So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham olamshumul islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining ochilgani, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi tom ma’noda sohada tub burilish yasadi.
O‘z navbatida, diniy soha vakillariga qaratilayotgan e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda. Soha xodimlarini bilim va malakalarini oshirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi tashkil etildi hamda hududlarda filiallari o‘z faoliyatini boshladi.
Shuningdek, soha vakillarining nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari va oliygohlari bilan o‘zaro tajriba almashish borasida muddatli o‘quvlar tashkil etildi. Jumladan, Misrning Al-Azhar majmuasi bilan bu boradagi ishlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Diniy soha vakillariga berilayotgan e’tibor haqida gap ketganda, albatta, muhtaram Prezidentimiz Farmoni bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Bu, shubhasiz, soha faoliyati va xodimlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va o‘z navbatida, yuksak e’tibor namunasidir.
Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor. Bu haqiqatni shu kunlarda yanada chuqur his etmoqdamiz. Barcha yurtdoshlarimiz yanada jipslashib, ne’matlarga shukr qilib hamda tartib-intizomni saqlagan holda yuksak onglilik va mas’uliyat ko‘rsatib, sabr-matonat bilan bu sinovdan eson-omon o‘tamiz, deb ishonaman.
Musulmon, avvalo, Islom dini qonun-qoidalariga muvofiq, har bir inson hayotini muhofaza qilish mas’uliyatiga ega. Shunday ekan, har birimiz yurtdoshlarimizni, dindoshlarimizning hayotini, salomatligini saqlashga mas’ulmiz.
Alloh taolo: «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmang!» (Moida surasi, 2-oyat), deb marhamat qilgan.
Karantin choralariga rioya qilish yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishning aynan o‘zginasidir. Shuningdek, bunda shariat buyurganidek avval Alloh taologa tavakkal qilib, keyin sabablarni qidirish ham bor gap.
Hazrat Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi va sallam dedilar: «Ikki ne’mat bor, insonlar ularning qadriga aslo yetishmaydi. Bular: xotirjamlik va sihat-salomatlik» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis juda ko‘p takrorlanadi, lekin uning mohiyatini ko‘p ham his qilavermaymiz. Bugun xotirjamlik, sihat-salomatlik nima ekanini barchamiz teranroq anglab yetdik. Demak, uylarimizda qolib, koronavirus infksiyasi tufayli joriy etilgan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishimiz zarur.
Mirzamaqsud ALIMOV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD