Hizr alayhissalom haqlarida hech o'ylab ko'rganmisiz? U zot payg'ambarmilar yoki valiymilar yohud olimmilar va yoki kimlar? Nima uchun Alloh taolo “ulul azm” payg'ambarlardan biri bo'lmish Muso alayhissalomdan Hizrni ilmda, hikmatda va rahm-shafqatda ortiq qilib qo'ydi ekan? Nima uchun Muso alayhissalom Hizr bilan uchrashish joyiga etib borishni juda-juda istadilar?
وَإِذْ قَالَ مُوسَى لِفَتَاهُ لَا أَبْرَحُ حَتَّى أَبْلُغَ مَجْمَعَ الْبَحْرَيْنِ أَوْ أَمْضِيَ حُقُباً
“Muso o'z yigitiga (shogirdi Yuvsha' ibn Nunga): “To ikki dengiz qo'shiladigan erga etmagunimcha yoki uzoq muddat kezmagunimcha yurishdan to'xtamayman”, degan paytini eslang” (Kahf surasi, 60-oyat).
Ta'kidlash kerakki, ushbu qissa boshqa payg'ambarlarning qissasidan tamoman farq qiladi. Shuningdek, biz bu qissada bizning sabablarga tayangan, payg'ambarlarning vahiyga asoslangan ilmiga emas, balki o'zga tabiatdagi, bizlarga notanish bo'lgan ilmga ro'baro' kelamiz. U ham bo'lsa, biz bilan uning o'rtasi qalin parda bilan to'silgan, biz hech qachon idrok qila olmaydigan taqdir ilmidir.
Bu ikki zotning uchrashuvi istisno tariqasida bo'ldiki, ushbu muloqot orqali Alloh taolo Odamni yaratgandan boshlab to qiyomat kunigacha bashariyatning ongida mudom aylanib turadigan eng qiyin savollarga javob berib o'tdi.
Savol shundan iboratki, nima uchun Alloh taolo yomonlikni, faqirlikni, qiyinchiliklarni, urushlarni, kasalliklarni yaratgan? Nima uchun go'daklar nobud bo'ladilar?
Ba'zi ulamolar oyatdagi “solih banda”ni inson suratidagi “taqdir” deb ta'vil qilganlar.
فَوَجَدَا عَبْداً مِنْ عِبَادِنَا آَتَيْنَاهُ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَعَلَّمْنَاهُ مِنْ لَدُنَّا عِلْما
“Bas, bandalarimizdan bir bandani (Hizrni) topdilar. Biz unga O'z dargohimizdan rahmat ato etgan va O'z huzurimizdan ilm bergan edik” (Kahf surasi, 65-oyat).
“Gapiruvchi taqdir”ning eng muhim sifatlari bu, rahimdillik va olimlik. O'z o'rnida rahimdillik olimlikdan oldin kelgan.
Muso alayhissalomning savollari shunday bo'ldi:
هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْداً
“Sizga bildirilgan ilmdan menga ham to'g'ri yo'lni ta'lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?” (Kahf surasi, 66-oyat).
Hizr alayhissalom - “gapiruvchi taqdir”ning javobi:
قَالَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً . وَكَيْفَ تَصْبِرُ عَلَى مَا لَمْ تُحِطْ بِهِ خُبْراً
“Aniqki, sen men bilan birga (ilm muomalasiga) sabr qila olmaysan. (Zotan) o'zing egallab xabardor bo'lmagan narsaga qanday sabr qilursan?-dedi” (Kahf surasi, 67-68-oyatlar).
Darhaqiqat, Allohning taqdiri bashariyat aqlining imkoniyatlaridan yuqori turadi, unda uchraydigan qarama-qarshiliklarni anglashga sabri etmaydi.
Shunday bo'lsada, Muso alayhissalom bor imkoniyatini qo'llashga va'da berib dedilar:
سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ صَابِراً وَلَا أَعْصِي لَكَ أَمْراً
“Inshaalloh, siz mening sabrli ekanimni ko'rursiz, Men biror ishda sizga itoatsizlik qilmasman” (Kahf surasi, 69-oyat).
Mana shu ondan boshlab taqdir o'zining qanday amal qilishini ochib beradigan safar boshlanadi.
Ikkovlari bir miskinning qayig'iga manadilar va Hizr esa, qayiqni teshib qo'yadi. Bir qarashda bechora miskinning ro'zg'origa yarab turgan qayiqning teshilishi uning uchun katta musibat. Buning uchun albatta, g'am, tashvish, mashaqqat, qo'rqinch va hokazolar ko'ngildan o'tadi. Shuning uchun ham Muso alayhissalom bu ishga e'tiroz bildirdilar:
قَالَ أَخَرَقْتَهَا لِتُغْرِقَ أَهْلَهَا لَقَدْ جِئْتَ شَيْئاً إِمْراً
“Odamlarni g'arq qilish uchun uni teshdingizmi?! Juda nojo'ya ish qildingizku!” (Kahf surasi, 71-oyat).
Biz ham gohida shunday qilamiz, taqdirdan nolib qolamiz. Qaysi gunohlarim uchun bu ko'rgiliklarni boshimga solding. Endi men nima qilaman, qanday yashayman va hokazo so'zlar bilan taqdirga nisbatan e'tirozimizni bildiramiz.
Hizr - “taqdir”ning javobi esa, doimo bir hil:
أَلَمْ أَقُلْ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً
“Men bilan birga sabr qilishga toqating sira etmaydi, demaganmidim?!” (Kahf surasi, 72-oyat). Ya'ni, taqdirning ishini anglashga sening ilming etmaydi.
Muso alayhissalom tomonidan sabr qilishga yangidan va'da berilgandan so'ng yana yo'lda davom etdilar. Yo'l asnosida Hizr bir go'dakni o'ldirib qo'ydilar. Holbuki, Alloh taolo Hizrni tavsiflaganda uni rahimdillik sifati bilan sifatlagan edi. Bu ishdan Muso alayhissalom qattiq g'azablanib:
أَقَتَلْتَ نَفْسًا زَكِيَّةً بِغَيْرِ نَفْسٍ لَقَدْ جِئْتَ شَيْئًا نُكْرًا
“Hech kimni o'ldirmagan bir begunoh jonni o'ldirdingiz-a?! Haqiqatan, xunuk ish qildingiz!” (Kahf surasi, 74-oyat). Bu savol biz kabi inson tabiatida bo'lgan, biz kabi hayot kechiradigan kishining e'tirozi edi. Bunga javoban Hizr yana o'sha javobni atdilar:
أَلَمْ أَقُلْ لَّكَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً
“Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating etmas, demaganmidim?!” (Kahf surasi, 75-oyat).
Shundan keyin Muso alayhissalom boshqa bunday savol bermasliklarini va'da qilganlaridan keyin oxirgi marta safarni davom ettirishdi. Bir qishloqqa bordilar va u erdagi etimlarga tegishli bo'lgan hazina ustidagi qulay deb turgan devorni Hizr qayta tiklay boshladilar. Buni ko'rgan Musoning fig'oni falakka etdi.
Ana shunda Alloh taolo tomonidan bizga ma'lum bo'lmagan taqdir ishini bayon qilib berishga ta'yin qilingan kishi - Hizr Muso alayhissalom so'ramasalarda savollarga birma-bir javob bera boshladilar:
﴿ قَالَ هَذَا فِرَاقُ بَيْنِي وَبَيْنِكَ سَأُنَبِّئُكَ بِتَأْوِيلِ مَا لَمْ تَسْتَطِعْ عَلَيْهِ صَبْرا
“Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating etmagan narsalarning ta'vili (sharhi)dan ogoh qilurman” (Kahf surasi, 78-oyat).
Yomonlik aslida nisbiy narsa, bizning inson sifatida yomonlik haqidagi tushunchamiz noqisdir. Chunki, biz u haqida mukammal tasavvurga ega emasmiz.
Taqdir uch turli bo'ladi:
Biz yomon deb o'ylagan narsa, keyinchalik Alloh taolo uning haqiqatini ochib bergach aslida yaxshilik bo'lib chiqadi. Qayiq egalari uchun yomonlik bo'lib ko'ringan narsa, aslida ularning foydasi uchun bo'lganligi ma'lum bo'ldi. Mana shu taqdirning birinchi turiga misoldir. Bu kabi holatlar bizning hayotimizda ham uchrab turadi va bunga o'nlab misollar keltirishimiz mumkin.
Ikkinchi turga misol, go'dakning o'ldirilishi. Bir qarashda yomonlikdek ko'rinadi. Lekin, haqiqatda u yaxshilik edi. Ammo, buning haqiqatini Alloh taolo sizga hayotingiz davomida ochib bermaydi. Siz bir umr bu narsani yomonlik deb o'tib ketasiz. Ushbu voqeada ham, o'ldirilgan go'dakning ota-onasi haqiqatdan voqif bo'ldilarmi? Yo'q. Hizr ularga bolaning o'ldirilish sababini aytib bermadi. Faqat siz bilan bizgina undan voqif bo'lib turibmiz. Shunday ekan, uning ota-onasi bir umr bolasini o'ylab g'am-anduxda o'tdilar. Hattoki, ular keyingi farzandlari aynan o'ldirilgan farzandlarining o'rniga o'rin qilib berilganini ham bilmas edilar. Chunki, o'ldirilgan farzand Allohning taqdirida kofir bo'lishi ta'yin qilingan edi.
فَخَشِينَا أَنْ يُرْهِقَهُمَا طُغْيَاناً وَكُفْراً
“Bas, biz u (bola) tug'yon va kufr bilan ota-onasini qiynab qo'yishidan qo'rqdik” (Kahf surasi, 80-oyat).
Taqdirning uchinchi turi va eng muhimrog'i bu, sizga bildirmagan holda Alloh taolo sizga etadigan yomonlikni daf qilishi va siz hecham bilmagan holingizda yaxshiliklarga etishishingizdir.
Solih kishining etim farzandlari devor qulashini bilishganmidi? Yo'q. Qulay deb turgan devorni qaytadan qurish uchun Alloh taolo bir odamni yuborganini etimlar bilisharmidi? Yo'q, albatta. Allohning ularga ko'rsatgan marhamatidan ularning xabari bo'ldimi? Bunga ham javob o'sha, yo'q. Hatto, Muso alayhissalom ham devorni qayta qurilganining sirini bilmadilarku.
Endi, Hizr – “so'zlovchi taqdir”ning so'ziga qaytamiz:
إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْراً
“Aniqki, sen men bilan birga (ilm muomalasiga) sabr qila olmaysan” (Kahf surasi, 68-oyat).
Ey, inson! Hech qachon Allohning taqdirini tushunmaysan, tushuna olmaysan. U sen o'ylagandanda buyukroqdir. Bas, sen anglab etmaydigan taqdirga sabr qilishda Allohning inoyatiga suyan. Chin dilingdan Rabbingga ishon, albatta Allohning sening ustingda bitgan taqdiri sen uchun yaxshidir. Shundagina, sening imoning mukammal, qalbing xotirjam bo'ladi. Shundagina, taqdirning yomonidan ham, yaxshisidan ham tashvishga tushmaysan. Aksincha, har qanday holatda ham Allohga hamd bo'lsin deysan. Ana o'shanda sen Alloh taoloning quyidagi xitobiga munosib bo'lasan:
يَا أَيَّتُهَا النَّفْسُ الْمُطْمَئِنَّةُ ارْجِعِي إِلَى رَبِّكِ رَاضِيَةً مَرْضِيَّةً فَادْخُلِي فِي عِبَادِي وَادْخُلِي جَنَّتِي
“Ey, xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh tomonidan) ham rozi bo'lingan holingda, Rabbing (huzuri)ga qaytgin! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo'shilgin va jannatimga kirgin!” (Fajr surasi, 27-30-oyatlar).
O'MI raisining birinchi o'rinbosari
H.Ishmatbekov
Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.
Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.
Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.
Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.
Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.
Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.
Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ﴾ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.
Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ﴾ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.
Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا﴾ “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.
Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.
Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ﴾ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.
“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.
Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ﴾ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ﴾ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.
Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.
Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ﴾ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ﴾ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ﴾ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.
Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.
Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى﴾ “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.
Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ﴾ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا﴾ “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.
Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.
Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا﴾ “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.
Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.
[2] Niso surasi, 14-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[4] Baqara surasi, 178-oyat.
[5] Baqara surasi, 178-oyat.
[6] Hujurot surasi, 10-oyat.
[7] Hujurot surasi, 9-oyat.
[8] Niso surasi, 14-oyat.
[9] Sajda surasi, 20-oyat.
[10] Niso surasi, 93-oyat.
[11] Sajda surasi, 20-oyat.
[12] Sajda surasi, 18-oyat.
[13] Baqara surasi, 178-oyat.
[14] Ra’d surasi, 6-oyat.
[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.
[16] Toha surasi, 48-oyat.
[17] Tahrim surasi, 8-oyat.
[18] Nur surasi, 31-oyat.
[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.