Ilgari bolalar esini taniguncha alla eshitardi. Allada go'zal tuyg'ular kuylanadi. O'zimiz guvohmiz, alla eshitib katta bo'lgan bola har jihatdan to'kis ulg'ayadi. Allaning o'ziga xos joziba, tarovati bo'lib, murg'akning qalbiga yaxshilikni singdiradi.
Afsuski, bugun bolalarga alla aytish o'rniga qo'l telefon, televizor pul'tini berib qo'yyapmiz. Bundan farzandlarimiz ham aziyat chekyapti.
Bolaga ikki-uch yoshidayoq qisqa-qisqa ibratli hikoyalarni o'qib berish – koni foyda. Uni o'qishga, ilm olishga, teran fikrlashga o'rgatadi. Ota-bobolarimiz, momolarimiz shunday qilishgan. Endi-chi, to'g'risi, oiladagi mutolaa udumidan uzoqlashib ketdik. Ammo so'nggi yillarda davlatimiz rahbarining alohida e'tibori tufayli yoshlar o'rtasida kitobxonlik madaniyati yanada ravnaq topmoqda. Kitob o'qigan sharaflanmoqda, rag'batlantirilmoqda. Masalan, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Eng kitobxon oila” kabi ko'rik-tanlovlar o'tkazilyapti. Eng bilimdon yoshlarimizga esa qimmatbaho buyumlar va hatto avtomobil' sovg'a qilinmoqda.
Albatta, ota-onalarimiz bolalarning ta'lim-tarbiyasi bilan yanada qattiqroq shug'ullanishlari shart. Ba'zan oynai jahonda ko'rib qolaman, yosh yigitlar turli bezoriliklar, jinoyatlar qilishmoqda. Ularning qabih ishlarga qo'l urishiga nima sabab bo'lmoqda? Albatta, tarbiya masalasiga jiddiy e'tibor qaratmayotganimiz tufayli shunday bo'lmoqda. Bejiz Abdulla Avloniy bobomiz: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deya ta'kidlamagan.
Agar farzandga murg'aklik davridanoq halol-harom, yaxshi-yomon, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilishdek xalqimizning ming yillik qadriyatlarini qulog'iga quyib borsa, albatta, yaxshi inson bo'lib ulg'ayadi.
O'z o'rnida farzand katta bo'lgach, ota-onasi oldida ham bir talay burch va vazifalari bo'ladi. Ularni astoydil ado etish farzandni saodatga etaklaydi. Jumladan, o'g'il-qiz ota-onasiga umrbo'yi yaxshilik qilishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: «Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga “Tubo” bo'ladi, Alloh uning umrini ziyoda qiladi» (Imom Abu Ya'lo va Imom Tabaroniy rivoyati).
Hadisdagi “tubo” so'zini ulamolar jannat va yaxshilik ma'nolarida deganlar. Ya'ni ota-onasiga yaxshilik qilgan farzand oxiratda jannat bilan mukofotlanadi. Bunday solih farzandning umri barakaga to'ladi.
Ayniqsa, ota-ona keksalik yoshiga etganida, ularga yaxshilik qilish dinimizda muhim amallardan sanaladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «“Burni erga ishqalansin, burni erga ishqalansin, burni erga ishqalansin”. “Kim (ning burni erga ishqalsin), ey Allohning Rasuli?” deyildi. U zot: “Keksa ota-onasining biri yoki har ikkalasi (bilan birga yashash baxti)ga erishgan, so'ngra jannatga kirmagan kimsa(ning burni erga ishqalsin)”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Farzand ota-onasini ulug'lash, ularga itoat etish, duolarini olib yurishdek buyuk baxtdan mahrum bo'lmasligi zarur. Bu hurmat va ehtirom uni bu dunyoda ham, oxiratda ham aziz va mukarram qiladi.
Matluba hoji ona OChILOVA
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV