Sarlavhadan ma'lum bo'lganidek, siz va bizga bir mazhabga ergashish vojib. Mazhabni ushlamaslik oxiri dinsizlikka olib boradi. Gapimnig tasdiqi o'laroq Ramazon Butiy rahimahullohi alayh “Mazhabsizlik dinsizlikka ko'prikdir” kitobida “Biz bu kabi holatga tushgan juda ko'p insonlarni ko'rdik. O'zlaricha bir nechta hadisni ma'nosini bilib olib: “Men o'zim Qur'on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”,-deb, borib borib beqaror insonlarga aylanishdi. Bir ish borasida o'zining foydasiga nima dalil kelsa o'shani ushlab olaveradi. Hatto eng chekkadagi zaif qavllarni ham ushlab, nafsi xohlagan narsani qilib ketadigan bo'lib qolishdi. Alkash bo'lib ketganlari qancha. Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh o'zlarining “Malfuzot” kitoblarida Hindistonda mazhabsizlikni targ'ib qilgan bir muhaddisni “Men 25 yillik tajribam asosida shuni bildimki, hozirgi davrda biror mazhabni tutmaslik oxir oqibat dinsizlikka olib borar ekan” degan gaplarini iqtibos keltirgan.
Din dushmanlari bu ummatni to'g'ridan-to'g'ri dindan olib chiqib ketishni uddasini qilolmagach, oxiri mazhabsizlik g'oyalarini targ'ibotini boshlashdi. Buning uchun ba'zi sanoqli masalalardagina o'z mazhabidan chetga chiqqan hanbaliy mazhabidagi Ibn Taymiya rahmatullohi alayhni asos qilib olishdi. U kishi hanbaliy mazhabida bo'lib, bir yuz oltitagina aqoid va ibodatga tegishli ba'zi masalalarda mazhabdan tashqariga chiqqanlar. Boshqa hammasida hanbaliy mazhabini mahkam ushlaganlar. Lekin U kishi ham o'zlaridan avvalgi ulamolarni kofirga chiqargan emaslar. Hatto Boyazid Bistomiy, Abdulqodir Jiloniy kabi tasavvuf mashoyixlarini ham maqtov bilan zikr qilganlar. Mazhabdan chiqqan o'rinlarda ummat ulamolarining qattiq raddiyalariga uchraganlar. Demak, xatolarining asosiy sababi- ular mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasligidadir.Ulamolar mazhablarga ergashish – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta'kidlaydilar: “Agar ixtilof ni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, rioyati).
Islom ulamolari shar'iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid) mujtahid olimga taqlid qilishi lozimligini ta'kidlaydilar. Bunga Qur'ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “…Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so'rang” (Nahl surasi, 43-oyat). Ulamolar oyat Kitob va sunnatga qaytish shaklida emas, balki ahli zikrlarga ergashishlikka buyurish ko'rinishida nozil bo'lganiga e'tibor qaratadilar.
Mazhablarda Qur'on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o'ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo'lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo'q bo'lib, “Qur'on va sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da'vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra'yiga va nafsiga to'g'ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma, musulmonlar orsida ko'plab noto'g'ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar ahli sunna val jamoa olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Alhamdulillah! Bizning diyorning aksar qismi hanafiylardan tashkil topgan. Imom Sha'roniy rahimahulloh shofe'iy mazhabida bo'lsalar ham: “Hanafiy mazhabini tekshirib chiqdim va sahih hadislarga bino qilingan holatda topdim”.
Mazhab imomlarimizdan ham, bu mazhabni bizga etkazgan buyuk mujtahid allomalarimizdan ham Alloh rozi bo'lsin.
Sharifjon Yunusov
Chortoq tumani “Hazrati ibn Abbos” jome
masjidi imom xatibi
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD