Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi mamlakat Milliy banki bilan hamkorlikda Haj va umra ziyoratchilari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Nusuk Wallet” nomli birinchi xalqaro raqamli hamyonni ishga tushirdi. Bu haqda “IQNA” sayti “Golf News” ga tayanib xabar berdi.
Nusuk hamyoni o'tgan seshanba kuni Haj va umra vaziri Tavfiq ar-Rabia' ishtirokida rasman ishga tushirildi.
Ushbu innovatsion raqamli hamyon ziyorat safarlari paytida moliyaviy ishlar va xarajatlarni boshqarish uchun keng qamrovli echimni taklif etadi. “Nusuk Wallet” foydalanuvchilarning moliyaviy operatsiyalari uchun maksimal xavfsizlikni ta'minlash uchun ilg'or texnologiya va shifrlash usullaridan foydalanadi.
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining Raqamli tajriba bo'yicha direktori Ahmad bin Sulaymon Al-Maymen ushbu harakat muhimligini ta'kidlab, uni oltita asosiy yutuq keltiradigan burilish nuqtasi deb atadi.
Al-Maymen ta'kidlaganidek, hamyoni zamonaviy texnologiyalarning foydalanuvchi funktsiyalari, jumladan, sun'iy intellekt, shifrlash va biometrik autentifikatsiya kabi ilg'or funktsiyalarga ega.
Qayd etish joizki, bu Haj va umra ziyoratchilari uchun mo'ljallangan birinchi xalqaro raqamli hamyon va bank kartasi bo'lib, ularning egalari uchun qulaylik va xavfsizlikning yangi davrini ochadi. Raqamli hamyon - bu elektron to'lovlar, chiptalar va elektron hujjatlarni sotib olish uchun ishlatiladigan onlayn xizmat yoki dastur hamdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!
Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!
Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!
Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!
Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!
Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!
Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].
Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].
Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun rozi bo‘lur...»[4].
Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.
Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: “Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].
Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 152-oyat.
[2] Niso surasi, 147-oyat.
[3] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4] Zumar surasi, 7-oyat.
[5] Ibn Hibbon rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.