Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani ta’lim bergandek, ta’lim berar edilar. U zot:
«Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng: «Ey bor Xudoyo! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sendan ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Albatta, Sen qodirsan, men qodir emasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni yaxshi biluvchi Zotsan.
Ey bor Xudoyo! Agar ushbu ish menga dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil, desin va hojatini aytsin», dedilar».
Sharh: Jobir ibn Abdulloh Ansoriydan rivoyat qilingan ushbu rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishlarni to‘g‘risi zohir bo‘lmagan narsalarda Allohga qaytish, har qanday muhim ishlarda Undan maslahat talab qilishni o‘rgatmoqdalar. Bu istixorani ta’lim berishda xuddi Qur’on suralarini ta’lim bergandek g‘oyat ahamiyat qilardilar. Agar bandaga biror ish mushkul bo‘lib, to‘g‘risi qaysi narsada ekani noaniq bo‘lib qolsa, turib ikki rakat namoz o‘qib, Allohga yuzlanib, u ishni haqiqatini ochib berishini talab qilib, albatta so‘rayotganida Xoliqga sano aytib, duo qilib, o‘sha duosida tazarru’ va bo‘yin egib, maxluqqa xos siniq holda turishini uqtirmoqdalar. Chunki inson o‘ziga foyda ham zarar ham keltira olmaydi. Demak, musulmon kishi Rabbisiga yuzlanayotganida o‘sha istixora qilib so‘rayotgan narsasi dini va dunyosida yaxshilik bo‘lsa o‘sha ishni oson bo‘lishini, bordiyu dini, dunyosi, hayoti va oxiratida yomon bo‘lsa qalbidan u narsani boshqa narsaga burib yuborishini so‘ramog‘ini uqtirmoqdalar. Bu narsa faqat bandani Rabbisiga bo‘ysunishi va ubudiyyatga iqror bo‘lishining bir namunasidir. Alloh fazlini o‘z bandalari ustida doim bo‘lishini yaxshi ko‘radi. Bandalarning o‘sha fazlga yetishish uchun faqat Unga yuzlanib, fazlini talab qilishsa kifoya. Chunki Alloh taolo bandalarini qo‘l cho‘zishganida noumid qaytarishdan azizroqdir.
“Bandalarim Sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarining duosini ijobat qilaman. Bas, haq yo‘lga yurishlari uchun (ular ham) Mening (da’vatimga) javob qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar”. (Baqara surasi,186-oyat).
Kishi itixora namozini o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin ko‘ngliga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib, qilgisi kelib qolsa, qiladi. Bu haqda tush ko‘rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga bo‘lmay turib qolsa, istixora namozini yana qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish yetti martagacha bo‘lishi mumkin. Istixora namozining birinchi rakatida Fotiha surasidan keyin Kofirun surasini, ikkinchi rakatda Ixlos surasini o‘qiydi.
Ko‘rinib turibdiki, istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog‘lovchi omildir. Bir ishni qilmoqchi bo‘lganda Alloh taoloning o‘ziga yolvorib, yaxshi yo‘l ko‘rsatishni so‘rashdir. Bu ma’no esa, musulmon kishi hayotida namozning o‘rni qanchalar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Musulmon kishi hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning xoliqi va boshqaruvchisi Alloh taoloning o‘zidan maslahat so‘rash imkoniga egadir.
Hadisdan olinadigan foydalar:
1) Istixora namozini mustahab ekanligi va namozdan keyin hadisda kelgan duoni o‘qishlik.
2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga mehribon ekanligi hamda har bir ishda ummatlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlashlari.
3) Mo‘min kishi har qanday ishini Alloh taologa topshirmoqligi.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Otam (Alloh rahmatiga olsin) mehnat faoliyatini 1960-yillarning boshlarida Nigeriyadagi Saudiya Arabistoni elchixonasida boshlagan edilar.
Elchixonada Zayd ismli yana bir xodim ishlardi. Negadir ular bir-birlari bilan unchalik chiqisha olishmasdi.
Bir kuni Zayd aka betob bo‘lib qoldi. Shunda otam, oralaridagi sovuq munosabatga qaramay, uni ziyorat qilishga bordilar. O‘sha davr odamlari his-tuyg‘ularidan ko‘ra burch va odobni ustun qo‘yar edilar.
Zayd aka yotoqda yotardi. Otam esa indamay o‘rnidan turib, uning oyoqlari ostiga shippagini qo‘yib berdilar.
Bu juda oddiy ko‘ringan harakat edi.
Ammo aynan shu kichik e’tibor ularning munosabatini butunlay o‘zgartirib yubordi.
O‘sha ziyorat keyinchalik qariyb 60 yil davom etgan mustahkam do‘stlikning boshlanishiga aylandi.
Zayd aka aslida olijanob fe’l-atvorli inson edi. Chinakam xarakterga ega odam eng kichik ezgulikni ham unutmaydi va uni qadrlaydi.
Otam bilan Zayd aka o‘rtasidagi do‘stlik yillar soni bilan emas, balki birgalikda boshdan kechirgan sinovlar va vaziyatlar bilan o‘lchanardi.
Har bir sinov ularning do‘stligini yanada mustahkamlab borardi.
Qiyin damlarda Zayd aka otamni qo‘llab-quvvatladi, otam ham kerak bo‘lganida Zayd akaga suyanch bo‘ldi.
Ularning fe’l-atvori, turmush tarzi va qarashlari turlicha edi. Ammo ularni umumiy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va birgalikda bosib o‘tilgan hayot yo‘li birlashtirib turardi.
Donolar aytishadi: insonlar o‘rtasidagi munosabatlar asosan uch turga bo‘linadi:
Eng katta xatolardan biri – ana shu do‘stliklarning chegarasini adashtirishdir.
Masalan, ba’zi insonlar bilan faqat birga vaqt o‘tkazamiz, suhbatlashamiz, sayr qilamiz va h.k. Bu yillar davom etishi ham mumkin.
Lekin hayot sinovi kelmaguncha, bu munosabatning qanchalik mustahkam ekanini bilib bo‘lmaydi.
Ko‘p marta shunday bo‘ladiki, biz yillar davomida yaqin deb bilgan odamimiz eng kerakli paytda yonimizda bo‘lmaydi.
Aksincha, ayrim insonlar og‘ir kunlarda sadoqatini isbotlaydi.
Shuning uchun ham eng mustahkam do‘stlik – bu quvonchni ham, manfaatni ham, sinovni ham birgalikda yengib o‘ta oladigan do‘stlikdir.
Hayotda tamoyillaringizni baham ko‘radigan, og‘ir damlarda sizni yolg‘iz qoldirmaydigan bunday do‘stlar juda kam uchraydi.
Agar Alloh sizga shunday bir yoki ikki do‘stni nasib qilgan bo‘lsa, bu eng buyuk ne’matlardan biridir.
Otam bilan Zayd aka umrlarining katta qismini bir mamlakatda yashamaganlar.
Otam Jidda shahrida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Zayd aka esa Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligida faoliyatini davom ettirib, turli mamlakatlardagi elchixonalarda xizmat qildi.
Ular faqat bayramlarda yoki qisqa muddatlarga uchrashishardi. Shunga qaramay, masofa ularning do‘stligini zaiflashtirmadi. Aksincha, yillar o‘tgan sari bu rishta yanada mustahkamlanib bordi. Go‘yo ular har kuni uchrashib turganday edi.
Nega?
Chunki ularning do‘stligi manfaatga emas, samimiyat va sadoqatga qurilgan edi.
Ayrim insonlar oltinga o‘xshaydi. Ular sinovlarga duch kelgan sari yanada poklanadi, yanada porlaydi.
Boshqalari esa qalayga o‘xshaydi. Hayot olovi tegishi bilan erib, asl qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Chinakam insonning qadri aynan qiyin kunlarda bilinadi.
Davron NURMUHAMMAD