بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الزَّكَاةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
ZAKOT BЕRISH – ULKAN SAVOB!
(ZAKOTGA OID HUKMLAR)
Muhtaram jamoat! Zakot – Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan amaldir. Zakot lug‘atda “poklash”, “o‘sish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa – “Muayyan mollardan ma’lum qismini Alloh taolo belgilab bergan muayyan toifa kishilarga mulk qilib berish”dir. “Zakot” so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payadi, o‘sib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi.
Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
(سورة النور/56).
ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini aynan ushbu oyda berishga odatlanishgan. Quyidagi oyati karima zakot berish – farz ekanligiga dalil hisoblanadi.
خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا ...
(سورة التّوبة/103).
ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...” (Tavba surasi, 103-oyat)
Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.
Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
"مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"
(رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Alloh taolo o‘z bandasiga jon va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon – ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa – mol ne’matining shukridir”.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida zakotga doir ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.
Alloh taolo Ramazon oyini barchamizga muborak qilsin! Bu oydagi savobli amallarni bizga oson qilib, gunohlardan forig‘ bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati