frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islom taraqqiyot banki O'zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi

09.07.2024   3031   1 min.
Islom taraqqiyot banki O'zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi

O'zbekiston elchisi Nodirjon Turgunov Islom taraqqiyot bankining (ITB) Loyihalashtirish masalalari departamenti bosh direktori Anas Aysam bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston va ITB o'rtasida hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish, mamlakatimizda ishlab chiqilayotgan yirik loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo'llab quvvatlash hamda texnik-gumanitar yordamlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O'zbekiston va ITB hamkorligi bo'yicha 2018-2022 yillarga mo'ljallangan strategiya muvaffaqiyatli amalga oshirilgani inobatga olinib, 2022-2026 yillar uchun ana shunday strategiya ishlab chiqilgani ma'lum qilindi.
Tomonlar istiqbolda transport, logistika, ta'lim, qishloq xo'jaligi, suv, atrof-muhit, chorvachilik, obod qishloq va boshqa yo'nalishlardagi loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari bo'yicha fikr almashdilar.
O'zbekistonda xotin-qizlar va yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan muhim dasturlar e'tirof etildi va ularda ITB ishtirokini kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi.
Bundan tashqari mazkur bank tomonida amalga oshirilayotgan loyilar ijrosini doimiy tarzda monitoring qilib borish va istiqboldagi qo'shma loyihalarni muhokama qilish uchun ITB vakillarining O'zbekistonga amaliy safarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

27.06.2025   3303   3 min.
Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.

Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:

— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!

Xotin dedi:

— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.

Er dedi:

Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.

Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:

— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:

«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).

Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.

Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.


Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!

Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.

Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!

Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!


Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!

Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.

Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi