Til buyuk ne’mat. Uning jismi kichik, mas’uliyati og‘ir, vazifasi ulkandir. Toat hamda isyonnnig eng yuqori cho‘qqisi bo‘lgan imon va kufr til sababli ro‘yobga chiqadi. Inson toyilishiga ham ko‘pincha til sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, dedilar (Imom Muslim).
Bu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shuninig uchun hadisda til zikr qilingan. Ba’zida uning xataridan jim turish bilangina najot topish mumkin.
Manbalarda jim tura olish insonga berilgan najot topish omilidir, deyiladi. Inson hayotida jim turish bilan dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Bugungi kunda jamiyatning eng kichik bo‘g‘imi bo‘lmish oila arzimagan bir og‘iz so‘z, o‘rnida aytilmagan ortiqcha gap, o‘z vaqtida tilni tiymaslik bilan buzilib ketmoqda. Natijada qancha-qancha norasida bolalar tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Oilada ayol birozgina sukut saqlashi, er esa bir mudddat o‘zini bosib, jim turishi bilan hal bo‘ladigan muommo so‘zlash bilan alanga olmoqdi. Natija esa hammaga ma’lum. Keling biroz jim turaylik!
Sukut saqlash insonga ziynat va haybatni ziyoda etadi va hatto qo‘rg‘on vazifasini ham o‘taydi. Ba’zilar ko‘p eshitib, kam gapiradigan odamni ko‘rsalar ”Haybatli odam ekan yonlarida gapirolmadim”, boshqalar esa jim turadigan bolani ko‘rganda beixtiyor “Bu bola odobli ekanmi?” deganlariga guvoh bo‘lamiz. Sofvan ibn Salim (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: “Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga badan uchun yengil bo‘lgan, oson ibodatning aytaymi? U – jim turish va chiroyli xulqdir” dedilar” (Imom Abu Dunyo).
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jim turish hikmatdir. Jim turuvchilar esa juda kamdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy).
Boshqa bir hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim jim tursa najot topadi”, dedilar”(Imom Termiziy).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayotlari davomida sukut saqlashni biz ummatlarga ta’lim berdilar. Jobir ibn Samura (roziyallohu anhu): “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uzoq vaqt jim turardilar”, deb rivoyat qiladi. Abu Molik Ashja’iy otasi (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Biz Nabiy (alayhissalom)ni atroflarida o‘tirganimizda uzoq jim turganlarini ko‘rardik. Sahoba (roziyallohu anhum)lar ko‘p gapirib yuborsalar tabassum qilardilar”.
Ulamolar aytadi: “Tinglash vaqtida jim turish fazilat, sinov kelganida jim turish sabrdir, deyilgan”. Bishr ibn Horis Hofiy aytadi: “So‘zlovchi jim turuvchidan ko‘ra taqvoli bo‘lolmaydi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida sukut qilgan olimgina undan afzal bo‘lishi mumkin”. Sahl ibn Abdulloh “Alloh taoloni tanuvchilar ilmli bo‘lsalar ham jim turadilar va izn bilan gapiradilar. Shuning uchun ularda lag‘v bo‘lmaydi”, deydi. Donishmandlar: “Inson so‘zlashni o‘rganishiga ikki yil kifoya qilsa, jim turishni o‘rganishiga ellik yil kerak bo‘ladi” deydi.
Jamiyat a’zolari jim turish-sukut saqlash bilan ziynatlansa oilalar mustahkam, fuqarolar xulq-odobda namuna bo‘ladilar. Bu esa o‘z navbatida jamiyatni taraqqiyotning yuqori cho‘qqisiga odimlashiga sabab bo‘ladi.
Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati