Islom xattotligi va naqqoshligi sohasida faol ijod qilgan turk rassomi 28 yildan buyon masjidlarni bezash bilan shug‘ullanib, butun Turkiya bo‘ylab o‘nlab masjidlarni o‘z san’ati bilan bezatgan.
Bundan qariyb 28 yil muqaddam turk rassomi Serhat Yazar islom san’atini o‘zlashtirish yo‘lini boshlagan va bugungi kunda uning naqshinkor asarlari butun Turkiya bo‘ylab 100 dan ortiq masjidni bezatib turmoqda, - deb xabar qildi “IQNA” sayti “ Hurriyet Daily ”ga tayanib.
Turkiyaning sharqiy qismidagi Yelazig shahrida yashovchi 46 yoshli rassom Sarhat Yazar talabalik chog‘ida xattotlik va tahzib san’atiga bo‘lgan mehrini kashf etgan va o‘zining rasm chizishga bo‘lgan tabiiy iste’dodini an’anaviy turk san’atiga bo‘lgan ishtiyoqi bilan uyg‘unlashtirgan.
Uning 28 yil davomida yaratgan san’at asarlari, jumladan, barokko uslubidagi asarlari, xattotlik va masjid bezaklari unga katta maqtovlar olib keldi. Yazar o‘zining ijodiy faoliyati haqida shunday dedi: “Men o‘zimning qiziquvchanligim tufayli shu sohada ishlay boshladim”.
Bu qiziquvchanlik uni boshqa mashhur xattotlar qatoriga qo‘shilib, masjidlarni bezash bilan shug‘ullanuvchi jamoa tuzishga undadi. Yillar davomida Yazar o‘zining chiroyli cho‘tkalarini (mo‘yqalamini) Turkiyaning turli mintaqalaridagi masjidlarga olib kelgan. Uning loyihalari davomiyligi har xil bo‘lib, masjid tafsilotlari va ishlatilgan naqshlarga qarab 20 kundan bir yilgacha davom etadi.
Ishining mashaqqatliligiga qaramay, u tayyor mahsulotdan katta zavq oladi, jarayonni igna bilan quduq burg‘ulashga qiyoslaydi. Yazar ayni damda Yelazig‘dagi Sahoba masjididagi ishini yakunlamoqda.
Ijodiy faoliyatini davom ettirishga qiziqish bildirar ekan: “Mehr bilan qilingan har qanday ish nafaqat charchoqni ketkazadi, balki katta zavq keltiradi, toki Alloh bizga umr bersa, kuchimiz bor ekan, biz bu san’atni davom ettiramiz. San’at - bu cheksiz sayohatga o‘xshaydi va men har kuni, har safar va har bir yangi masjidda yangi narsalarni qo‘shib, yanada chiroyli asarlar yaratishga harakat qilaman”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi I.Ahmedov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati