Barcha yurtdoshlarimiz singari biz, Toshkent viloyati aholisi, barcha mo‘min-musulmonlar muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Qurbon hayiti tabrigini eshitib, juda xursand bo‘ldik, boshimiz ko‘kka yetdi. Undagi umidbaxsh so‘zlar bugungi sinovli kunlarda dardimizga malham bo‘ldi.
Shuningdek, “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni tom ma’noda xalqimizga bayram tuhfasi bo‘ldi.
Ayniqsa, Farmonda 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan nafaqa oluvchi oilalar sonini 700 mingtaga yetkazish, ehtiyojmand onalar sonini 400 mingtaga oshirish masalasi qanchadan-qancha o‘ksik ko‘ngillarga ro‘shnolik olib kiradi.
Aslida, bugungi kunda ona va bola salomatligi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish bo‘yicha juda ko‘p islohotlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarimizning dardu tashvishi, muammolarini joylarga chiqib hal etish yo‘nalishida alohida tizim yaratildi. Agar ona hayotdan rozi bo‘lsa, uning farzandi ham shu yurt koriga yaraydigan, vatanparvar, xalqparvar haqiqiy fidoyi bo‘lib voyaga yetadi.
Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida, albatta, jamiyatda o‘zgarish, odamlar hayotida rozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan Farmondagi kam ta’minlangan insonlarga qaratilgan e’tibor alohida tahsinga loyiq.
Yana bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi bu biz soha vakillariga olam-olam quvonch bag‘ishladi. Bu, albatta, 6,5 ming diniy xodimning daromadlarini tiklash imkonini beradi va ularning ishchanlik kayfiyati hamda faoliyatlarida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi, albatta.
To‘g‘ri, bu yil sinovlarga to‘la bo‘ldi. Shunga qaramay, mo‘min-musulmonlarimiz tushkunlikka tushmasdan, kayfiyatlarini buzmasdan, toatu ibodat, duoda bardavom bo‘ladilar.
O‘z navbatida, yaqinlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga, yordamga muhtoj oilalarga imkon qadar saxovat ko‘rsatishga oshiqishganini guvohi bo‘ldik. Bir so‘z bilan aytganda, pandemiya bizni yanada jipslashtirdi, bir-birimizga mehru muhabbatimizni oshirdi. Muammolar qarshisida naqadar kuchli ekanimizni, har qanday sinovni birgalikda yengib o‘tishimizni ko‘rsatdi.
Albatta, bundan keyin ham Yaratganning bizlarga ko‘rsatgan marhamatiga shukr qilib, sabr-matonat bilan bu balolarni yurtimizdan daf bo‘lishini so‘rab, duolar qilishimiz zarur. Chunonchi, oyati karimada: «Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir» (Sharh surasi, 5–6-oyatlar), deb marhamat qilingan.
Albatta, yorug‘ kunlar, farovon va ma’mur hayot hali oldinda. Inshoalloh, yurtimiz o‘z taraqqiyot yo‘lidan bunday buyon ham dadil odimlab, oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarimizga albatta erishamiz. Bizni hech qanday sinov, ofat, balo yenga olmaydi.
Xayrulla TURMATOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV