Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta o‘zgarishlar va islohotlar bo‘lyapti. Buni biz so‘ngi uch yarim yil ichida muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashkil etilgan ilm-ma’rifat maskanlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ular qatoriga Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazlarini kiritishimiz mumkin.
Bugun ham ana shu ezgu ishlar davom etmoqda. Joriy yil 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
- islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
- Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
- “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.
Hujjatda Markaz hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO)ga a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, Qarorda “El-yurt umidi” jamg‘armasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishi qayd etib o‘tildi.
Yurtimizda bu kabi nufuzli dorulfununning tashkil etilishi orqali Imom Moturidiy va uning izdoshlarining musulmon olamidagi mashhur asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va xalqimizga yetkaziladi. Yurtimiz moturidiyshunos olimlari xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etadilar. Markaz muassisligida “Moturidiylik” ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi.
Kelgusida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida konferensiya va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi. Yig‘ilgan malumotlar asosida moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi.
Yana quvonarlisi o‘zbek va jahon kino ixlosmandlari uchun Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyoda mavjud 1,9 mlrd musulmon aholining 38% yoki 726 millioni moturidiylik ta’limotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi sifatida ulug‘ alloma ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmi merosini chuqur tadqiq etish, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ezgu umuminsoniy g‘oyalar, muqaddas dinimizning ilm-ma’rifat, halol-poklik, yuksak axloq va ezgulik ta’limoti asosida tarbiyalash imkonini beradi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.