Gohida baxt deb qidirgan, saodat shunda deb bilgan ishingiz amalga oshmay qoladi. Shunaqa vaqtda bilingki, rozi bo'lish, qanoat qilish sizni eng baxtli inson qiladi. Robbingizning taqdiridan rozi bo'lishingiz Robbingizni sizdan rozi qiladi. Axir Allohning roziligidanda yuqoriroq maqsad bormi?!
Bir kuni baxtdan so'rashibdi: “Ey baxt, sen qayerda yashaysan?”.
U debdi: “Allohning qazoyu qadariga rozi bo'lganlarning qalbida!”.
- Nimadan ozuqa olasan?
- Ulardagi iymonning quvvatidan.
- Nima sababli ularda mudom turasan, ketib qolmaysan?
- Ularning Allohga chiroyli gumon qilishlari tufayli.
- Sening shioring qanday?
- Hech bir jonga Alloh taqdir qilib bitgan narsadan boshqasi tegmaydi. Faqat Alloh taqdir qilgan narsagina sodir bo'ladi.
Mo'min-musulmon banda “Dunyodagi barcha narsa Allohning mulki. Alloh xohlagan ish bo'ladi, xohlamagani bo'lmaydi”, deb ishonadi. Shuning uchun har qanday holatda: farovonlik vaqtida ham, boshiga musibat tushganida ham Allohning hukmiga rozi bo'ladi.
Bo'ladigan har bir ish taqdirda yozib qo'yilgan ekan, endi banda boshiga bir ish tushsa, qo'lidan ne'mat ketsa, buning uchun ortiqcha xafa bo'lish, g'amga botish, “Bunday qilganimda unday bo'lardi”,“Bu ishni qilmaganimda shuncha tashvishga qolmasdim”, deb nadomat chekish to'g'ri emas. Alloh banda peshonasiga yozgan narsadan qochib-qutulish iloji yo'q.
Shuningdek, Alloh banda biron ne'matga erishishini, yutuqni qo'lga kiritishini taqdir qilganmi, demak, bu ish ham aniq bo'ladi. Bu – bandaning sa'y-harakati, jiddu jahdi bilan emas, Allohning fazli, taqdiri, rizqlantirishi bilan yuz beradi. Shuning uchun farovonlikka etishganda haddidan oshish, o'zini yo'qotib qo'yish ma'qul emas.
Boshiga musibat tushganida “Agar unday qilganimda bunday bo'lardi” yoki “Unday qilmaganimda bunday bo'lmasdi”, deb afsuslanadiganlar ham bor. Bu borada mo'min banda qanday yo'l tutishi kerakligi quyidagi rivoyatda aytilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kuchli mo'min Alloh uchun zaif mo'mindan yaxshiroq, sevimliroqdir. Ikkovida ham yaxshilik bor. (Shunday ekan) o'zingga foydali narsalarga tashna bo'l, Allohdan yordam so'ra, ojiz qolma! Agar senga biron (kor-hol) etsa, “Agar unday qilganimda...” dema, balki “Qodarullohi va maa shaa-a fa'al” (ya'ni, Allohning taqdiri ekan. U Zot nimani istasa, o'shani qiladi) deb ayt. Zero, “agar” (so'zi) shaytonga (yangi) ish ochib beradi” (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.