Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Yaxshilik va yomonlik teng bo‘lmas

10.08.2020   4365   5 min.
Yaxshilik va yomonlik teng bo‘lmas

Bismillahir rohmanir rohim

Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur. Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur. Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir (Fussilat, 34-35).

Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Ibn Abbos (Roziyallohu anhu): “Yaxshilik “La ilaha illalloh”, yomonlik qo‘pollikdir”, degan. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): “Yaxshilik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning oilasini sevish, yomonlik ularga g‘azab qilishdir”, degan. Imom Zahhok (rahimahulloh): “Yaxshilik ilm, yomonlik fahshdir”, degan. Yaxshilikni toat-ibodatning biror naviga, yomonlikni ham gunoh masiyatning biror turiga xoslab qo‘yilmaydi. Oyatdagi so‘z umumiy bo‘lib, barcha yaxshiliklarni va yomonliklarni qamrab oladi. 

Imom Zajjoj (rahimahulloh) ushbu oyatning tafsirida shunday deydi “Toat bilan masiyat, imon bilan kufr barobar bo‘lmas”. Boshqa olimlar ham uni turlicha tafsir qilganlar “Ko‘ruvchi bilan ko‘zi ojiz, sabrli bilan besabr, ozorga bardoshli bilan yomonlik qiluvchi teng bo‘lmas”, deganlar. Payg‘ambarimizga Abu Jahl ko‘p ozor bergani uchun uni ko‘rsalar g‘azablanardilar, shunda Alloh taolo uni afv qilishga, kechirishga buyurdi.  

Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling! Yaxshilik va yomonlik o‘rtasida katta farq bor. Sizda ikkita yaxshilik qilishni imkoniyati bor, shu ikkisining go‘zali bilan ba’zi dushmanlar tomonidan kelgan yomonlikni daf qiling. Shuningdek, sizga bir kimsa yomonlik qilsa uni kechirishingiz yaxshilik bo‘lsa, sizga yomonlik qilgan joyda yaxshilik qilishingiz go‘zal bo‘ladi. Yoki bolangizni o‘ldirgan kimsaning farzandini dushman qo‘lidan qutqarib qolish yaxshilikning go‘zalidir.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) “go‘zalroq (muomala) bilan” degan ma’nodagi oyatning qismini “G‘azab chiqqanda sabr qilish, johillik vaqtida halim bo‘lish, yomonlik qilinganda afv etish”, deb tafsir qilgan. Imom Mujohid (rahimahulloh) “Yomon ko‘rgan kimsa bilan uchrashib qolganda salom berish, ro‘baro‘ kelib qolganda qo‘l berib ko‘rishish degan ma’no tushuniladi”, degan. 

Yaxshi so‘z bilan yomonini, la ilaha illalloh bilan shirkni, sabr bilan g‘azabni daf qilish kabi ma’nolar tushuniladi.

(Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur. Yomonlikni go‘zal muomala bilan daf qilsangiz siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qarindoshingiz kabi yaqin bo‘lib qoladi.

Ushbu oyatni Nabiy (alayhissalom)ga ko‘p ozorlar beradigan dushman bo‘lib, keyinchalik u zotga yaqin do‘stga aylangan Abu Sufyon ibn Harb haqida nozil bo‘lgan deyiladi. Boshqa rivoyatda Nabiy (alayhissalom)ga ko‘p aziyat bergan Abu Jahl ibn Hishom haqida nozil bo‘lgan deyiladi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni sabrga chaqirib, u bilan qo‘l berib so‘rashishga buyurgan.

Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur. Yaxshi so‘z va yomonlikni daf qilish, Allohni toati hamda farzlarni ado qilishda sabr qilgan va oxiratda buyuk nasibasi bor bandalarga beriladi.

Ali ibn Abu Tolha (roziyallohu anhu) ushbu oyatni tafsiri haqida ibn Abbos (roziyallohu anhu) dan rivoyat qiladi. Alloh taolo mo‘minlarni g‘azab chiqqanda sabrga, jahl kelganda halim bo‘lishga, yomonlik qilinganda afv qilishga buyurdi. Mana shularni bajarsa, Alloh uni shaytondan saqlaydi, dushmanlarini bo‘ysundirib yaqin do‘stdek qilib qo‘yadi. 

Ibn Abbos roziyallohu anhu “ulug‘ nasiba” kalimasini savob deb tafsir qilgan. Imom Hasan (rahimahulloh) esa jannatdan boshqa ulug‘ nasiba bo‘lmaydi degan. Qatoda (rahimahulloh) “ulug‘ nasiba” jannat bo‘ladi. Shuning uchun u jannat vojib bo‘lgan insonlarga beriladi deb aytgan.  

Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Shayton sizni vasvasa qilsa uni yomonligidan Alloh panoh berishini, bardosh bilan turishni so‘rang. Imom Muqotil (rahimahulloh) ushbu oyat tafsirida “Shaytondan sizga fitna bo‘lsa Allohdan panoh so‘rang”, deganlar. Imom Kalbiy (rahimahulloh) “Yomonlikni daf qilish mobaynida biror gunoh sodir bo‘lish xavfi paydo bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang”, deb aytganlar.

Ikki kishi Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning oldilarida bir-birlarini so‘kdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bir so‘zni bilaman kim uni aytsa, g‘azabi ketadi”, dedilar. Buni eshitgan kishilarning biri “Meni majnun deb o‘ylayapsanmi?” dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang. Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir” oyatini o‘qidilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).

Zero, U eshituvchi va biluvchi zotdir. Alloh taolo panoh so‘rashingizni eshituvchi, kofirlarni so‘zini ham azoblanishini ham biluvchi zotdir.

 

Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   9753   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari