Dinimizda mo‘minlarning maqtalgan xususiyatlaridan biri ularning go‘zal xulqidir. Eng chiroyli xulq sohibi, shubhasiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdirlar.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (“Qalam” surasi, 4-oyat). Oyati karimadagi “buyuk xulq”ning ma’nosi haqida tafsirlarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Xulq so‘zi bu yerda asl ma’noda ishlatilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men go‘zal xulqlarni takomillashtirish uchun yuborilganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Haqiqatan, Muhammad alayhissalom birinchi darajadagi komil inson ekanliklariga aslo shubha yo‘q.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot alayhissalom: “Allohga taqvo qilish va go‘zal xulq”, dedilar. U zotdan odamlarni ko‘proq do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot: “Og‘iz va farj”, dedilar» (Imom Nasoiy rivoyati).
Kishi go‘zal xulq bilan taqvodorlar erishgan oliy darajalarni qo‘lga kiritishi mumkin. Shuningdek, inson bir og‘iz yaxshi so‘zi orqali ulkan saodatga erishishi va aksincha bitta yomon so‘zi bilan badbaxtlikka yo‘liqishi mumkin. Shu bois tilni yomon so‘zlardan ehtiyot qilish kerak.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning yaxshilaringiz go‘zal xulqlilaringizdir”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min-musulmonlar yaxshi inson ekani hammaga ayon. O‘sha yaxshilar orasida eng yaxshisi, shubhasiz, go‘zal xulq egalaridir. Demak, yanada yaxshi inson bo‘lishga intilishimiz zarur. Shunda ham taqvodor bo‘lamiz, ham ulug‘ darajalarga erishamiz, insha Alloh.
Rahima KOMILOVA,
“Katta Qozirabot” mahallasi otinoyisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.