Alloh taolo marhamat qiladi:
يَخَافُونَ رَبَّهُمْ مِنْ فَوْقِهِمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
“Ular (farishtalar) ustilaridagi (kuzatib turgan) Parvardigorlaridan qo‘rqurlar va o‘zlariga buyurilgan buyruqlarini bajarurlar” (Nahl, 50).
Butun olam Allohning mulkidir. Undagi barcha mavjudot — nabotot, hayvonot, jonli va jonsiz narsa kechayu kunduz U Zotga tasbeh aytadi. Daraxtning bitta bargi ham Allohning iznisiz uzilib tushmas. Alloh bu olamni ko‘zga ko‘rinadigan moddalardan yaratganidek, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ruh olamini ham yaratgan. Parvardigorning biz bilgan va bilmagan yana qanchadan-qancha maxluqotlari bor. Shular ichida eng jozibalisi Allohning nuroniy, itoatli farishtalaridir. U zotlar ruh olamidan bo‘lgani uchun ham biz ularni ko‘z bilan ko‘rolmaymiz.
Alloh taolo ilohiy hikmati bilan farishtalar olamini bandalariga g‘ayb qilgan. Bizga kifoya miqdordagi ma’lumotlar Qur’oni karim va sunnatda bayon qilingan. Ularga imon keltirish Allohga imon keltirishdan so‘nggi farzlardandir. Farishtalarning borligiga ishonishning o‘zi kifoya emas. Qur’oni karim va hadisi sharifda aytilganidek, ularning vasflari, xizmatlari va xususiyatlariga imon keltirish lozim. Muqaddas manbalarda ismlari Jabroil (alayhissalom) kabi zikr qilingan farishtalarga ham, zikr qilinmaganlariga ham ishonish lozim.
Qur’oni karimda bunday deyilgan:
آمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ
“Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi” (Baqara, 285).
Ular qanday ham ajoyib maxluqotdirlar! Ular Rabbul Olaminning buyrug‘iga doim shay bo‘lib, U Zotga hamdu sano, tasbeh aytib turadilar. Inson nafas olib charchamagani kabi ular ham toat-ibodat va tasbeh aytish bilan charchamaydilar. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan:
وَلَهُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَمَنْ عِنْدَهُ لَا يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِهِ وَلَا يَسْتَحْسِرُونَ * يُسَبِّحُونَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ لَا يَفْتُرُونَ
“Osmonlar va Yerdagi borliq Unikidir. Uning huzuridagi zotlar (farishtalar) Uning ibodatidan orlanmaydilar va charchamaydilar ham. Ular tunu kun sustkashlik qilmasdan (Allohga) tasbeh aytadilar” (Anbiyo, 19-20).
Farishtalarga insonlardan farqli o‘laroq ixtiyor berilmagan, ular doimo Alloh taologa itoatda bo‘lib, isyon qilmaydilar. Insonga esa shahvat ham, aql ham berilgan. Shu bois, ahli sunna val jamoa aqidasiga ko‘ra, kishi imon keltirib, shahvatini aqli bilan boshqarib, solih amallar qilsa, farishtalardan afzal hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ أُولَئِكَ هُمْ خَيْرُ الْبَرِيَّةِ
“Albatta, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar – aynan o‘shalar xaloyiqning eng yaxshisidirlar” (Bayyina, 7). Zero, farishtalar ham Alloh taoloning maxluqlaridir.
Farishtalarning barchalari Allohning ishonchli bandalari, elchilari va rasullari bo‘lib, doimo U Zotning ibodati bilan mashg‘uldirlar. Ular gunohlardan xoli, insonlardagi kabi nafs ehtiyojlaridan forig‘, o‘zlariga belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajaruvchi mavjudotlardir. Bu zotlarning qanotlari bor, ular uchib yuradilar va faqat Rabbul Olaminga buysunadilar.
Farishtalar payg‘ambarlik va rasullik maqomida turadilar. Chunki Jabroil (alayhissalom) Allohning amrini odamlarga yetkazganlar. Farishtalarni so‘kish yoki haqorat qilish mumkin emas. Kim biror farishtani so‘ksa yoki yomon ko‘rsa, kofir bo‘ladi, xuddi payg‘ambarlar (alayhimussalom)ni so‘kkanidek yoki haqorat qilganidek. Kim biror payg‘ambarni yoki farishtani haqorat bilan tilga olsa, kofir sanaladi. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
مَنْ كَانَ عَدُوًّا لِلَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَرُسُلِهِ وَجِبْرِيلَ وَمِيكَالَ فَإِنَّ اللَّهَ عَدُوٌّ لِلْكَافِرِينَ
“Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, (bilib qo‘ysinki) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir” (Baqara, 98).
Farishtalar jannatdan man qilinmagan. Ular hozirda ham Alloh taoloning izni bilan jannatga kirib-chiqib turadilar. Ammo jannat noz-ne’matlariga boqishdan boshqa rohatga erisholmaydilar. Zero, rohatlanish ishtaha va lazzat orqali amalga oshadi. Lazzat va rohatlanish esa, shahvatdan yuzaga keladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, farishtalar shahvat va tabiatdan xoli qilib yaratilgan. Shunday ekan, jannat ne’matlaridan ularga lazzat va ishtaha hosil bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, farishtalar toatlari tufayli savobga erishmaydilar, ya’ni ularga jannat va uning noz-ne’matlaridan rohatlanish bo‘lmaydi. Lekin ular bugungi kundagidek qiyomatda ham jannatga kirishdan to‘silmaydi. Zero, farishtalar toat-ibodatlari haqini Alloh taolodan to‘liq qilib olganlar. U esa, yaratilishlaridagi asliy ne’matdir. Chunki Alloh taolo ularni muqaddas, ma’sum, shahvatdan xoli, dilxushlik, o‘yin-kulgi qilmaydigan, yemaydigan va nikohlanmaydigan holatda yaratgan. Farishtada bu narsalarga na xohish va na istak bor. Ular bu ne’matga shukr qilib, Alloh taologa doimiy ibodat qiladilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)ni ikki marta asl xilqatida jumladan, Isro kechasida olti yuz qanoti borligini ko‘rganlar. Ularning har biri mag‘ribdan mashriqqa yetardi, deyiladi.
Farishtalar nurdan yaralgan. Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
خلقت الملائكة من نور، وخلق إبليس من مارج من نار، وخلق آدم مما وصف لكم
“Farishtalar nurdan, jinlar olov tutunidan, Odam esa sizlarga vasfi qilingan narsadan yaratilgandir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Farishtalar nurdan yaralganini hozirgi zamon ilmi ham tasdiqladi. Nur-yorug‘lik tezligi taxminan soniyaga 299792458 metr (uch yuz ming kilometr)ga teng. Shunga binoan ulamolar farishtalar nurdan yaratilgani uchun ham, ularning tezligi haddan ziyod bo‘lganidan ko‘zga ko‘rinmaydi, deyishadi.
Alloh taolo ularni komil itoat qiladigan tabiatda yaratgani haqida bunday xabar beradi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
“Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim, 6).
Farishtalar adadi juda ko‘p, ularning sonini esa yolg‘iz Alloh biladi. Manbalarda, Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroil (alayhimussalom), jannat va jahannam posbonlari, jannat xizmatchilari, zaboniya – do‘zax ahlini azoblovchi o‘n to‘qqizta farishta, Arshni ko‘tarib turuvchi sakkizta yoki sakkiz turli farishtalar, kiromun kotibin, insonlarni jin, shaytonlar yomonligidan quriqlashga vakil qilingan yoki kecha va kunduzda almashib turadigan farishtalar, zikr majlislarida to‘planadigan farishtalar, duo farishtalari, tog‘lar farishtasi, bandalarning ruhlarini yuqoriga olib chiquvchi farishtalar, Munkar va Nakir, ona qornidagi go‘dakning rizqi, amali, ajali va Allohning amri bilan baxtli yoki baxtsiz bo‘lishini taqdir kitobida yozishga buyurilgan farishtalar va hokazo.
Jabroil, Mikoil, Isrofil va Azroil (alayhimussalom) kabi farishtalar maxluqlarga rasul hisoblanadilar. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
اللَّهُ يَصْطَفِي مِنَ الْمَلَائِكَةِ رُسُلًا وَمِنَ النَّاسِ
“Alloh farishtalardan ham elchilar tanlar, insonlardan ham...” (Haj, 75).
Yomg‘irning har bir tomchisida farishta bor. Kishi ularning mavjudligi, sifatlari va vazifalariga Qur’on va sunnatda aytilganidek qat’iy ishonmagunicha imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. Inson qilayotgan har bir ishini yozib boruvchi farishtalarga ishonsa, doimiy ravishda kuzatuvda ekanini his etib, insonlar ko‘zidan g‘oib bo‘lganida ham gunoh ish qilishdan hayo qiladi.
Farishtalarning borligi qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgani uchun ularni inkor qilish kufr hisoblanadi. Qur’oni karimda bunday deyilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا آمِنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ وَالْكِتَابِ الَّذِي نَزَّلَ عَلَى رَسُولِهِ وَالْكِتَابِ الَّذِي أَنْزَلَ مِنْ قَبْلُ وَمَنْ يَكْفُرْ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا بَعِيدًا
“Ey imon keltirganlar! Allohga, Payg‘ambariga, (shu) Payg‘ambariga nozil qilgan Kitob (Qur’on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga imon keltiringiz! Kimki Allohni, farishtalarini, kitoblarini, payg‘ambarlarini va “Oxirgi kun (qiyomat)”ni inkor etsa, demak, u juda uzoq (qattiq) adashibdi” (Niso, 136).
Har kuni ulardan yetmish ming farishta “Baytul Ma’mur”da namoz o‘qiydi. U yerda bir marta namoz o‘qib chiqqan farishta, qiyomatgacha ikkinchi marta yana qaytib kelishiga navbat yetmaydi.
Me’roj qissasida, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yettinchi osmonga chiqqanlarini hikoya qilib bunday deydilar:
“…menga Baytul Ma’mur ko‘rsatildi, Jabroil (alayhissalom)dan u haqda so‘radim, u zot bunday dedi: “Bu Baytul Ma’murdir, unda har kuni yetmish ming farishta namoz o‘qiydi, u yerdan chiqqan farishta, qiyomatgacha boshqa qaytib kelmaydi” (Muttafaqun alayh).
Farishtalar Odam (alayhissalom)dan oldin yaratilgan. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ
“Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman” (Baqara, 30).
Farishtalar Allohning Yerdagi xalifasi insonlarga yordamchidirlar. Alloh taolo inson onasi qornidaligidayoq unga bir farishtani biriktirib, ajali, baxtli yoki baxtsizligi va umrini taqdirda yozib qo‘yishga vakil qilgan. Shundan boshlab inson vafot etguncha ular unga hamroh. Ular uning har bir so‘zi, qilayotgan barcha amalini yozib boradilar. Qur’oni karimda bunday deyilgan:
مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
“U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof, 18).
Farishtalar doimo inson hayotini muhofaza etib, o‘lim soati kelgach, jonini oladilar, qabrda azob yoki rohat beradilar. Bu go‘zal farishtalar mo‘minlarning do‘stlaridir. Ular bizlarga manfaatli narsalarni o‘rgatib, yaxshilik va ezgulikka shijoatlantirib, yomonlik va gunohlardan qaytarib, ogohlantirib boradilar. Ular modomiki, Rabbimizga toat-ibodatda ekanmiz, haqimizga istig‘for aytadilar. Boshqalarga yaxshilikni nasihat qilayotgan chog‘larimizda esa salavot va salom aytadilar.
Bu ajoyib mavjudotlar tush, o‘lim soatlarimizda, qayta tirilish damlarimizda yonimizda, xotirjamlik va tinchlikni bashorat qilib, biz bilan birga bo‘ladilar. Zero, Qur’oni karimda bunday deyiladi:
إِنَّ الَّذِينَ قَالُوا رَبُّنَا اللَّهُ ثُمَّ اسْتَقَامُوا تَتَنَزَّلُ عَلَيْهِمُ الْمَلَائِكَةُ أَلَّا تَخَافُوا وَلَا تَحْزَنُوا وَأَبْشِرُوا بِالْجَنَّةِ الَّتِي كُنْتُمْ تُوعَدُونَ * نَحْنُ أَوْلِيَاؤُكُمْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَفِي الْآخِرَةِ وَلَكُمْ فِيهَا مَا تَشْتَهِي أَنْفُسُكُمْ وَلَكُمْ فِيهَا مَا تَدَّعُونَ
“Albatta: «Rabbimiz – Alloh», – deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): «Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz! Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning do‘stlaringizdirmiz” (Fussilat, 30-31).
Ularda zarracha riyo, hasad, adovat, isyon, kufr, nifoq yo‘q. Qani endi o‘tayotgan har bir soatimiz shu farishtalarga o‘xshab Ulug‘, Mehribon Xoliqqa bo‘ysunishda o‘tsa.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Yettinchi osmonda yaratilgandan beri sajdada turgan farishtalar bor. Qiyomat kuni boshlarini sajdadan ko‘tarib aytishadiki: “Ey Rabbimiz, Sen barcha aybu nuqsondan pok Zotsan. Biz senga haqiqiy ibodat qila olmadik. Senga haqiqiy qulchilik haqini o‘tay olmadik”.
Jannatda jannat ahliga bu nuroniy mavjudotlar: “(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay. Dunyo oqibati (jannat) naqadar yaxshi!” (Ra’d, 24), deya nido qilishadi. Alloh taolo barchamizni ana shunday saodatli bandalari qatorida qilsin. Omin!
Tolibjon QODIROV
Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan va uning turmush tarzini tartibga soluvchi hayot tarzi sifatida tushuniladi. Islom halol va harom tushunchalarini aniq belgilab, insonlarga faqatgina halol narsalardan foydalanishni tavsiya qiladi. Halollik nafaqat moddiy jihatdan, balki ma’naviy va ruhiy poklik uchun ham muhimdir.
Qur’oni karimda halol rizq haqida
Alloh taolo insonlarga halol va pokiza rizqlarni tanlashni buyuradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 168-oyat).
Bu oyatdan anglashiladiki, inson halol va pokiza rizq iste’mol qilishi kerak. Harom narsalar nafaqat jismoniy, balki ruhiy zarar ham yetkazadi.
Halol kasb
Islom halol mehnat qilish va halol kasb topishga katta ahamiyat beradi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
Miqdom ibn Ma’dikarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hech kim qo‘l mehnati bilan topib yeganidan yaxshi taom yegan emas. Allohning nabiysi Dovud alayhissalom qo‘l mehnati bilan kun ko‘rar edi”, – dedilar”.
(Imom Buxoriy “Sahih”da rivoyat qilgan).
Halol kasb insonga nafaqat moliyaviy barqarorlik, balki ruhiy xotirjamlik ham olib keladi. Halol mehnat qilib topilgan rizqda baraka bo‘ladi va oila ham tinch-osoyishta hayot kechiradi.
Halol nikoh
Nikoh insoniyatning ma’naviy va jismoniy pokligi uchun muhim vositadir. Qur’oni karimda shunday buyurilgan:
“ ….Sizlar uchun (nikohi) halol bo‘lgan ayollarga, ikkita, uchta, to‘rttadan uylanaveringiz….” (Niso surasi, 3-oyat).
Halol nikoh oilaviy tinchlik va muhabbat manbai bo‘lib, kelajak avlodning sof va tarbiyali bo‘lishiga xizmat qiladi. Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar:
“Nikoh mening sunnatimdir, kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, u bizdan emas” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ham Islom halol nikohni qo‘llab-quvvatlaydi va uni muqaddas deb biladi.
Halol taom
Halol taom insonning sog‘lig‘i va ruhiy holatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
“Halol va pokiza taom yenglar, shunda duolaringiz qabul bo‘ladi.” (Imom Muslim rivoyati)
Halol taom insonga kuch-quvvat beradi, sog‘lom hayot kechirishga yordam beradi va ibodatlari qabul bo‘lishi uchun zamin hozirlaydi.
Halol savdo va tadbirkorlik
Islom halol savdoni rag‘batlantiradi va adolatli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Rostgo‘y va ishonchli savdogar payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi.” (Imom Termiziy rivoyati)
Halol savdo bilan shug‘ullangan inson jamiyat uchun manfaatli bo‘lib, uning boyligida baraka bo‘ladi. Shuningdek, u o‘z mijozlari va hamkorlari oldida ishonchli bo‘lishi kerak.
Halol turmush tarzi
Halollik faqat oziq-ovqat va moliyaviy ishlar bilan cheklanib qolmaydi. Insonning hayot tarzi ham halollikka asoslangan bo‘lishi lozim. Bu degani, inson halol muloqot qilishi, halol ishlar bilan shug‘ullanishi va adolatli yo‘l tutishi kerak. Bu xususda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“ U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi…..” (A’rof surasi, 157-oyat)
Xulosa
Islom dini halollikka katta ahamiyat beradi. Halol rizq, halol mehnat, halol nikoh va halol taom insonning jismoniy sog‘lig‘i, ruhiy pokligi va ma’naviy kamolotini ta’minlaydi. Shuning uchun ham har bir musulmon halollikka rioya qilishi, halol yegulik yeyishi va halol mehnat qilishi lozim. Chunki halol narsalar inson hayotida baraka, tinchlik va farovonlik keltiradi.
Alloh taolo barchamizni halol va pokiza hayot kechirishga muvaffaq qilsin! Omin.
Islomda harom narsalar va ularning zararli jihatlari
Islom dini inson hayotining har bir sohasiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, unga halol va harom tushunchalarini aniq belgilab bergan. Harom narsalardan saqlanish musulmon kishining burchi bo‘lib, bu insonning jismoniy va ma’naviy sog‘lomligi uchun muhim ahamiyatga ega. Qur’on va hadislarda harom qilingan narsalar va ularning zararlari haqida ko‘plab ta’kidlar keltirilgan.
1. Harom oziq-ovqat va ichimliklar
Islom dini muayyan taom va ichimliklarni harom deb belgilagan. Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
“U sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni (iste’mol qilishni qat’iy) harom qildi….” (Baqara surasi, 173-oyat)
Harom taom va ichimliklarning zararlari:
Sog‘liq uchun zararli: Harom qiling an go‘shtlar va ichimliklar inson organizmiga zarar yetkazadi.
Ruhiy va ma’naviy poklikni yo‘qotish: Harom taom iste’mol qilish insonning ibodati va duolarining qabul bo‘lishiga ta’sir qiladi.
Jamiyatga salbiy ta’sir: Spirtli ichimliklar va harom mahsulotlar jamiyatda buzg‘unchilikka olib keladi.
Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “Albatta, Alloh halol va haromni aniq bayon qildi. Kim shubhali narsalardan saqlansa, din va nomusini saqlagan bo‘ladi.” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
2. Spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar
Islom spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni qat’iy harom qilgan. Qur’onda shunday buyurilgan:
” Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz.” (Moida surasi, 90-oyat)
Zararli jihatlari:
Aql va ongni zaiflashtirish: Spirtli ichimlik va giyohvand moddalar insonning fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi.
Ijtimoiy muammolar: Ichkilikbozlik va giyohvandlik oilaviy va jamiyatda muammolarni keltirib chiqaradi.
Jinoyat va buzg‘unchilik: Spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar jinoyatlar va jamiyatda tartibsizliklarni ko‘paytirishga sabab bo‘ladi.
3. Qimor va nohaq yo‘l bilan boylik orttirish
Qur’oni Karimda qimor va noxaq yo‘l bilan boylik orttirish qattiq qoralanadi:
” Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz??!” (Moida surasi, 91-oyat)
Qimorning zararli jihatlari:
Iqtisodiy muammolar: Qimor o‘ynagan odamlar o‘z mol-mulkini yo‘qotib, qashshoqlikka tushishadi.
Oilaviy nizolar: Qimorbozlik oila buzilishi va janjallarga sabab bo‘ladi.
Jamiyatda buzg‘unchilik: Qimor jamiyatda korrupsiya va aldovga yo‘l ochadi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim qimor o‘ynasa, u xuddi to‘ng‘iz go‘shti yegan odamga o‘xshaydi.” (Imom Muslim rivoyati)
4. Zino va fahsh ishlar
Islom zino va fahsh ishlardan qattiq qaytargan. Qur’oni Karimda shunday deyilgan:
“. Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir..” (Isro surasi, 32-oyat)
Zinoning zararli jihatlari:
Oila buzilishi: Zino oilalarning parokandaligiga olib keladi.
Jamiyatda tartibsizlik: Fahsh ishlar jamiyatda axloqiy tushkunlikka olib keladi.
Ruhiy zararlar: Zino insonning ruhiy xotirjamligini yo‘qotadi va uni gunohga botiradi.
Rosululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlar: “Zino qilgan inson iymonli holda zino qilmaydi.” (Imom Buxoriy rivoyati)
5. Noxaq so‘z va tuhmat
Islom yolg‘on gapirish, g‘iybat qilish va tuhmat qilishni harom deb belgilagan. Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
” Ey mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin!…” (Hujurot surasi, 12-oyat)
Yolg‘on va g‘iybatning zararlari:
Ishonchsizlik: Yolg‘on gapirish odamlar o‘rtasida ishonchsizlikka olib keladi.
Odamlar o‘rtasida nizo: G‘iybat va tuhmat jamiyatda fitna va nizolarni keltirib chiqaradi.
Xulosa
Islomda harom qilingan narsalar inson va jamiyat uchun zararli ekani aniq ko‘rsatilgan. Harom taomlar, spirtli ichimliklar, qimor, zino va yolg‘on so‘zlar inson hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Musulmon kishi bu kabi ishlardan uzoq bo‘lishi, halol yo‘l bilan hayot kechirishi lozim.
Alloh taolo barchamizni harom ishlardan saqlasin va pokiza hayot kechirishga muvaffaq qilsin! Omin.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 6-sonidan