Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Hayit bayramlari qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-oqibat, shukronalik, muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan.
Joriy Qurbon hayiti ham ko‘tarinki ruhda, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda keng nishonlandi.
Shukronamizning, shodu hurramligimizning yana bir sababi, shubhasiz, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Qurbon hayiti tabrigi hamda uning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi tarixiy Farmondir.
Ushbu voqelik koronavirus pandemiyasi tufayli xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda ko‘nglimizni nurafshon qildi, ruhimizni ko‘tarib, ertangi bugundan-da baxtli kunlarga ishonchimizni yanada mustahkamladi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbarining ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning ayni Qurbon hayiti kunlarida qabul qilingani bejiz emas. Zero, Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, bu qutlug‘ bayramning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o‘zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog‘likni qadrlashdek ulug‘ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, muqaddas dinimiz g‘oyat go‘zal, barcha zamon va makonlarga mos va xos. Islomning go‘zalligi shundaki, musulmon kishi o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini do‘stiga, birodariga ilinmagunicha haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi. Shu bois dinimizda insonlar faqat yaxshilik qilishga da’vat etiladi. Qilingan yaxshilik tufayli ko‘ngillar ravshan tortadi, o‘zgacha ruhiy tetiklik tuyuladi, huzur-halovat, xotirjamlik barqaror bo‘ladi.
Alloh taolo Ar-Rahmon surasining 60-oyatida: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir”, deb marhamat qiladi. Muqaddas dinimizning ezgulik, xayru saxovat, mehr-oqibat, muruvvat kabi olijanob g‘oyalari jamiyatda ijtimoiy adolatning qaror topishiga xizmat qilmoqda.
Dinimiz buyurgan xayrli amallarga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek yarashib tushgan saxovat tadbirlari bugungi karantin davrida har qachongidan ham keng quloch yoyayotganining boisi shundaki, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat), deb marhamat qilgan.
Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun bitta emas, to 700 va undan ortiq savob ato etishi mumkinligini bildirmoqda.
Haqiqatan ham, insonning ikki dunyo saodatiga erishishi ezgu amallar ustiga bino qilingan. Qadimdan bir mayizni qirq bo‘lishib yeyishga odatlangan xalqmiz. Qo‘shnimiz och ekan, o‘zimiz to‘q holda uxlay olmaymiz. Bunga bizning diniy, ma’rifiy madaniyatimiz aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bugungi sinovli kunlarda xalqimiz muhtojlarga o‘zining nonini bermoqda, kiyimini ulashmoqda.
Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi tufayli bu yilgi muborak haj amalini bajarish cheklandi. Bunday fursatni g‘animat bilgan saxovatpesha yurtdoshlarimiz islomning beshinchi arkonini ado etish uchun yig‘gan mablag‘larini ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga hadya qilmoqda. Bu ezgu an’analarimizni, urf-odatlarimizni butun dunyoga ibrat qilib ko‘rsatish mumkin.
Qayd qilish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bu boradagi ezgu ishlarga yangicha ko‘lam, ma’no-mazmun baxsh etdi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu Harakat doirasida amalga oshirilgan ulkan hajmdagi xayriya tadbirlari va mehr-muruvvat amallari ham shundan yaqqol dalolat beradi.
Atrofimizda umri davomida yaxshi niyatlar bilan to‘plagan mablag‘larini ko‘makka muhtojlar oilalarga tarqatayotgan, ularga uy-joy qurib berayotgan, eng muhimi, hayotiy ehtiyojlarini qondirayotgan vatandoshlarimizni haqli ravishda zamonamiz qahramonlari deyish mumkin. Zero, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlari:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay,
deya iltifot qiladi. O‘z vaqtida qilingan ehsonning savobi ulug‘ bo‘ladi. O‘zi muhtoj bo‘la turib, o‘zgalarga ezgulik ulashgan, ularning ko‘nglini ko‘targan kishining ikki dunyosi obod bo‘lishi hayotda ko‘p kuzatilgan.
Quvonarlisi, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan Farmoniga muvofiq, pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan, yordam va ko‘makka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida avval ajratilgan 10 trillion so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda respublika budjetidan yana qariyb 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi.
Bundan tashqari, ushbu hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirildi.
Shu yilning yakuniga qadar 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi soni 2 barobarga oshirilib, 700 mingtagacha, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi soni 330 mingdan 400 mingtaga, moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi soni esa 89 mingdan 100 mingtaga ko‘paytiriladi.
To‘lash muddati shu yilning iyul-sentyabr oylarida tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash navbatdagi 6 oy muddatga uzaytirildi.
Respublika budjetidan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga 200 milliard so‘m, tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi biz uchun alohida ahamiyatli voqelik bo‘ldi.
Dunyoda iqtisodiy inqiroz kechayotgan bir paytda xalqimizga bu qadar himmat ko‘rsatilishi hech birimizni befarq qoldirmaydi. Bu ruhimizni ko‘taribgina qolmay, shukronalik tuyg‘ularimizni, g‘ayrat-shijoatimizni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Prezidentimiz Farmoni “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yanada quvvatlantirdi, balki har birimizni yana bir bor ezgulik qonunlari asosida yashashga undadi, o‘zgalarga yaxshilik sog‘inib, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatishda ibrat va namuna bo‘ldi. Zero, muborak hadisda qayd etilganidek, “Saxovat — bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi...”
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.