Ozod va obod, farovon va taraqqiyot sari yuz tutgan yurtga bayramlar yarashadi. Illo, har bir bayramning o'zgacha shukuhi, fayzi bo'ladi. Qurbon hayiti o'zining tarovati, fazilatlari bilan xalqimiz ko'nglidan chuqur joy olgan. Shu bois bu bayram asrlar sinovidan bezavol o'tib, milliy qadriyatlarimizdan biriga aylanib ketgan.
Qurbon hayiti so'nggi yillarda mamlakatimizda ko'tarinki ruhda, yuqori saviyada o'tkazilmoqda. Chunonchi, mana shu ayyom arafasida Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlarini qabul qilinib, bayramni keng nishonlash vaziflari belgilab beriladi.
Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug' kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so'ng birinchi o'rinda ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug'larimiz va yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat qilamiz. Ularning ko'nglini ko'tarishga harakat qilamiz.
Qurbonlik qilish Yaratganning bergan ne'matlarining shukronasini ado etish va nafsoniy illatlardan poklanish hamda bandaning Yaratuvchisi amriga itoati va taqvosini namoyon etadi.
Nabiy alayhissalom: “Kimki xursandchilik bilan savob umidida qurbonlik qilsa, qurbonlik u uchun do'zaxdan parda bo'ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Bu ulug' bayram kunlari ko'ngillarimiz ravshan, kayfiyatlarimiz chog', nigohlarimiz muqaddas Ka'baga qaragan. Yaratganning fazlu karamidan umidvor holda hayit namozini ado etganimizdan so'ng qurbonlik amalini bajarishga kirishiladi.
Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go'shtidan so'ygan odamning o'zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo'ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko'ra muomala qiladi. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj, 37).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o'qib, qurbonlik so'ygan mo'minlar mening ummatimdandir”, – deganlar.
Qurbonlik so'yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so'ng so'yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo'l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o'tgan gunohlaring mag'firat qilinur”, - dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?”, - dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo'q, musulmonlarga umumiy”, - deb javob berdilar.
Hayit xursandchilik bayramidir. Ushbu bayramda ota-ona va farzandlarga sovg'a ulashib, ularni quvontirish, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilish, ularga hadya berib qalblariga surur bag'ishlash dinimiz targ'ib qilgan amallardandir.
Hayit kuni dinimizda ruxsat etilgan, ko'ngilni ko'taradigan barcha ishlarni qilish bilan qalbga orom berish kerak.
Ba'zi joylarda hayit kunlari isrofgarchilikka sabab bo'ladigan turli marosimlar o'tkazish yomon an'anaga aylanib qolgan. Bu shariatimizda yo'q. Yaqinlari vafot etgan xonadonlardagi, nikoh to'ylari o'tgan oilalardagi “yangi hayit”, “hayit yo'qlovi” kabi marosimlar bid'atdan boshqa narsa emas. Hayit kunidagi isrofgarchiliklar, xursandchilik bayramini aza va yig'i-sig'iga aylantirishlar musulmonlarga munosib emas. Unga ketadigan mablag'larni va ne'matlarni muhtojlarga, faqir-miskinlarga, etim-esir, beva-bechoralarga tarqatishdan xayrliroq ish bo'lmasa kerak!
Hayit bayrami kunida qarindosh-urug'larni borib ko'rish, yoru birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish kabi ishlar ushbu kunda savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Biror sababga ko'ra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar ham huddi shu muborak ulug' kunlarda bir-birlariga quchoq ochsalar, o'zaro uzr so'rasalar maqsadga muvofiq bo'ladi. Chunki kechirimli va mehr-shafqatli bo'lish har bir musulmon uchun ham qarz, ham farzdir.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tumani «Imom Sulton» jome masjidiimom xatibi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati