Muharram oyi qanday oy? Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to'kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa'da, Muharram, Rajab) to'rt oyning biri bo'lib, uning o'ninchi kuni ya'ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun? Bu kun haqida Nabiy (alayhissalom): “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro'za tutgan. Men Musoga ko'proq (yaqin bo'lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro'za tutib, odamlarni ham uning ro'zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni qanday fazilatlarga ega? Bu kun ro'za tutish o'tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo'ladi. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ashuro kunining ro'zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo'ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo'ladi. Abu Sa'd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (alayhissalom): “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko'rdim”.
Ashuro kunini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qanday o'tkazardilar? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu kunni o'tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni Ashuro kuni ro'zasini boshqasidan afzal ko'rib, sog'inib, Ramazon oyi ro'zasini kutib sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini kutganlarini ko'rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg'iz o'ninchi kunida emas, balki bu kunga qo'shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro'za tutish lozim.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ashuro kuni ro'zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro'zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug'laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh xohlasa kelasi yil to'qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV