Har bir kishi o‘qib yurishi tavsiya etiladigan duolar;
Anas (roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘p o‘qib yuradigan duolari:
«Allohumma atina fid-dunya hasanatav vafil axirati hasanatav vaqina ’azaban-nar» edi.
(Ma’nosi: Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni ato qil, oxiratda ham yaxshilikni ato et va bizni do‘zax azobidan asra.)
Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Allohumma inniy as’aluka huda vattuqo val ’afofa val g‘ina», - deb aytardilar.
(Ma’nosi: Ey Alloh, sendan hidoyat, taqvo, iffat, va boylik so‘rayman).
Imom Muslim rivoyati.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Allohumma ya musorrifal qulub sorrif qulubana ’ala to’atika», deb aytardilar.
(Ma’nosi: Ey Alloh, qalblarni aylantiruvchi zot, qalbimizni toating tomoniga aylantir).
Imom Muslim rivoyati.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mana bu kalimalar bilan duo qilardilar: «Allohumma inniy a’zubika min fitnatin nari va a’zobannari va min sharril g‘ina val faqri»
(Ma’nosi: Allohim do‘zax fitnasidan, do‘zax azobidan, boylik va kambag‘allikning yomonligidan Sendan panoh tilayman.)
Abu Dovud Termiziy, Nasaiy, va Ibn Mojalar sahih isnod bilan rivoyat qilgan.
Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam): «Katta baliqning qornida Rabbilariga iltijo qilgan Zinnunning (Yunus alayhissalom) duolari: «Laa ilaha illa anta subhanaka inniy kuntu minaz zolimin», edi. Biror musulmon kishi mana shu kalimalar ila duo qilsa, ijobat etiladi», - dedilar.
(Ma’nosi: Sendan boshqa iloh yo‘q. Seni poklab yod eturman. Albatta men zolimlardan bo‘ldim).
Alloh barchalarimizni mushkullarimizga o‘zi najot bersin. Omin.
O‘MI matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.