Afrikaning markazida joylashgan Chad davlati qadimiy madaniyat o'chog'idir. Bu diyor o'ziga xos cho'llari, vohalari va keng yaylovlari bilan kishilar e'tiborini tortadi. Iqlimi issiq va yog'ingarchilik deyarli kuzatilmaydi.
Bu o'lka etnik guruhlar, tillar va an'analar markazi bo'lib, boy madaniy xilma-xillikka ega. Aholisining oltmish foizi musulmon. Chad xalqi samimiy va mehmondo'stdir.
Islom dinining bu diyorga kirib kelishi sahoba Uqba ibn Nofiy roziyallohu anhu nomi bilan bog'liq. U xalifa Umar roziyallohu anhu hukmronligi davrida Liviya, Tunis, Jazoir va Marokash kabi mamlakatlarni fath qilgan. Uning avlodlari hozir ham Chadda istiqomat qiladi.
Bu diyorda Islomning keng tarqalishiga IX asrda Shimoliy Afrikadan kelgan arab va berber (Afrika qabilasi) savdogarlari sababchi bo'lgan. Keyinchalik Kanem-Bornu imperiyasi mintaqaga Islomning yoyilishida muhim rol' o'ynadi.
Chadliklar tijorat maqsadida turli musulmon mamlakatlarida bo'lib, u erning yashash tarzi, madaniyati, ziroatchiligi, savdo-sotiq, din ishlarini va boshqa ilmlarni egallashga kirishdilar.
Chadliklar odatda ota-ona, farzandlar va bir nechta yaqin qarindoshlari bilan birgalikda yashaydilar. Ularning urfiga ko'ra, oilada barcha mas'uliyat o'g'il farzand bo'ynida. U oilaning sha'ni va xavfsizligiga javobgar sanaladi.
Chorvachilik chadliklarning asosiy daromad manbaidir. Ularning uy-joylari asosan chodirlar va qamishlardan yasaladi. Bu bir hududdan boshqa hududga ko'chishda qulaydir. Mamlakatning janubiy qismida aholi dehqonchilik bilan mashg'ul. Unumdor erlar asosan vohalarda joylashgani bois bu er aholisi o'troqlashgan.
Shuningdek, chadliklar tajribali savdogardir. Ular Markaziy Afrika mamlakatlari bilan chorva mollari, meva, sabzavotlar va qimmatbaho toshlar savdosini keng yo'lga qo'ygan.
Janubdagi oilalar odatda yaqin qarindoshlari – opa-singillari va aka-ukalari bilan bitta tom ostida yashaydilar. Uylar shunga yarasha katta qilib bunyod etiladi. Har bir oila a'zosining shaxsiy xonasi bo'ladi. Qizig'i, kattalar bir dasturxon atrofiga yig'ilmaydilar. Erkaklar va ayollar alohida ovqatlanishadi.
Chadliklar milliy an'analarni va udumlarni e'zozlovchi xalq. Shimoliy mintaqalarda diniy marosimlar to'liq ado etiladi. Janubdagi ba'zi qabilalar suhbatdoshning ko'ziga qarashni odobsizlik deb bilishadi. Ovqatni doim o'ng qo'l bilan eydilar. Chap qo'lda ovqatlanish uyat hisoblanadi. Mehmonlarga sovg'a ulashish ular uchun odatga aylangan.
Mamlakat bo'ylab boy madaniy meros va diniy uslublarni uyg'unlashtirgan ko'plab inshootu masjidlarda bejirim ishlangan naqqoshlik asarlarini ko'rish mumkin. Chad poytaxti Njamena shahridagi “Buyuk masjid” shaharning bosh jomesidir.
Chadda diniy va dunyoviy ta'lim beruvchi maktablar hamda arab tilini o'rganish markazlari bor. Bu ta'lim muassasalari kerakli bilimlarni va milliy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashda, ularni kelajak avlodga etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shohrux UBAYDULLAYeV
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).