Bismillahir Rohmanir Rohiym
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti kuni g'usl olardilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kuni va Qurbon hayiti kuni g'usl qilar edilar”(Ibn Moja rivoyati).
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa emasdilar.
Burayda roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni taomlangunlaricha (fitr namoziga) chiqmas edilar va Qurbonlik kuni namoz o'qigunlaricha taomlanmas edilar”(Imom Termiziy rivoyati).
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga piyoda yurib borardilar.
Abu Rofe' roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar”(Ibn Moja rivoyat qilgan).
- Masjidga ketishda Allohni zikr qilardilar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam to namozgohga borgunlaricha takbir aytar edilar” (Imom Hokim rivoyati).
- Hayit namozidan oldinnafl namoz o'qimas edilar.
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namozidan oldin hech narsa o'qimas edilar, manzillariga qaytganlarida ikki rakat namoz o'qir edilar” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
- Masjidga bir yo'ldan borib, boshqa yo'ldan qaytar edilar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayit kuni (borish va qaytish) yo'llarini boshqa-boshqa qilar edilar”(Imom Buxoriy rivoyati).
- Hayit namozidan so'ng qurbonlik qilardilar.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim namozdan oldin kurbonlik qilsa, u o'ziga qo'y so'yibdi. Kim namozdan keyin so'ysa, kurbonligini mukammal qilibdi va musulmonlarning sunnatini topibdi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizni har bir ishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga egashuvchilardan qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati