Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari tomonidan masjidlarda jamoat ibodatini boshlash masalasi ilgari surilmoqda. To‘g‘ri, bugun barchamiz jome masjidlarni to‘ldirib, jamoat namozlarini o‘qishni, duoyu iltijolar qilishni juda ham sog‘indik.
Biroq hozirgi koronavirus bilan bog‘liq juda ham keskin vaziyatni ham zinhor esdan chiqarmaslik zarur! Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus infeksiyasi keng avj olmoqda. Jamoat ibodatlari sog‘inchini tushunish mumkin. Lekin bunday masalalarda ehtiros bilan emas, balki ilm bilan yondashgan yaxshi, chunki inson hayotini saqlash shariatning eng asosiy maqsadlariga kiradi. Shuning uchun yana biroz sabr-qanoat qilaylik, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun duo-yu tazarrularda bardavom bo‘laylik.
Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan fuqarolar salomatligi va hayotini asrash maqsadida, jamoat joylari, xususan, oshxonalar, kafelar, jamoat transportlari faoliyati, jamoaviy tadbirlar, to‘yyu tomoshalar vaqtincha to‘xtatildi. Shu jumladan, masjidlarda jamoat bo‘lib ibodat qilish ham to‘xtadi.
Ma’lumki, Islom dinimizda bunday holatda har bir kishi ish boshilar va shifokorlar ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etishlari zarur. Ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha mutaxassislar qanday yo‘l-yo‘riq berishsa, ularga hech qanday e’tirozsiz amal qilishimiz lozim bo‘ladi. Zero, oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!”, deb marhamat qilinadi (“Niso” surasi 59 oyat).
Xabaringiz bor, dunyo mamlakatlarida koronavirus kasalligi tarqalishi turlicha davom etmoqda. Ushbu kasallik yuqish ehtimoli katta bo‘lgani boisidan juda ko‘p mamlakatlarda masjidlarda jamoat bo‘lib ibodat qilish to‘xtatildi. Hatto haj va umra kabi ulug‘ ibodatlar ham dunyo mamlakatlari uchun bekor qilindi.
Epidemiologik murakkab vaziyatda karantinning keskinlashuvi haqidagi qarorlarni ham to‘g‘ri tushunish kerak bo‘ladi. Vabo, o‘lat sharoitlariga taalluqli ilm-fan ko‘rsatmalarining aksari fiqhiy ahkomlarga to‘la mosdir. Islom dinida yuqumli kasallik tarqalib, u yerdagi kishi sabr qilsa va boshqa joyga borib kasallikning o‘zgalarga yuqishiga sababchi bo‘lmasa, unga ulug‘ savoblar bitilishi bayon etilgani bejiz emas, albatta.
Alloh taolo bandalarini mudom qiyinchilikka tashlab qo‘ymaydi, balki tezda yengillik beradi: “Albatta, Alloh tezda tanglikdan keyin yengillikni paydo qilur” (Taloq, 7), deb marhamat qilinadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xursand bo‘linglar! Sizlarga yengillik keldi. Hargiz bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi” (Imom Hokim rivoyati).
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. Shunday holatlarda sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (“Baqara” surasi, 155-oyat).
Yana bir oyati karimada esa: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!”, deb bayon qilingan.
Yana bir muhim jihat. Hozirgi mas’uliyatli onlarda hech birimiz zinhor shayton vasvasasiga uchmasdan, shoshqaloqlikka berilmasligimiz kerak. Bunday og‘ir damlarni birdamlik, hamfikrlik bilan yengishimiz lozim. Mana shunday sinovli damlarda odamlarni chalg‘itish, ularning orasiga fitna solish va norozilik kayfiyatini urchitish gunoh. Bir hadisi sharifda: “Fitna uxlab yotgan narsadir, kim uni to‘zitib uyg‘otsa, uni Alloh la’natlasin”, deb ta’kidlanadi.
Biz ishonamizki, xalqimiz bu o‘rnatilgan tartib-qoidalarni to‘g‘ri tushunadi, turli fitnalarga, har-xil nojo‘ya chaqiriqlarga berilmaydi. Boshga kelgan sinovlarni sabr-qanoat, cheklovga itoat ila yorug‘ kunlarga umid bilan yengib o‘tadi, insha Alloh.
Shunday ekan, vaziyat barqarorlashgunga qadar bugungi vaqtimizning qadriga yetib, Qur’on tilovati, ilm-ma’rifat bilan shug‘ullanish, zikru tasbihlar kabi ezgu va savob amallar bilan mashg‘ul bo‘lishimiz ayni muddaodir.
Ilohim, koronavirus atalmish xastalik tezda daf bo‘lsin. Alloh taolo bemorlarga shifo bersin. Yurtimiz masjidlari yana jamoatlar ila qoim bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati