Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Itoatli zotlar tavsifi

6.08.2020   2214   12 min.
Itoatli zotlar tavsifi

Alloh taolo marhamat qiladi:

يَخَافُونَ رَبَّهُمْ مِنْ فَوْقِهِمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

“Ular (farishtalar) ustilaridagi (kuzatib turgan) Parvardi­gorlaridan qo‘rqurlar va o‘zlariga buyurilgan buyruqlarini bajarurlar” (Nahl, 50).

Butun olam Allohning mulkidir. Undagi barcha mavjudot — nabotot, hayvonot, jonli va jonsiz narsa kechayu kunduz U Zotga tasbeh aytadi. Daraxtning bitta bargi ham Allohning iznisiz uzilib tushmas. Alloh bu olamni ko‘zga ko‘rinadigan moddalardan yaratganidek, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ruh olamini ham yaratgan. Parvardigorning biz bilgan va bilmagan yana qanchadan-qancha maxluqotlari bor. Shular ichida eng jozibalisi Allohning nuroniy, itoatli farishtalaridir. U zotlar ruh olamidan bo‘lgani uchun ham biz ularni ko‘z bilan ko‘rolmaymiz.

Alloh taolo ilohiy hikmati bilan farishtalar olamini bandalariga g‘ayb qilgan. Bizga kifoya miqdordagi ma’lumotlar Qur’oni karim va sunnatda bayon qilingan. Ularga imon keltirish Allohga imon keltirishdan so‘nggi farzlardandir. Farishtalarning borligiga ishonishning o‘zi kifoya emas. Qur’oni karim va hadisi sharifda aytilganidek, ularning vasflari, xizmatlari va xususiyatlariga imon keltirish lozim. Muqaddas manbalarda ismlari Jabroil (alayhissalom) kabi zikr qilingan farishtalarga ham, zikr qilinmaganlariga ham ishonish lozim.

Qur’oni karimda bunday deyilgan:

آمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ

“Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilin­gan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarla­riga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi” (Baqara, 285).

Ular qanday ham ajoyib maxluqotdirlar! Ular Rabbul Olaminning buyrug‘iga doim shay bo‘lib, U Zotga hamdu sano, tasbeh aytib turadilar. Inson nafas olib charchamagani kabi ular ham toat-ibodat va tasbeh aytish bilan charchamaydilar. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan:

وَلَهُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَمَنْ عِنْدَهُ لَا يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِهِ وَلَا يَسْتَحْسِرُونَ * يُسَبِّحُونَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ لَا يَفْتُرُونَ

“Osmonlar va Yerdagi borliq Uniki­dir. Uning huzuridagi zotlar (farishtalar) Uning ibodatidan orlanmaydilar va charchamaydilar ham. Ular tunu kun sustkashlik qilmasdan (Allohga) tasbeh aytadilar” (Anbiyo, 19-20).

Farishtalarga insonlardan farqli o‘laroq ixtiyor berilmagan, ular doimo Alloh taologa itoatda bo‘lib, isyon qilmaydilar. Insonga esa shahvat ham, aql ham berilgan. Shu bois, ahli sunna val jamoa aqidasiga ko‘ra, kishi imon keltirib, shahvatini aqli bilan boshqarib, solih amallar qilsa, farishtalardan afzal hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ أُولَئِكَ هُمْ خَيْرُ الْبَرِيَّةِ

“Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar – aynan o‘shalar xaloyiqning eng yaxshisidirlar” (Bayyina, 7). Zero, farishtalar ham Alloh taoloning maxluqlaridir.

Farishtalarning barchalari Allohning ishonchli bandalari, elchilari va rasullari bo‘lib, doimo U Zotning ibodati bilan mashg‘uldirlar. Ular gunohlar­dan xoli, insonlardagi kabi nafs ehtiyojlaridan forig‘, o‘zlariga belgilan­gan vazifalarni so‘zsiz bajaruvchi mavjudotlardir. Bu zotlarning qanotlari bor, ular uchib yuradilar va faqat Rabbul Olaminga buysunadilar. 

Farishtalar payg‘ambarlik va rasullik maqomida turadilar. Chunki Jabroil (alayhissalom) Allohning amrini odamlarga yetkazganlar. Farishtalarni so‘kish yoki haqorat qilish mumkin emas. Kim biror farishtani so‘ksa yoki yomon ko‘rsa, kofir bo‘ladi, xuddi payg‘ambarlar (alayhimussalom)ni so‘kkanidek yoki haqorat qilganidek. Kim biror payg‘ambarni yoki farishtani haqorat bilan tilga olsa, kofir sanaladi. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

مَنْ كَانَ عَدُوًّا لِلَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَرُسُلِهِ وَجِبْرِيلَ وَمِيكَالَ فَإِنَّ اللَّهَ عَدُوٌّ لِلْكَافِرِينَ

Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, (bilib qo‘ysinki) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir” (Baqara, 98).

Farishtalar jannatdan man qilinmagan. Ular hozirda ham Alloh taoloning izni bilan jannatga kirib-chiqib turadilar. Ammo jannat noz-ne’matlariga boqishdan boshqa rohatga erisholmaydilar. Zero, rohatlanish ishtaha va lazzat orqali amalga oshadi. Lazzat va rohatlanish esa, shahvatdan yuzaga keladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, farishtalar shahvat va tabiatdan xoli qilib yaratilgan. Shunday ekan, jannat ne’matlaridan ularga lazzat va ishtaha hosil bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, farishtalar toatlari tufayli savobga erishmaydilar, ya’ni ularga jannat va uning noz-ne’matlaridan rohatlanish bo‘lmaydi. Lekin ular bugungi kundagidek qiyomatda ham jannatga kirishdan to‘silmaydi. Zero, farishtalar toat-ibodatlari haqini Alloh taolodan to‘liq qilib olganlar. U esa, yaratilishlaridagi asliy ne’matdir. Chunki Alloh taolo ularni muqaddas, ma’sum, shahvatdan xoli, dilxushlik, o‘yin-kulgi qilmaydigan, yemaydigan va nikohlanmaydigan holatda yaratgan. Farishtada bu narsalarga na xohish va na istak bor. Ular bu ne’matga shukr qilib, Alloh taologa doimiy ibodat qiladilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)ni ikki marta asl xilqatida jumladan, Isro kechasida olti yuz qanoti borligini ko‘rganlar. Ularning har biri mag‘ribdan mashriqqa yetardi, deyiladi.

Farishtalar nurdan yaralgan. Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

خلقت الملائكة من نور، وخلق إبليس من مارج من نار، وخلق آدم مما وصف لكم

“Farishtalar nurdan, jinlar olov tutunidan, Odam esa sizlarga vasfi qilingan narsadan yaratilgandir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Farishtalar nurdan yaralganini hozirgi zamon ilmi ham tasdiqladi. Nur-yorug‘lik tezligi taxminan soniyaga 299792458 metr (uch yuz ming kilometr)ga teng. Shunga binoan ulamolar farishtalar nurdan yaratilgani uchun ham, ularning tezligi haddan ziyod bo‘lganidan ko‘zga ko‘rinmaydi, deyishadi.

Alloh taolo ularni komil itoat qiladigan tabiatda yaratgani haqida bunday xabar beradi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

“Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar) (Tahrim, 6).

Farishtalar adadi juda ko‘p, ularning sonini esa yolg‘iz Alloh biladi. Manbalarda, Jabroil,  Mikoil, Isrofil, Azroil (alayhimussalom), jannat va jahannam posbonlari, jannat xizmatchilari, zaboniya – do‘zax ahlini azoblovchi o‘n to‘qqizta farishta, Arshni ko‘tarib turuvchi sakkizta yoki sakkiz turli farishtalar, kiromun kotibin, insonlarni jin, shaytonlar yomonligidan quriqlashga vakil qilingan yoki kecha va kunduzda almashib turadigan farishtalar, zikr majlislarida to‘planadigan farishtalar, duo farishtalari, tog‘lar farishtasi, bandalar­ning ruhlarini yuqoriga olib chiquvchi farishtalar, Munkar va Nakir, ona qornidagi go‘dakning rizqi, amali, ajali va Allohning amri bilan baxtli yoki baxtsiz bo‘lishini taqdir kitobida yozishga buyurilgan farishtalar va hokazo.

Jabroil, Mikoil, Isrofil va Azroil (alayhimussalom) kabi farishtalar maxluqlarga rasul hisoblanadilar. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

اللَّهُ يَصْطَفِي مِنَ الْمَلَائِكَةِ رُسُلًا وَمِنَ النَّاسِ

Alloh farishtalardan ham elchilar tanlar, insonlardan ham...” (Haj, 75).

Yomg‘irning har bir tomchisida farishta bor. Kishi ularning mavjudligi, sifatlari va vazifalariga Qur’on va sunnatda aytilganidek qat’iy ishonmagunicha imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. Inson qilayotgan har bir ishini yozib boruvchi farishtalarga ishonsa, doimiy ravishda kuzatuvda ekanini his etib, insonlar ko‘zidan g‘oib bo‘lganida ham gunoh ish qilishdan hayo qiladi.

Farishtalarning borligi qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgani uchun ularni inkor qilish kufr hisoblanadi. Qur’oni karimda bunday deyilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا آمِنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ وَالْكِتَابِ الَّذِي نَزَّلَ عَلَى رَسُولِهِ وَالْكِتَابِ الَّذِي أَنْزَلَ مِنْ قَبْلُ وَمَنْ يَكْفُرْ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا بَعِيدًا

 “Ey imon keltirganlar! Allohga, Payg‘ambariga, (shu) Payg‘ambariga nozil qilgan Kitob (Qur’on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga imon keltiringiz! Kimki Allohni, farishtalarini, kitoblarini, payg‘ambarlarini va “Oxirgi kun (qiyomat)”ni inkor etsa, demak, u juda uzoq (qattiq) adashibdi” (Niso, 136).

Har kuni ulardan yetmish ming farishta “Baytul Ma’mur”da namoz o‘qiydi. U yerda bir marta namoz o‘qib chiqqan farishta, qiyomatgacha ikkinchi marta yana qaytib kelishiga navbat yetmaydi.

Me’roj qissasida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yettinchi osmonga chiqqan­larini hikoya qilib bunday deydilar:

 

“…menga Baytul Ma’mur ko‘rsatildi, Jabroil­ (alayhissa­lom)dan u haqda so‘radim, u zot bunday dedi: “Bu Baytul Ma’murdir, unda har kuni yetmish ming farishta namoz o‘qiydi, u yerdan chiqqan farishta, qiyomatgacha boshqa qaytib kelmaydi” (Muttafaqun alayh).

Farishtalar Odam (alayhissalom)dan oldin yaratilgan. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ

“Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman” (Baqara, 30).

Farishtalar Allohning Yerdagi xalifasi insonlarga yordamchidirlar. Alloh taolo inson onasi qornidaligidayoq unga bir farishtani biriktirib, ajali, baxtli yoki baxtsizligi va umrini taqdirda yozib qo‘yishga vakil qilgan. Shundan boshlab inson vafot etguncha ular unga hamroh. Ular uning har bir so‘zi, qilayotgan barcha amalini yozib boradilar. Qur’oni karimda bunday deyilgan:

مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ

“U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof, 18).

Farishtalar doimo inson hayotini muhofaza etib, o‘lim soati kelgach, jonini oladilar, qabrda azob yoki rohat beradilar. Bu go‘zal farishtalar mo‘minlarning do‘stlaridir. Ular bizlarga manfaatli narsalarni o‘rgatib, yaxshilik va ezgulikka shijoatlantirib, yomonlik va gunohlardan qaytarib, ogohlantirib boradilar. Ular modomiki, Rabbimizga toat-ibodatda ekanmiz, haqimizga istig‘for aytadilar. Boshqalarga yaxshilikni nasihat qilayotgan chog‘larimizda esa salavot va salom aytadilar.

Bu ajoyib mavjudotlar tush, o‘lim soatlarimizda, qayta tirilish damlarimizda yonimizda, xotirjamlik va tinchlikni bashorat qilib, biz bilan birga bo‘ladilar. Zero, Qur’oni karimda bunday deyiladi:

إِنَّ الَّذِينَ قَالُوا رَبُّنَا اللَّهُ ثُمَّ اسْتَقَامُوا تَتَنَزَّلُ عَلَيْهِمُ الْمَلَائِكَةُ أَلَّا تَخَافُوا وَلَا تَحْزَنُوا وَأَبْشِرُوا بِالْجَنَّةِ الَّتِي كُنْتُمْ تُوعَدُونَ * نَحْنُ أَوْلِيَاؤُكُمْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَفِي الْآخِرَةِ وَلَكُمْ فِيهَا مَا تَشْتَهِي أَنْفُسُكُمْ وَلَكُمْ فِيهَا مَا تَدَّعُونَ

“Albatta: «Rabbimiz – Alloh», – deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): «Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz” (Fussilat, 30-31).

Ularda zarracha riyo, hasad, adovat, isyon, kufr, nifoq yo‘q. Qani endi o‘tayotgan har bir soatimiz shu farishtalarga o‘xshab Ulug‘, Mehribon Xoliqqa bo‘ysunishda o‘tsa.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Yettinchi osmonda yaratilgandan beri sajdada turgan farishtalar bor. Qiyomat kuni boshlarini sajdadan ko‘tarib aytishadiki: “Ey Rabbimiz, Sen barcha aybu nuqsondan pok Zotsan. Biz senga haqiqiy ibodat qila olmadik. Senga haqiqiy qulchilik haqini o‘tay olmadik”.

Jannatda jannat ahliga bu nuroniy mavjudotlar: (Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay. Dunyo oqibati (jannat) naqadar yaxshi!” (Ra’d, 24), deya nido qilishadi. Alloh taolo barchamizni ana shunday saodatli bandalari qatorida qilsin. Omin!

Tolibjon QODIROV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   2267   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari