Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

“BЕSHINCHISI  BO‘LMANG, HALOK  BO‘LASIZ !”

14.08.2020   2913   17 min.
“BЕSHINCHISI  BO‘LMANG, HALOK  BO‘LASIZ !”

Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Allohning (hajga doir) shiorlarini, “Harom oy” (haj oylari)ni halol deb hisoblamangiz...!” (Moida surasi 2-oyat). Yana bir oyati karimada: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32-oyat), – deb xitob qilgan.

Bu haqda keyingi vaqtlarda olimu ziyolilarimiz turli sabablar bilan ko‘p va xo‘b yozishga, Alloh taoloning ushbu amrini bot-bot bizlarga eslatib turishga majbur bo‘lyaptilar.

Islom ta’limotiga ko‘ra “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkatining alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi.

Masalan, Qur’oni karim, uning tilovati, azon;

Alloh taolo farz qilgan namoz, ro‘za, zakot, haj kabi dinimiz ustuni bo‘lgan ibodatlar;

shariatimizda ulug‘langan zotlar – payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar, avliyolar, ulamolar, ilm ahllari, dinimiz xizmatchilari;

Ka’batulloh, Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Mino, Arafot, Quddusi sharif kabi joylar, masjidlar;

muhim sanalar – juma kuni, Ramazon oyi, ikki iyd, muqaddas oylar;

qolaversa, ibodat buyumlari bo‘lmish tasbeh, salla, joynamoz, qurbonlik jonlig‘i va hokazo.

Biz bugun axborot texnologiyalari rivojlangan asrda yashayapmiz. Bugun savob qozonish imkoniyati qanchalik keng bo‘lsa, gunohga botish yo‘llari ham shunchalik ko‘p. Mo‘min-musulmon kishi har doim ehtiyot bo‘lishi, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytavermasligi, tilini tiyishi va har kim haqida yaxshi gumonda bo‘lishi zarur. Aks holda, kimning qay ahvolda Parvardigori olamning huzuriga borishni hech kim bilmaydi. Bunga tarixda misollar ko‘p.

 

Birinchi misol:

Tasavvufning yirik murshidlaridan Yusuf Hamadoniy hazratlari bir kuni va’z qilayotganlarida jamoa orasidan hofizi kalomullohligi bilan tanilgan, 16 yil davomida Ramazon oyida tarovih namozlarida Qur’oni karimni biror luqmasiz xatm qilgan bir kishi savol beribdi. Shayx hazratlari unga: “Sizning savolingizdan do‘zaxning hidi kelyapti”, – debdilar. Haqiqatan, o‘sha odam ko‘p vaqt o‘tmay, dindan qaytib, imonsiz o‘lgan ekan. Alloh asrasin!

 

Ikkinchi misol:

Hammamiz har kuni namozlarimizda takrorlaydigan bir sura bor. 111-chi sura – Masad surasi. Bu surada Payg‘ambarimiz alayhissalomning amakilaridan biri, ashaddiy kofir Abu Lahab va uning betavfiq xotini Ummu Jamilning jazolanishi, har ikki dunyodagi tortadigan azob-uqubatlari haqida hikoya qilinadi.

Abu Lahabning asl nomi Abdul Uzzo bo‘lib, “Uzzo butining quli” degan ma’noni anglatadi. Alloh taolo o‘z qulini “but quli” deb atamadi, balki uni “Abu Lahab” – alangali, deb laqabladi. Bu yerdagi alanga ikki narsaga dalolat qiladi. Biri uning yuzi doimo qizarib turganidan shu laqab berilgan bo‘lsa, ikkinchidan, oxiratda do‘zax alangasida yonishi muqarrar ekaniga dalolatdir.

Abu Lahab bilan uning xotini Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga eng ko‘p aziyat yetkazgan kofirlardan hisoblanadi. U(Abu Lahab) to‘g‘risida “Abu Lahabning qo‘llari qurisin (halok bo‘lsin)!” – dedi Xudoi taolo. Va “Halok bo‘ldi ham. Yaqinda (u) alangali olovda kuyajak!” – deb Alloh taolo bizlarga xabar bermoqda. Betavfiq xotini esa tikanli o‘tinlarni terib kelib, Rasululloh alayhissalom yuradigan yo‘llariga tashlar ekan. Surada uning bo‘ynida o‘tin bog‘lab yurgan arqoni bog‘liq holda eri bilan birga jahannamga tushajagi to‘g‘risida bayon etilgan.

E’tibor bering-a, Alloh taolo aynan Abu Lahab haqida alohida, besh oyatdangina iborat sura nozil qildi. Vaholanki, Alloh taolo Abu Lahab hikoyasini Qur’oni karimning biror uzun surasi ichiga joylasa ham bo‘lar edi. Lekin unday bo‘lmadi. Balki... har bir banda tiriklik paytida qilgan ishlarini hisob-kitob qiladigan kun – Qiyomat kunigacha 7 yoshdan 70 yoshgacha insonlarga eslatma bo‘lib turishi uchun, aql-idrokli, zehn-zakovatli, fahm-farosatli bandalari bundan ibrat olishlari uchun eng qisqa suralardan qilib, yodlashga ham oson qilib qo‘ydi.

 

Uchinchi misol:

Uchinchi misolni esa... har birimiz yon atrofimizga diqqat bilan nazar solsak ham ko‘ramiz, yoshlari ulug‘larni tinglasak ham eshitamiz, ota-onamizdan so‘rasak ham bilamiz, aql-zakovat, fahm-farosat nomli Xudo bandasiga beradigan beqiyos ulug‘ ne’matlarini ishga solsak ham anglaymiz! Chunki bunday misollar o‘tmishda ham, hozirgi hayotimizda ham juda-juda ko‘p! Ularni ko‘rish uchun va tushunib yetish uchun katta-katta oliygohlarda o‘qishlik shart emas! Madrasalarda yo islom akademiyalarida tahsil olishlik shart emas! Institut-universitetlarda, Arabistonlarda yo chet ellarda ilm o‘rganish shart emas! Mutlaqo shart emas! Aslo!

Balki Xudo bergan aqlimiz bilan fikrlasak, qalb ko‘zimiz bilan nazar solsak, haqiqiy o‘zbek tabiatiga xos va chin mo‘min-musulmon tushunchasiga mos o‘ylasak, bu dunyoning ishlari faqatgina kalkulyator orqali yo matematika formulalari bilangina emas, balki hayot qonunlari, odob aksiomalari, axloq qoidalari bilan yechimi topilishi bor va achchiq haqiqatligiga iqror (!) bo‘lamiz...   Zero bu yorug‘ dunyoning ishlari hammasi ham ko‘z bilan ko‘rinavermas ekan, balki inson nafaqat o‘z ko‘zi bilan, hatto mikroskop ko‘zi bilan, kompyuter ko‘zi bilan ham ko‘rishga ojiz ekanligini his etadi odam... Bu dunyoda inson ko‘ra olmaydigan, aqli ojizlik qiladigan, Parvardigori olamning qancha-qancha sir-asrorlari bilan muhrlangan, O‘zining betakror va beqiyos hikmatlari bilan naqshlangan behisob-behisob sanoatlari mavjudligiga tan beradi inson...

Bashariyatning eng xayrlisi, Koinot sultoni Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Abu Lahab juda ko‘p ozor berdi. Bejizdan bejizga Qur’oni karimda Parvardigori olam Abu Lahabning oqibatida xususida: “Yaqinda (u) alangali olovda kuyajak!” degani yo‘q!

Birinchidan, Janobi Payg‘ambarimizga tosh otish uchun oyog‘i bilan yurib bordi.

Ikkinchidan, qo‘li bilan toshni ko‘tarib, Payg‘ambarimizga otmoqchi ham bo‘ldi.

Uchinchidan, Janobi Payg‘ambarimizga tili bilan aziyat yetkazdi.

To‘rtinchidan, Payg‘ambarimizni qalbi bilan yomon ko‘rdi.

Bugun mana shunday ulug‘ Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari bo‘lmish ulamolarimizga, imom-xatiblarimizga, diniy soha vakillariga tosh otayotgan, ularga malomat yog‘dirib, ta’na qilayotgan g‘alamislar tarixning achchiq haqiqatlaridan, Allohning Kalomidan xulosa chiqarishsa, yomon bo‘lmas edi. Yuqorida zikr etilgan Yusuf Hamadoniy hazratlariga beodoblik qilgan va uning beodobligini takrorlayotganlar hamda Abu Lahab qilgan to‘rt xil harakatni qilib ko‘rganlar yoki birortasini qilayotganlar Alloh taoloning O‘zi ularning “ishlarini to‘g‘rilab qo‘yishi”ni hayollariga ham keltira olmaydilar. Sababi – unday kimsalar uzoqni ko‘raolmaydilar. Chunki ular “oq” bilan “qora”ni, “og‘ir” bilan “yengil”ni, “past” bilan “baland”ni, “uzoq” bilan “yaqin”ni, “achchiq” bilan “shirin”ni, “o‘ng” bilan “chap”ni, “savob” bilan “gunoh”ni, “to‘g‘ri” bilan “noto‘g‘ri”ni, “do‘st” bilan ”dushman”ni farqiga bormaydilar, bir-biridan ajrata olmaydilar. Ming afsuski, Xudoim taolo shunaqa aql bermagan. 

Alloh taboraka va taolo O‘zining Kalomi majidi – Qur’oni karimda va Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug‘lab e’zozlagan yetti toifa insonlarni har bir mo‘min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o‘rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo‘nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O‘zidir);

5) Qur’oni karimdan xabardor kishi;

6) mo‘ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

Kimki mazkur yetti xil insonlarni hurmatlarini joyiga qo‘ymas ekan, undaylarga Yusuf Hamadoniy Hazratlariga “aqlli”lik qilganning yo Janobi Payg‘ambarimizga “dono”lik qilgan Abu Lahabning holatlarini Xudoim taolo tayyorlab qo‘ygan! Buni tushunib yetish uncha qiyin emas. Shuning uchun ham 111-chi sura Masad surasini Alloh taolo 7 yoshdan 70 yoshgacha insonlarga eslatma bo‘lib turishi uchun, aql-idrokli, zehn-zakovatli, fahm-farosatli bandalari Qiyomat kunigacha bundan ibrat olishlari uchun eng qisqa suralardan qilib, 5 oyatdangina iborat qilib, yodlashga ham oson qilib qo‘ygan.

Tilim bor ekan deb har xil narsalarni sayraverish ham aqlli insonning ishi emas ekan. Yana bir jihat, so‘z erkinligi degani – istalgan narsani hech qanday mas’uliyatni his qilmasdan aytish, yozish, tarqatish degani emas. Balki har bir so‘z uchun javob bera olish mas’uliyatidir.

Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi,

Oldiga kelganni yemoq – hayvonning ishi,

deb bejiz Alisher Navoiy bobomiz yozmagan.

Har bir inson aytayotgan gapi, turli gadjetlar orqalimi yo jonli hayotdami tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, mo‘min-musulmonlar oldida ham, jamiyat a’zolari va davlat qonunlari oldida ham javobgardir! Bu me’yor dunyoviy qonun-qoidalarda ham, diniy ta’limotimizda ham qat’iy belgilab qo‘yilgan!

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Odamlarga rahbar (boshliq), ma’mur (shu ishga buyurilgan kishi) yoki riyokor (ikkiyuzlamachi, mutakabbir) so‘zlaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining, Xudo saqlasin, kofir bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi.

Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ular – cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Dinimiz ulamolari o‘zlarining fatvolarida bunday deyishgan: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir”).

Ota-bobolarimiz Islom odobiga jiddiy e’tibor berganidan xabarimiz bor va ularning odob-axloqi bilan ba’zi-ba’zida maqtanib ham qo‘yamiz.

Ota-onalarimiz nafaqat dinimiz peshvolariga, nafaqat olimu ulamolarimizga, balki shariatimizdagi mustahab va odob amallariga ham qattiq e’tiborli bo‘lganlar. Ular odoblari go‘zalligidan ilm ahllari bilan nimovoz bilan, o‘zlarini past tutib so‘zlashishgan, betgachoparlik qilishmagan, biror narsani bilishsa ham o‘zlarini bilmagan kishiday ko‘rsatishgan, xulqlari chiroyliligidan tasbehlari ko‘ksilaridan pastga tushmagan. Joynamozlarini ham ehtiyotkorona, oyoq ostida qoldirmasdan, mehr bilan alohida baland joylarga qo‘yganlar. Masjid atrofidan mehr bilan ohistalik bilan o‘tganlar. Azon aytilayotganda mehr bilan behuda so‘z aytmaganlar. Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar. Nima sababdan? Chunki ular dinga aloqasi bor har bir insonga, har bir narsaga ALOHIDA ODOB bilan muomala qilganlar! Chunki ular dinga aloqasi bor har bir odamga, har bir narsaga O‘ZGACHA MЕHR bilan munosabat qilganlar! U odob – BЕTAKROR ODOB!!! U mehr – BЕQIYOS MЕHR!!!

Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: O‘zi haq bo‘lca ham talashib-tortishmagan kishi uchun – jannat chekkarog‘idan uy berilishiga, hazillashib bo‘lsa-da yolg‘on gapirmagan kishi uchun – jannatning o‘rtasidan uy berilishiga, xulqini go‘zal qilgan kishi uchun esa – jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman” .

Ming afsuski, hozirgi kunda ba’zilar shunday chiroyli ishlarga, jahon mamlakatlari va o‘zga diyorlar ichinda “o‘zbek xalqining noyob va go‘zal odoblari” deb tan olingan odoblariga bepisand bo‘lib, “hech narsa qilmaydi” qabilidagi gaplarni aytib, ota-onalarimiz betakror va beqiyos mehr bilan bajarib kelgan betakror va beqiyos dinimizning betakror va beqiyos odoblarini yo‘qqa chiqarishga urinmoqdalar. Vaholanki, shayton musulmon kishining birinchi bo‘lib imoniga hujum qilmaydi, balki birinchi bo‘lib musulmon kishini mustahab va odob bo‘lgan amallarga bee’tibor qilishga urinadi. Agar g‘olib chiqsa, dastlab sunnatga, keyin vojibga, so‘ng farz amallarga beparvo qarashga urinadi. Agar musulmon kimsani farz amalga ham e’tiborsiz qilishga erishsa, alaloqibat, Alloh saqlasin, imoniga ham hujum qilib, natijada imondan ajratadi!!!

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo‘ladi”, deganlar.

Shunday ekan, har birimiz ota-bobolarimizning yo‘nalishlarini mahkam ushlab, barcha mustahab va odob amallarga to‘la amal qilish hamda dinimiz shiorlariga odob va axloq bilan muomala qilishimiz – betakror dinimiz talabidir!!!

Biror qarindoshingiz, do‘stingiz yoki yaqiningizni ziyorat qilish uchun otlandingiz. Biroq yo‘l-yo‘lakay borar manzilingizdan adashib qoldingiz. Shu asnoda duch kelgan insondan: pista va qurut sotuvchidan, piyodalardan, xullas, yo‘lingizdan kim chiqsa, o‘shandan manzilni so‘raysiz. U nima desa, ya’ni o‘ngga desa – o‘ngga, chapga desa – chapga, ortga qayting desa – ortga qaytasiz. Uning so‘zlariga (garchi aldayotgan bo‘lsa ham) so‘zsiz itoat etasiz. Shunday emasmi?..

Bugun hammamiz avtomobil minamiz. Lekin uni ta’mirlashni barchamiz bilmaymiz-ku. Ko‘pchilik metrodan foydalanadi. Lekin bu transport vositasini hamma ham ta’mirlay olmaydi-ku. Xuddi shunday samolyotga uchishni yaxshi ko‘ramiz. Lekin uni boshqarishni, ta’mirlashni bilmaymiz-ku.

Tishimiz og‘risa, tikuvchiga bormaymiz. Stomatologga boramiz. Nega? Chunki tishimizni tikuvchi emas, tish do‘xtiri davolaydi. Yuragimiz og‘risa, kardiologga boramiz. Mutaxassis shifokorlarning aytganlariga so‘zsiz rioya qilamiz.

Xalqimizda bir maqol bor: “Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin”. Haq gap! Bugun olimlikni da’vo qilayotgan, diniy ulamolar haqlarida turli xil gaplarni gapirayotgan ayrim nokaslar shuni yaxshi bilishlari lozimki, din ilmi o‘yinchoq emas! Bu dinga Xoliqimiz Alloh taolo O‘zining hukmlarini boqiy qilib qo‘ygan! Demak, kim dini mubinimizning ustidan kulsa, ulamolarimizni, muftiy hazratlarini, imom-domlalarimizni, dinimiz xodimlarini mazax qilsa, Allohni masxara qilgan bo‘ladi.

...Yo‘limizdan adashsak, pistachining ko‘rsatmasiga rioya qilamiz-u, tishimiz og‘risa, tish do‘xtiriga itoat etamiz-u, kardiolog maslahatlarini tinglaymiz-u, lekin sizu bizga Allohning kalomidan, Muhammad sallallohu alayhi va sallamning muborak hadisi shariflaridan, ulamolarning ko‘rsatmalaridan, aziz avliyolarning karomatlaridan so‘zlaydigan ahli ilmlarni pisand etmaymiz. Nega??! Yoki shunchalik alloma bo‘lib ketdikmi? Ilm-bilimlarimiz boshimizga sig‘masdan internetdan joy izlayapmizmi?

Payg‘ambarimizning chizib bergan chiziqlarini buzib o‘tishga qaysi noinsofning xaddi sig‘adi? “Ulamolar – payg‘ambarlar merosxo‘rlaridirlar” degan On Hazratlari sallallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlariga qaysi yuzimiz bilan qaraymizu, oldilarida qaysi betimiz bilan turamiz? Noshud bo‘lib qolmasmikanmiz?

 

Xulosa sifatida:

  • Abdurahmon ibn Abu Bakradan, u zot otalaridan rivoyat qiladilar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Olim bo‘ling yoki o‘rganuvchi bo‘ling yoki eshituvchi bo‘ling yoki ilm ahliga muhabbatli bo‘ling, ammo hargiz beshinchisi bo‘lmang-ki, halok bo‘lasiz” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
  • Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam, Xudoga ham shukr qilaolmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
  • Dono xalqimiz aytadi:

“Yaxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi.

  Yomonga qilsang yaxshilik, na aytadi, na qaytadi”.

Muhtaram azizlar! Umrimiz – sanoqli. Vaqt-soati yetib, albatta, Alloh taologa omonatimizni topshiramiz. Keling, shu to‘rt kunlik hayotimizni birovlarga malomat toshlarini otish, ta’na qilish, g‘iybat, bo‘hton, tuhmatlar to‘qish, fitnalar uyushtirish o‘rniga ezgu ishlarga sarflaylik. Shoyad qilgan yaxshiliklarimiz oxiratimizga zaxira bo‘lsa!

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   4563   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari