frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Sizga ta'zim, ustozlar!

03.10.2023   1373   2 min.
Sizga ta'zim, ustozlar!

Mavlid bayramlari o'tkazilayotgan ayni bir paytda Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurtida "1-oktyabr' – Ustoz va murabbiylar kuni" munosabati bilan "Sizga ta'zim, ustozlar!" nomli tadbir bo'lib o'tdi. Unda Qoraqalpog'istonda diniy-ma'rifiy sohada uzoq yillar davomida xizmat qilgan faxriy ustozlar, ishchi xodimlar, faxriy imom-xatiblar, bilim yurtining o'qituvchi-ustozlari va talaba yoshlari ishtirok etdi.

Bugungi tadbirni o'tkazishdan asosiy maqsad, muhtaram ustozlarni, diniy ta'lim sohasining faxriylarini e'zozlash, hurmat ko'rsatish, qolaversa, talaba yoshlarga ularning ibratli hayot yo'lini tanishtirish va xayrli duolarini olishdan iborat.

Tadbirni bilim yurti mudiri Sh.Bahouddinov ochib berdi va yig'ilganlarni mavlidi sharif bilan, qolaversa, "1-oktyabr' – Ustoz va murabbiylar kuni" bayrami bilan tabrikladi.

Bayram tadbirida uzoq yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan bilim yurtining bir qator o'qituvchi-ustozlari diniy ta'lim sohasidagi samarali faoliyati uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan maqtov yorlig'i bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti tomonidan yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada xizmat qilgan faxriy mehmonlarga bayram munosabati bilan "Ardoqli ustoz" turkumi asosida minnatdorchilik xati va esdalik sovg'alari topshirildi. Shundan so'ng mehmonlar bayram dasturxoniga taklif qilindi.

Talabalar tomonidan ijro etilgan nashidlar, she'r va monologlar, o'qilgan salovat va mavlidlar tadbirga o'zgacha fayz-shukuh bahsh etdi.

Fayzli bayram tadbiri yakunida nuroniy ustozlar va faxriy mehmonlar bilim yurtining ustoz-murabbiylari hamda talaba yoshlar haqqiga xayrli duolar qildi. Jumladan, bugungi tinch-osoyishta va farovon turmushga shukrona o'laroq, talaba yoshlarga ilm-bilim olishda shijoat va g'ayrat qilish kerakligini ta'kidladi.

Bilim yurti
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   12684   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar