Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

QABR AZOBI HAQ!

22.07.2024   5262   3 min.
QABR AZOBI HAQ!

Ahli sunna val jamoa etiqodi bo‘yicha qabr azobi va undagi rohat, oyat va hadslar bilan haqdir.

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar roziyallohu anhumdan kelgan xabarlar asosida qabr azobiga – kim shunga loyiq bo‘lsa – va unda Munkar va Nakirning Robbidan, dinidan va Nabiysidan so‘roq qilishiga iymon keltiramiz. Qabr jannat bog‘laridan bir bog‘dir yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqurdir.

Ya’ni, osiy bo‘lib, azobga loyiq bo‘lganlar uchun qabr azobi bo‘lishiga iymon keltiramiz. Munkar va Nakir nomli ikki farishta bandaning qabrida turib, uni Robbi, dini va Nabiysi haqida savol-so‘roq qilishiga iymon keltiramiz.

Dalillar:

  1. «Va Oli Fir’avnni yomon azob o‘rabdi. U do‘zaxdir. Unga ertayu kech ko‘ndalang qilinurlar. (Qiyomat) soati qoim bo‘lgan kuni: «Oli Fir’avnni ashaddiy azobga kiritinglar», deyilur» (G‘ofir surasi, 45–46-oyatlar);
  2. «Ularni to halokatga uchraydigan kunlariga yo‘liqqunlarigacha tek qo‘y. U kunda hiylalar ularga hech foyda bermas va ularga yordam ham berilmas. Va albatta, zulm qilganlarga undan o‘zga azob ham bor, lekin ko‘plari bilmaydilar» (Tur surasi, 45–47-oyatlar);
  3. «Alloh iymon keltirganlarni dunyo hayotida va oxiratda subutli so‘z ila sobitqadam qilur. Va Alloh zolimlarni zalolatga ketkazur» (Ibrohim surasi, 27-oyat);
  4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Banda qabriga qo‘yilib, as'hoblari undan qaytganlarida, u alarning kavushlari taqillashini eshitib turganda, huzuriga ikki farishta kelib, uni o‘tirg‘izishadi va unga: «Mana bu odam (Muhammad sollallohu alayhi vasallam) haqida nima der eding?» deyishadi.

Shunda mo‘min: «Uning Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman», deydi.

Shunda unga: «Do‘zaxdagi joyingga nazar sol. Alloh uning o‘rniga senga jannatdan joy berdi», deyiladi.

U ikki joyni ham ko‘radi», deganlar.

(Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.)

  1. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qabrning yonidan o‘tib ketayotib:

«Bu ikkovi azoblanmoqda. Azoblanishlari katta narsada emas. Ulardan biri peshobdan saqlanishga e’tibor bermas edi. Boshqasi esa chaqimchilik qilib yurar edi», dedilar. Bir xurmoning ho‘l shoxini olib kelib, ikkiga bo‘lib, ikki qabrga bittadan suqib qo‘ydilar.

Kishilar: «Ey Allohning Rasuli, nega bunday qildingiz?» deyishdi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Shoyadki, bular quriguncha ikkovlaridan azob yengillatilsa», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sizlardan biringiz qabrga qo‘yilsa, uning oldiga qoramtir-zangori rangli ikki farishta keladi. Ulardan biri Munkar, boshqasi Nakir deyiladi», deganlar (Termiziy rivoyat qilgan).

Xulosa shulki, qabr azobi va ne’mati haqida, ikki farishtaning so‘roq-savol qilishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘plab xabarlar kelgan. Bunga iymon keltirish vojibdir. Kim inkor qilsa, kofir bo‘ladi.

Ammo o‘sha azob yoki ne’mat qanday bo‘lishi haqida gapirmaymiz. Chunki bu dunyoda unga o‘xshash narsa bo‘lmagani uchun, aql uni tasavvur qila olmaydi. Shariatda esa bu borada aql ko‘taradigan narsa kelgani yo‘q.

«Aqoid ilmi va unga bog‘liq masalalar» kitobidan

 

Abdulvoxid Isaqov,
Namangan shaxar “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome
masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashish dinimiz talabi

13.06.2025   6364   3 min.
Mazhabga ergashish dinimiz talabi

“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.

Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).

Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).

Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).

Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.

Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:

– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.

Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.

– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.

Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.

Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.

G‘ulomov FATHULLOH,

Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi

MAQOLA