Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Giyohvandlik – kelajak kushandasi

04.10.2023   809   3 min.
Giyohvandlik – kelajak kushandasi

Hozirda ayrim kimsalar o'z joni, moli, jamiyatdagi mavqelariga katta zarar keltiruvchi illatlarga mubtalo bo'lishmoqda. Shulardan bir – “asr vabosi” deya nom olgan giyohvandlik balosidir. Giyohvandlik insonni Alloh buyurganiday halol yashashdan mahrum etadi, oilasini parokandalik botqog'iga otadi, sog'ligiga jiddiy putur etkazadi, o'zini esa jinoyat yo'liga boshlaydi. Eng fojialisi, inson o'ziga Alloh bergan hayot ne'matining zavolga uchrashiga, erta o'lim topishiga sabab bo'ladi.

Bugungi kunda giyohvandlik balosi chegara, o'lchov, miqyos bilmaydigan bir holatga keldi. Uning kasofatidan Yer yuzida ko'plab insonlar hayot bilan erta vidolashmoqda, sog'lig'idan ajramoqda, oilalar buzilib, giyohvandlik bilan bog'liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Hususan, yoshlarga oldiniga shunchaki ko'ngilxushlik, oddiy qiziqish, bolalarcha ermak bilan boshlangan “giyohdan bir totib qo'yish” keyinchalik unga batamom ruju qo'yishga olib kelmoqda.

Ma'lumki, yoshlar o'rtasida giyohvandlikning tarqalishi  katta yoshdagilar o'rtasida  tarqalishidan ko'ra xatarliroqdir. Aholining bu qatlami giyohvandlikka  qancha berilsa, jamiyat kelajagi shuncha xavf-xatar ostida bo'ladi. Tajribalar shuni ko'rsatadiki, giyohvandlikka  ilk bor qadam qo'yish ko'proq 11-17 yoshlar orasida kuzatiladi.

Islom dinida o'ziga ham, o'zgaga ham zarar etkazish qattiq qoralanadi. Giyohvandlikka uchraganlar esa har ikki holatdagi zararda ham aybdordirlar. Alloh taolo insonga bejizga aql-idrok va fahm-farosatni ato etmagan. U aql yordamida nima zararu nima foyda ekanini aniqlashi, zarardan uzoqda bo'lishi talab etiladi.

Alloma Ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoi islomiyya” asarida inson salomatligi va jamiyat hayotiga giyohvandlik illati etkazadigan 120 xil jiddiy zarar sanab o'tgan.      

 Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar alayhissalom: “Mast va aqlni karaxt qiluvchi har bir narsaning harom” ekani haqida ogohlantirganlar. Ibn Siriyn rahmatullohi alayh: “O'zini halokatga otish Alloh taoloning rahmatidan umidsizlik belgisidir”, deganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan qudsiy hadisda Alloh taolo bunday marhamat etgan: “Bandam o'zini o'zi o'ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”.

Qisqasini aytganda, giyohvandlik har qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga katta to'siqdir. Shu bois bu illatga  qarshi turish har birimizning burchimizdir.

Hayrullo Mardonov,
 Imom Termiziy o'rta maxsus
islom ta'lim muassasasi direktori o'rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   1203   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.