Yurtimizda ajib o‘zgarishlar zamoni kechyapti. Kornavirus pandemiyasi bilan bog‘liq noxushliklarni hisobga olmasak, har tongda quvonchli bir xabar eshitamiz, har kuni ishxonaga kelganda kompyuterni yoqib Internetga kirganda xalqimiz hayotiga doir ajoyib bir yangilikni ko‘rib qalbimiz quvonchga to‘ladi.
Bu o‘zgarishlar, nafaqat xalqimizni, balki xorijdagi global siyosatchilarni ham mamnun etmoqda. Jumladan, AQSHning eng ko‘p adadli gazetalaridan biri “The New York Times” gazetasida O‘zbekiston haqida chop etilgan katta maqolada “Janob Mirziyoyev o‘zgarishlarni boshlab berdi va endi AQSH hamda Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan bog‘liq har qanday munosabatlarni, u xoh investitsiya, xoh taraqqiyot dasturlari bo‘lsin, mamlakatda inson huquqlari ahvolining yanada yaxshilanishi bilan bog‘lashi nihoyatda muhimdir”, deyiladi.
Ushbu yuksalishlar jarayonida, ayniqsa, Islom dinimizga davlatimiz rahbarining alohida e’tibor qaratayotgani xalqimizni behad mamnun qilayotir.
O‘tgan davr ichida muhtaram Prezidentimiz tomonidan chiqarilayotgan hujjatlar elimizning diniy ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoqini qondirish, yoshlarimizning ilm olish borasidagi ehtiyojini ta’minlash va diniy soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi dadil qadamlar bo‘lib, diniy-ma’rifiy ishlar salmog‘ini yanada yuqoriga ko‘tarmoqda.
Xususan, diniy sohada xizmat qilayotgan masjid imom-xatiblari, xodimlari, madrasa mudarrislari va diniy-ilmiy markazlar ilmiy tadqiqotchilariga berilgan imkoniyatlar quvonchimizga quvonch qo‘shdi.
Prezident tabrigi va Farmoni nafaqat diniy soha xodimlari, balki butun xalqimizga hayit sovg‘asi bo‘ldi.
Shu bilan birga, Farmonga asosan ijtimoiy nafaqa oluvchilarning umumiy soni 600 mingga ko‘payib, joriy yilning dekabr oyiga qadar 1,2 mln.ga yetkazilishi ko‘zda tutilayotgani va bunga budjetdan qo‘shimcha 426 mlrd. so‘m ajratilishi yurtimizning har bir fuqarosi qalbida quvonch hislarini paydo qildi. Zero, shu kabi ezgu amallar natijasida Qurbon hayitidek ulug‘ bayram shodiyonasi yil mobaynida davom etib, har lahza ko‘plab oilalarga xursandchilik ulashib turadi va bu barchamiz uchun amaliy ibrat namunasidir.
Albatta, Yaratganning bizga bergan ne’matlariga shukr qilib, sabr-qanoatda duo va iltijolar qilsak, inshoalloh, yurtimiz yanada ravnaq topib boraveradi.
Abdulhay TURSUNOV,
Namangan viloyat bosh imom-xatibi
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.