Bismillahir Rohmanir Rohiym
Birinchidan, tarqatilayotgan har bir ma'lumot va axborot insonlar manfaatiga xizmat qiladigan yaxshi so'z bo'lishi lozim.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Alloh yaxshi so'zga qanday misol keltirganini ko'rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o'xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda. Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir" (Ibrohim surasi, 24-25 – oyatlar).
Ikkinchidan, turli fahsh va behayo ma'lumotlarni, bo'xton, yolg'on hamda mish-mish xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo'lish shart.
Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "...fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko'radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir" (Nur surasi, 19-oyat).
Uchinchidan, tarqatilayotgan har qanday xabar yoki ma'lumot uchun Qiyomat kuni javob berishni hamda "Kitobat ham xitobat kabidir (yozish – gapirish kabi)", degan qoidani unutmaslik kerak.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bugungi kunda ularning og'izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo'llari so'zlar va oyoqlari guvohlik berur" (Yosin surasi, 65-oyat).
Imom Shofi'iy aytadilar: "Vafot etmaydigan yozuvchi yo'q. Ammo uning qo'llari yozgan narsalar necha yillar o'tsada saqlanib qoladi. Shunday ekan, Qiyomatda ko'rganingizda xursand bo'ladigan narsadan boshqa hech narsa yozmang!”.
To'rtinchidan, har bir axborotning ishonchli ekanini tekshirib, keyin tarqatish.
Alloh taolo shunga buyuradi: "Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir kishining yolg'onchi bo'lishi uchun eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Beshinchidan, mualliflik huquqiga amal qilish. O'zgalarning mehnatini ko'chirib, o'zlashtirib olmaslik.
Imom Shofi'iy rahimahulloh: "Menga bu so'zni falonchi aytgan”, deb aytuvchisini aniq shaklda gapirgan kishi haqiqiy marddir”, deganlar.
Abdul Fattoh Abu G'udda aytadilar: "Jumla yoki so'zni naql qiluvchiga nisbat berish omonatdir”.
Oltinchidan, har bir kasb egasi o'z mutaxassisligi doirasida axborot yoki ma'lumot tarqatishi lozim. Bilimi etmagan, mutaxassisligi bo'lmagan xabarni tarqatmaslik kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachon ish o'z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar