Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Pandemiya davrida zarur bo‘lgan o‘nta axloq

6.08.2020   2245   8 min.
Pandemiya davrida zarur bo‘lgan o‘nta axloq

Bismillahir rohmanir rohim. Bandalarning Allohga bo‘lgan imon-ishonchi, Unga bo‘lgan tavakkuli va o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan muruvvat va ehsonlari qay darajada ekanligini sinash uchun Alloh taolo ba’zida mana shunday qiyinchiliklarni yuborib turishi Haq taoloning sunnatidir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ حَتَّى نَعْلَمَ الْمُجَاهِدِينَ مِنْكُمْ وَالصَّابِرِينَ وَنَبْلُوَ أَخْبَارَكُمْ

ya’ni: “Albatta, Biz, to sizlarning orangizdagi jiddu-jahd qiluvchi va sabr qiluvchilarni bilgunimizcha hamda sizlarning xabarlaringizni sinab bo‘lgunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz” (Muhammad surasi, 31-oyat).

Shunday ekan, musulmon kishi Allohning irodasi bilan kelgan sinov paytida shunday odob va axloq me’yorlariga ega bo‘lish lozimki, u bilan o‘z ibodatini, axloqini va insoniyligini muhofaza qilib, sinovdan o‘tib olishi darkor. Quyida ana shu axloq namunalarini sanab o‘tamiz:

Birinchi: Axborot tarqatishdan avval uni rost ekanligiga ishonch hosil qilish, tasdiqlanmagan, mish-mishlardan iborat bo‘lgan axborotlarni tarqatishdan saqlanish. Darhaqiqat, Qur’oni karim asossiz xabarlarni tarqatishni qoralagan. Garchi, bu kabi ishlar ayrim insonlar nazdida arzimas sanalsada, Allohning nazdida eng katta gunohlardan ekanini bayon qilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 إِذْ تَلَقَّوْنَهُ بِأَلْسِنَتِكُمْ وَتَقُولُونَ بِأَفْوَاهِكُمْ مَا لَيْسَ لَكُمْ بِهِ عِلْمٌ وَتَحْسَبُونَهُ هَيِّنًا وَهُوَ عِنْدَ اللَّهِ عَظِيمٌ

ya’ni: “O‘shanda sizlar uni tildan tilga ko‘chirib, og‘izlaringiz bilan o‘zlaringiz aniq bilmagan narsani so‘zlar va buni yengil sanar edingiz. Holbuki, u Alloh nazdida ulkan gunohdir” (Nur surasi, 15-oyat).

Ikkinchi: Insonlar orasida sokinlik va xotirjamlik kayfiyatini yoyish, ularni qo‘rquvga solish, vahima qo‘zg‘ashdan saqlanish. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom:

لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا (أخرجه أبو داود)

ya’ni: “Musulmon kishiga boshqa musulmonni qo‘rqitishi, vahimaga solishi halol emas”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Uchinchi: Musibat yetgan vaqtda Alloh taologa nisbatan odobni saqlagan holda Unga itoat etish, chin dildan iltijo qilish, Unga qalban yolvorib duo qilish, mana shunday balo va qiyinchilik vaqtlarida sayyidimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlarning Alloh taolodan zorlanib yordam so‘raganlarini esga olib, ularning tutgan yo‘llariga ergashish.

To‘rtinchi: Har doim ham odamlar orasida o‘zaro hamjihatlik, bir-biriga yordam berish ijtimoiy hamda shar’iy burch va majburiyatlardan hisoblanadi. Xususan, qiyin paytlarda bunga rioya qilish vojib sanaladi. Batahqiq, Payg‘ambarimiz alayhissalom bu ishga buyurib shunday deganlar:

عن أبي سعيد الخدري قال بينما نحن في سفر مع النبي صلى الله عليه وسلم إذ جاء رجل على راحلة له قال فجعل يصرف بصره يمينا وشمالا فقال رسول الله صلى الله عليه وسلم مَنْ كَانَ مَعَهُ فَضْلُ ظَهرٍ فَلْيَعُدْ بِهِ عَلىٰ مَنْ لا ظَهْرَ لَهُ، وَمَن كانَ لَهُ فَضْلٌ مِن زَادٍ فَلْيَعُدْ بِهِ عَلَىٰ مَن لا زَادَ لَهُ، فَذَكَرَ مِن أَصْنَافِ المَالِ مَا ذَكَرَ حَتَّى رَأَيْنَا أَنَّهُ لا حَقَّ لأحدٍ مِنَّا في فَضْلٍ (أخرجه مسلم).

ya’ni: Abu Sa’id al-Xudriy r.a. rivoyat qilib aytadilar: Biz Payg‘ambar s.a.v. bilan birga safarda edik, shu payt bir kishi uloviga minib keldi va o‘ng va chap tomonga alanglab qaray boshladi. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Kimni ortiqcha ulovi bo‘lsa, uni ulovi yo‘qqa bersin, kimni ortiqcha oziq-ovqati bo‘lsa, oziq-ovqati yo‘qqa bersin, dedilar. Shu orada qanday mol turlari bo‘lsa sanab o‘tdilar, hatto biz “o‘zimizdagi ortiqcha narsada birortamizning haqqimiz yo‘q ekan-da”, –  deb o‘ylab qoldik” (Imom Muslim rivoyati).

Beshinchi: O‘zgalarga ilinish, o‘zgalarni o‘zidan ustun qo‘yish kabi eng go‘zal xulq bilan ziynatlanish, aksincha, qiyinchilik vaqtida faqat o‘z foydasini o‘ylab birlamchi zaruriy mahsulotlarni keragidan ortiq miqdorda sotib olish, ularni saqlab qo‘yish kabi illatlardan uzoqda bo‘lish. Bunday hatti-harakatlar alaloqibat narxlarning sun’iy tarzda ko‘tarilib ketishiga va kambag‘allarni zaruriy ehtiyojlarini qondirishdan mahrum bo‘lishlariga olib keladi. Holbuki, habibimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ash’ariy qabilasini tang ahvollarda o‘zaro rahm-shavqat, o‘zgani o‘zidan ustun qo‘yish kabi sifatlarini barchaga maqtab shunday deganlar:

إنَّ الأشْعَرِيِّينَ إذا أرْمَلُوا في الغَزْوِ، أوْ قَلَّ طَعامُ عِيالِهِمْ بالمَدِينَةِ، جَمَعُوا ما كانَ عِنْدَهُمْ في ثَوْبٍ واحِدٍ، ثُمَّ اقْتَسَمُوهُ بيْنَهُمْ في إناءٍ واحِدٍ، بالسَّوِيَّةِ، فَهُمْ مِنِّي وأنا منهمْ (أخرجه مُسلم).

ya’ni: “Ash’ariylar g‘azotda oziq-ovqat tanqisligiga uchrasalar yoki Madinada oilalarining yeguligi ozayib qolsa, o‘zlaridagi bor narsalarini bir matoga to‘plab, keyin uni o‘rtalarida bir idishda bab-barobar taqsimlashadi. Shunday ekan, ular mendan va men ulardanman” (Imom Muslim rivoyati).

Oltinchi: Ushbu sinovli kunlarda namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish, duo qilish, nafl ro‘za tutish, Qur’oni karim tilovati bilan mashg‘ul bo‘lish, tunlari qoim bo‘lib ibodat qilish orqali Alloh taologa yaqin bo‘lishga intilish. Shoyad, shular najot bersa!

Yettinchi: Kasallikka chalinib dard chekayotgan kishilarning dardiga malham bo‘lishga, og‘rig‘ini his qilishga harakat qilish. Zinhor, bu dardga chalingan kimsaga nisbatan tahqir va masxara nazari bilan boqmaslik. Vaholangki, bu musibat butun ummatning boshiga kelgan va undan hech kim omonda emas. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min inson qanday bo‘lishini bayon qilib shunday deganlar:

مَثَلُ الْمُؤْمِنِينَ فِي تَوَادِّهِمْ وَتَرَاحُمِهِمْ وَتَعَاطُفِهِمْ مَثَلُ الْجَسَدِ؛ إِذَا اشْتَكَىٰ مِنْهُ عُضْوٌ تَدَاعَىٰ لَهُ سَائِرُ الْجَسَدِ بِالسَّهَرِ وَالْحُمَّىٰ (مُتفق عليه).

ya’ni: “Mo‘minlar o‘zaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a’zosi og‘rib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan og‘riqqa javob beradi” (Muttafaqun alayh).

Sakkizinchi: Musibat yetgan paytda nafsni tergab, uni hisob-kitob qilish. Musibatlar – bu, oxiratni esga soluvchi vositadir. Tavbaga shoshilish, istig‘forni ko‘p aytish, ibodat va itoatga o‘tish, gunoh va ma’siyatlardan batamom tiyilish balodan najot topish yo‘lidir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَمَا كَانَ اللهُ مُعَذِّبَهُمۡ وَهُمۡ يَسۡتَغۡفِرُونَ (سورة الأنفال: 33)

ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azablovchimas” (Anfol surasi, 33-oyat).

To‘qizinchi: Salomatlikni asrash, virusdan himoyalanish bo‘yicha soha mutaxassislari, tibbiyot olimlari va mas’ullar tomonidan berilayotgan ko‘rsatma va tavsiyalarga qat’iy amal qilish. Chunki, o‘zining va boshqalarning hayotini saqlab qolishda har bir insonning o‘z  o‘rni bor. Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:

السَّمْعُ وَالطَّاعَةُ عَلَىٰ الْمَرْءِ الْمُسْلِمِ فِيمَا أَحَبَّ وَكَرِهَ، مَا لَمْ يُؤْمَرْ بِمَعْصِيَةٍ، فَإِذَا أُمِرَ بِمَعْصِيَةٍ، فَلَا سَمْعَ وَلَا طَاعَةَ (متفق عليه).

ya’ni:  “Modomiki musulmon kishi gunoh va ma’siyatga buyurilmas ekan yaxshi ko‘rgan narsasida ham, yomon ko‘rgan narsasida ham (ish boshilarga) quloq solishi va itoat qilishi vojibdir. Qachonki, gunoh va ma’siyatga buyurilsa, quloq solinmaydi va itoat qilinmaydi” (Muttafaqun alayh).

O‘ninchi: Musulmon kishi musibat kelgan vaqtda ma’naviy ibodatlar bo‘lmish sabr, ishonch, yaxshi niyat va Alloh taologa haqiqiy tavakkul qilish kabilarni jonlantirish bilan birga, o‘zini va o‘zgalarni virus balosiga duchor bo‘lishdan asraydigan moddiy sabablarga rioya qilishi lozim.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari

Homidjon Ishmatbekov 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

8.01.2025   3359   1 min.
Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.


Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.


Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.


Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida