30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Diniy idora tizimida xizmat qilayotgan yoshlarga murojaatnomasi Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahri va viloyatlar vakilliklari mutasaddilari tomonidan hududlarda diniy sohada mehnat qilayotgan yoshlarga o‘qib eshittirildi.
Murojaatnomada so‘nggi yillarda mamkatimizda barkamol avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinayotgani, o‘z navbatida, kelajagimiz vorislari ham bunday imkoniyatlardan foydalangan holda ko‘plab yutuqlarga erishayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, dinimizda navqiron o‘g‘il-qizlarga katta e’tibor qilingani, bu borada oyatu karima, hadisi shariflar borligi qayd etilib, farzandlarimizni ilmu ma’rifat egallash, ona Vatan ravnaqi va muborak dinimiz rivoji yo‘lida sobitqadam bo‘lishga chaqirilgan.
O‘tkazilgan tadbirlarda 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan vakilliklar tomonidan yoshlarga estalik sovg‘alari topshirildi va dasturxon tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan noyob hujjatli film – “Usmon Mus'hafi: Madinadan Movarounnahr sari” nomli loyiha ustida ish boshlanmoqda. Filmda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi – VII asrda pergamentga yozilgan, hajmi 53x68 sm bo‘lgan va 353 varaqdan iborat Usmon Mus'hafining Madinadan Movarounnahrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘li yoritiladi.
Filmda qo‘lyozmaning yaratilishidan tortib, turli sivilizatsiyalar davrida boshdan kechirgan murakkab tarixiy jarayonlar, uning O‘zbekistonga qanday saqlanib kelgani va hozirda Islom sivilizatsiyasi markazida muqaddas meros sifatida e’zozlanayotgani hujjatlar, tarixiy manbalar hamda mutaxassislarning izohlariga tayangan holda yoritiladi.
Mazkur hujjatli film markazdagi ekspozitsiya tarkibiga kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u ziyoratchilar va mehmonlar uchun muhim ma’naviy-tarixiy tajribani taqdim etadi. Film orqali tomoshabinlar nafaqat Qur’onning tarixiy qadr-qimmati, balki O‘zbekiston zaminining bu bebaho merosni asrab-avaylashdagi tutgan o‘rni haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lishadi.
cisc.uz