Dinimizda mo‘minlarning maqtalgan xususiyatlaridan biri ularning go‘zal xulqidir. Eng chiroyli xulq sohibi, shubhasiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdirlar.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (“Qalam” surasi, 4-oyat). Oyati karimadagi “buyuk xulq”ning ma’nosi haqida tafsirlarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Xulq so‘zi bu yerda asl ma’noda ishlatilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men go‘zal xulqlarni takomillashtirish uchun yuborilganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Haqiqatan, Muhammad alayhissalom birinchi darajadagi komil inson ekanliklariga aslo shubha yo‘q.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot alayhissalom: “Allohga taqvo qilish va go‘zal xulq”, dedilar. U zotdan odamlarni ko‘proq do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot: “Og‘iz va farj”, dedilar» (Imom Nasoiy rivoyati).
Kishi go‘zal xulq bilan taqvodorlar erishgan oliy darajalarni qo‘lga kiritishi mumkin. Shuningdek, inson bir og‘iz yaxshi so‘zi orqali ulkan saodatga erishishi va aksincha bitta yomon so‘zi bilan badbaxtlikka yo‘liqishi mumkin. Shu bois tilni yomon so‘zlardan ehtiyot qilish kerak.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning yaxshilaringiz go‘zal xulqlilaringizdir”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min-musulmonlar yaxshi inson ekani hammaga ayon. O‘sha yaxshilar orasida eng yaxshisi, shubhasiz, go‘zal xulq egalaridir. Demak, yanada yaxshi inson bo‘lishga intilishimiz zarur. Shunda ham taqvodor bo‘lamiz, ham ulug‘ darajalarga erishamiz, insha Alloh.
Rahima KOMILOVA,
“Katta Qozirabot” mahallasi otinoyisi
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.