Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Bepoyon cho'llar, keng yaylovlar o'lkasi

25.06.2024   3601   4 min.
Bepoyon cho'llar, keng yaylovlar o'lkasi
 

Afrikaning markazida joylashgan Chad davlati qadimiy madaniyat o'chog'i­dir. Bu diyor o'ziga xos cho'llari, vohala­ri va keng yaylovlari bilan kishilar e'ti­borini tortadi. Iqlimi issiq va yog'ingarchilik deyarli kuzatilmaydi.

Bu o'lka etnik guruhlar, tillar va an'analar markazi bo'lib, boy madaniy xilma-xillikka ega. Aholisining oltmish foizi musulmon. Chad xalqi samimiy va mehmondo'stdir.

Islom dinining bu diyorga kirib kelishi sahoba Uqba ibn Nofiy roziyallohu anhu nomi bilan bog'liq. U xalifa Umar roziyallohu anhu hukmronligi davrida Liviya, Tunis, Jazoir va Marokash kabi mamlakatlarni fath qilgan. Uning avlodlari hozir ham Chadda istiqomat qiladi.

Bu diyorda Islomning keng tarqalishiga IX asrda Shimoliy Afrikadan kelgan arab va berber (Afrika qabilasi) savdogarlari sababchi bo'lgan. Keyinchalik Kanem-Bornu imperiyasi mintaqaga Islomning yoyilishida muhim rol' o'ynadi.

Chadliklar tijorat maqsadida turli musulmon mamlakatlarida bo'lib, u erning yashash tarzi, madaniyati, ziroatchiligi, savdo-sotiq, din ishlarini va boshqa ilmlarni egallashga kirishdilar.

Chadliklar odatda ota-ona, farzandlar va bir nechta yaqin qarindoshlari bilan birgalikda yashaydilar. Ularning urfiga ko'ra, oilada barcha mas'uliyat o'g'il farzand bo'ynida. U oilaning sha'ni va xavfsizligiga javobgar sanaladi.

Chorvachilik chadliklarning asosiy daromad manbaidir. Ularning uy-joylari asosan chodirlar va qamishlardan yasaladi. Bu bir hududdan boshqa hududga ko'chishda qulaydir. Mamlakatning janubiy qismida aholi dehqonchilik bilan mashg'ul. Unumdor erlar asosan vohalarda joylashgani bois bu er aholisi o'troqlashgan.

Shuningdek, chadliklar tajribali savdogardir. Ular Markaziy Afrika mamlakatlari bilan chorva mollari, meva, sabzavotlar va qimmatbaho toshlar savdosini keng yo'lga qo'ygan.

Janubdagi oilalar odatda yaqin qarin­doshlari – opa-singillari va aka-ukalari bilan bitta tom ostida yashaydilar. Uylar shunga yarasha katta qilib bunyod etiladi. Har bir oila a'zosining shaxsiy xonasi bo'ladi. Qizig'i, kattalar bir dasturxon atrofiga yig'ilmaydilar. Erkaklar va ayollar alohida ovqatlanishadi.

Chadliklar milliy an'analarni va udumlarni e'zozlovchi xalq. Shimoliy mintaqalarda diniy marosimlar to'liq ado etiladi. Janubdagi ba'zi qabilalar suhbatdoshning ko'ziga qarashni odobsizlik deb bilishadi. Ovqatni doim o'ng qo'l bilan eydilar. Chap qo'lda ovqatlanish uyat hisoblanadi. Mehmonlarga sovg'a ulashish ular uchun odatga aylangan.

Mamlakat bo'ylab boy madaniy meros va diniy uslublarni uyg'unlashtirgan ko'plab inshootu masjidlarda bejirim ishlangan naqqoshlik asarlarini ko'rish mumkin. Chad poytaxti Njamena shahridagi “Buyuk masjid” shaharning bosh jomesidir.

Chadda diniy va dunyoviy ta'lim beruvchi maktablar hamda arab tilini o'rganish markazlari bor. Bu ta'lim muassasalari kerakli bilimlarni va milliy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashda, ularni kelajak avlodga etkazishda muhim aha­miyat kasb etadi.

Shohrux UBAYDULLAYeV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   6521   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.