Allohga shukrki, shu yil 17 avgust kuni bomdod namozidan boshlab, yurtimizdagi barcha 2070 ta jome masjid o‘z eshiklari yana mo‘min-musulmonlarga ochadi. Haqiqatan, barcha mo‘min-musulmonlarimiz jomelarda namoz o‘qishni juda ham sog‘inishdi. Masjidlar ochilishi xabari, hech shubha yo‘qki, ko‘ngillarni shod qilgan mujda bo‘ldi.
Ta’kidlaymizki, ayrim sayt va ijtimoiy tarmoqlarda masjidlar haftada to‘rt kun ishlaydi, juma, shanba va yakshanba kunlari esa faoliyat ko‘rsatmasligi haqidagi habarlar anglashilmovchilik oqibatidir.
Masjidlar haftada har kuni o‘z ish faoliyatini olib boradi, faqat juma namozi epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar vaqtincha ado etilmay turadi. Duoyu-tazarrularda bardavom bo‘lib tursak, bu fayzli ibodatga ham Alloh taolo nasib etadi.
Barcha namozxonlarimizga masjidlarda joriy etilgan sanitariya-epidemiologik qoidalarni yana bir bor yodga solamiz:
- masjidlarning kirish joyini dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich) bilan ta’minlash;
- har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda bo‘lishi, hududga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat o‘lchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
- ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
- har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qat’iy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi to‘g‘risidagi axborot lavhalarini o‘rnatish;
- masjid ma’muriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish bo‘yicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulug‘ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish);
- masjidlarda juma namozini vaqtincha ado etmaslik;
- hududiy Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish;
- ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni o‘rganish va tavsiyalar berish;
- masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
- masjidga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik;
- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish kabi tartib-intizomlar alohida ta’kidlanadi.
Haq taolo o‘zining uyida qilingan ibodatlar va duoyu tazarrular sababidan butun insoniyat boshiga kelgan kasallikni daf etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati