Alloh taolo bunday amr etadi: “Men jin va insni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat). Oyatdan ma'lumki, ibodat insonning yaratilishiga sabab bo'lgani uchun bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish lozim.
Bugungi kunda ibodatni bir muncha torroq doirada tushunadigan bo'lib qoldik. Aksariyat musulmonlar ibodatni namoz, ro'za, zakot va haj amallaridangina iborat deb bilishadi. Ammo bu ibodatlarning boshqa bir necha amallar bilangina mukammal bo'lishini unutishmoqda.
Payg'ambar alayhissalom dedilar: “Islom besh narsa ustiga barpo qilingan: Allohdan o'zga iloh yo'q va Muhammad Allohning elchisi deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni ado etish, Baytullohni haj qilish va Ramazon ro'zasini tutish” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisi sharifning jumlalariga e'tibor qaratilsa, hozirgi kunda Islom deb qaralayotgan namoz, ro'za, zakot, haj amallari Islom deyilmayapti, balki Islomning asosi, poydevori deyilmoqda.
Komil ibodat tushunchasi ulamolar nazdida ikki qismga – shar'iy va taomiliy (ijtimoiy hayotdagi xatti-harakatlar) amallarga bo'linadi. Yuqorida sanab o'tilgan ibodatlar, ya'ni Islomning besh arkoni shar'iy ibodatlar turkumiga kiradi. Ulamolar bu ikki qism ibodatning bayonida, bir-biriga chambarchas bog'liq va biri ikkinchisisiz komil bo'lmaydi, deb ta'rif berishgan. Islom manbalari sinchiklab o'rganilsa, bu masalada juda ko'plab dalillarni uchratish mumkin.
Jumladan, Ja'far ibn Abu Tolib Najoshiy huzuriga kirganida, podshoh undan Islom qanday din ekanini so'raydi. Ja'far ibn Abu Tolib:
– Ey podshoh! Bizga Alloh taolo to o'z ichimizdan, omonatdor, to'g'riso'z, iffatli, naslu nasabi ma'lum va mashhur bir kishini payg'ambar qilib yubormagunicha johiliyat holatida yashaydigan, but-sanamlarga ibodat qiladigan, harom-harish narsalarni ham iste'mol qilaveradigan, fahsh va buzuq ishlardan tap tortmaydigan, qarindoshlik va qo'shnichilik aloqalarini bog'lamaydigan bir qavm edik. Payg'ambar alayhissalom bizni Alloh taoloning O'zigagina ibodat qilishimizga, to'g'ri so'zlashga, omonatga xiyonat qilmaslikka, va'daga vafodorlikka, silai rahmni bog'lashga hamda qo'shnilarga yaxshilik qilish kabi chiroyli xulqlar bilan xulqlanishga buyurdilar. Shuningdek, harom qilingan narsalardan va nohaq qon to'kishdan qaytardilar, – dedi.
Ulamolar: “Islom chiroyli axloq majmuasidir”, deganlar. Yana: “Iymon – bu yaxshi xulqdir, kimning yaxshi xulqi ziyoda bo'lsa, iymoni ziyoda bo'libdi”, deyishgan.
Taomiliy ibodatlar odamlar o'zaro bir-birlari bilan bo'ladigan muomalalarda o'z aksini topgan va shar'iy ibodatlar asosida barpo qilingandir. Mo'min-musulmonlar ota-onalarning farzandlariga, farzandlarning ota-onalariga, qaynona-qaynotalarning kelin-kuyovlariga, kelin-kuyovlarning qaynona-qaynotalariga, shuningdek, qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug'larning o'zaro bir-birlariga, ishchilar rahbarlariga, rahbarlarning ishchi-xodimlarga bo'ladigan go'zal muomalalarini Islom dini ibodat darajasiga ko'targanini bilishlari va amal qilishlari jamiyatda yuksak ma'naviyat barqaror bo'lishining eng muhim omilidir.
Muhammadsiddiq USMONOV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Manbalar xazinasi” mudiri