda, Seni ulug‘lashmoqda, Senga hamd aytishmoqda va Seni buyuk deb bilmoqdalar", – deb javob berishadi.
Alloh taolo so‘raydi:
– "Meni ko‘rganmilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Yo‘q, ular Seni ko‘rgan emaslar".
Alloh taolo aytdi:
– "Agar meni ko‘rsalar, nima qiladilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Agar Seni ko‘rsalar, ular yanada kuchliroq ibodat qilishar, Seni yanada ko‘proq ulug‘lashar, yanada ko‘proq hamd aytishar va yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi"...
Allohni yaqindan tanish uchun tafakkur qilish ibodatlarning eng a’losi va asosiy ko‘rinishidir. Qur’onda bunday deyiladi: "(Ular) Allohni tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollarida ham zikr qilishadi va osmonlaru yerning yaratilishi haqida tafakkur qilishadi: "Ey Parvardigorimiz, Sen bu (osmonlaru yerni) behuda yaratgan emassan. Seni (bunday nuqsonlardan) pok deb bildik. Bizlarni do‘zax azobidan saqla", deb duo qilishadi (Oli Imron surasi, 191-oyat).
Zikr – bu ong va aqlning jiddiy vazifasi, u kishini yerdan osmonga ko‘taradi. Hozirgi zamon kishilari ikki toifaga bo‘linadi: bir toifasi Allohni tan olmaydigan ateistlardir, ular bir kuni Alloh bilan ro‘baro‘ bo‘lishlariga ham ishonmaydilar. Ikkinchi toifasi esa, Allohni zikr qilishni bilmaydigan va buni o‘zgalarga o‘rgata olmaydigan musulmonlardir. Ular Allohni taniydilar, ammo bu tanish faqat yuzaki bo‘lib, ularning na qalblarini poklaydi va na tarbiyalarini to‘g‘rilaydi.
Shayx Muhammad G‘azzoliyning "Achchiq haqiqat" kitobidan
Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi