Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyun, 2026   |   14 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:53
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
29 Iyun, 2026, 14 Muharram, 1448

Tilini asragan ayol

02.08.2020   12765   7 min.
Tilini asragan ayol

Abdulloh ibn Muborak hikoya qiladi:

Men Allohning muborak uyi Baytullohni haj qilish va Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam qabrlarini ziyorat etish niyati bilan safarga chiqqan edim. Yo‘lda bir qora sharpaga duch keldim. Yaqinroq borib qarasam, jun ko‘ylak kiygan va ro‘mol yopilgan bir kampir ekan.

  • Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, — deb salom berdim. U:
  • «Mehribon Parvardigor tomonidan salom aytilur»,1 — deb alik oldi.
  • Alloh senga rahm etsin, bu yerda nima qilyapsan? — deb so‘radim. Kampir:
  • «Kimni Alloh adashtirib qo‘ysa, uning uchun biron hidoyat qiluvchi bo‘lmas»,2 — deb tilovat qildi. Uning so‘zidan yo‘ldan adashganini angladim. Keyin:
  • Qayerga ketyapsan? — deb savol qildim.
  • «Bir kechada bandasini Masjidul Haramdan Masjidul Aqsoga sayr qildirgan Zot pokdir»,3 — deb javob berdi. Bildimki, u haj ibodatini ado etib, Baytul Maqdisga ketayotgan ekan. So‘ngra bu yerda qachondan beri turganini so‘radim.
  • «Uch kecha-kunduz»,* — dedi. Nima yeb-ichayotganini so‘raganimda:
  • «Uning o‘zi meni to‘ydirur va qondirur»,5 — deb javob qildi.
  • Tahoratni qanday qilyapsan? — deb so‘radim keyin. U Moida surasining 6-oyatini o‘qidi:
  • «Suv topa olmasangiz, pok tuproq bilan tayammum qilingiz».
  • Mening ovqatim bor, yeysanmi? — dedim.
  • «So‘ngra kechgacha ro‘zani benuqson qilib tutinglar».6
  • Hozir ramazon oyi emas-ku.
  • «Kim o‘z ixtiyori-la yaxshilikni niyat etsa, bas, Alloh shukr qilguvchi va bilguvchidir».7
  • Safarda bizga ro‘za tutmaslikka ruxsat etilgan-ku.
  • «Ro‘za tutishingiz, agar bilsalaringiz, o‘zingiz uchun yaxshidir».8
  • Nima uchun men gapirgandek oddiy so‘zlar bilan ga-pirmayapsan, — desam:
  • «U biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)»,9 — dedi. Men savol berishda davom etdim:
  • Sen kimsan o‘zi?
  • «(Ey inson,) o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil — bularning barchasi to‘g‘risida (inson) mas’uldir», — deb Isro surasining 36-oyatini tilovat qildi.
  • Xato qildim, kechir — deb uzr so‘radim. U:
  • «Bugun sizlar ayblanmaysizlar. Alloh sizlarni mag‘firat qilur»,10— dedi. Keyin:
  • Mana bu tuyamga o‘tirib, karvoningga yetib olishni xohlaysanmi?— deb taklif qildim.
  • «Qanday yaxshi amal qilsangiz, Alloh uni biladi»," — dedi. Tuyani cho‘ktirdim. Shunda u:
  • «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘sinlar»,12 —degan oyatni o‘qidi. Men ko‘zimni undan uzdim va:
  • Tuyaga chiqqin, — dedim. U minmoqchi bo‘lganida, tuya hurkib ketdi va kiyimini yirtib yubordi. Shunda:
  • «Sizlarga ne bir musibat yetsa, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa-gunoh sababli (yetur)»,'3,—deb qiroat qildi.
  • Shoshmay tur, tuyani bog‘lab qo‘yay, — dedim. U:
  • «Biz uni Sulaymonga fahmlatdik»," — dedi. Tuyani bog‘lab qo‘yib, unga:
  • Mingin, — dedim. Tuyaga minib olgach, u:
  • «Bizlarga buni bo‘ysindirgan zot pokdir. Bizlar bunga qodir emas edik. Albatta, biz Robbimizga qaytguvchimiz»,15— dedi. Jilovdan tutib, qichqirib tuyani tez haydab ketdim. Shunda u Luqmon surasining:
  • «Yurganingda o‘rtacha yurgin va ovozingni past qilgin»,— degan oyatini tilovat qildi. So‘ngra sekin yurib, she’r o‘qiy boshladim.
  • «Qur’ondan muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar»,'6— dedi.
  • Menga ko‘p yaxshiliklar berildi, — dedim men. U: 
  • «Aql egalarigina eslaydilar»," — deb o‘qidi. Bir oz yurganimizdan keyin:
  • Ering bormi? — deb so‘radim. U Moida surasining 101-oyatini o‘qib javob berdi:
  • «Ey mo‘minlar, ayon bo‘lganda sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar». Men jim qoldim, karvoniga yetib olgunimizcha unga hech narsa gapirmadim. Yetib kelgach:
  • Mana karvon, bu yerda kiming bor? — deb so‘radim. U:
  • «Mol-mulk va bola-chaqa hayoti dunyoning ziynatidir»,18 — dedi. Bu gapidan karvonda farzandlari borligini bildim.
  • Ular nima qiladilar?, — deb so‘ragan edim:
  • «Belgilar qo‘yildi va yulduzlar bilan topurlar»,19 — degan oyatni o‘qidi. Bolalari karvonlarda yo‘l boshlovchi ekanliklarini bildim. U chaylalar tomon ishora qildi.
  • U yerda kiming bor? — dedim. U yana oyat o‘qidi:
  • «Alloh Ibrohimni o‘ziga do‘st tutdi»,20 «Muso bilan Allohning o‘zi, bevosita, gaplashdi»,21 «Ey Yahyo, kitobni mahkam ushla».22 Men:
  • Ey Ibrohim, ey Muso, ey Yahyo! Deb, ayolning farzandlarini chaqirdim. Oldimga oydek yigitlar kelib salom berdi. Shunda ayol o‘g‘illariga:
  • «Endi bir kishini mana shu pulingiz bilan shaharga jo‘natinglar, u eng sara, pokiza taomlarni tanlab, sizlarga undan rizq-nasiba olib kelsin»,23 — dedi. Ulardan biri borib, taom sotib olib keldi va ovqatni dasturxonga qo‘ydi. Ayol yana tilovat qildi: 
  • «Sizlar o‘tgan kunlarda qilgan amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) pok bilib yeb-ichinglar».24 Shunda men:
  • Bu ayol haqida gapirib bermagunlaringizcha ovqatlaringizni yemayman, — dedim. Ular:
  • Bu ayol bizning onamiz bo‘ladi. Qirq yildan beri pok Parvardigorning adashtirishidan, g‘azab qilishidan qo‘rqib, Allohning kalomi — Qur’oni karimning so‘zidan boshqa so‘zni gapirmaydi, — deyishdi. Shunda men ham javob tariqasida bir oyat o‘qidim:
  • «Bu Allohning fazl-karami, uni xohlagan bandasiga beradi. Alloh ulug‘ fazilat egasidir».

«Odoblar durdonasi» kitobidan.

 

1. Yosin, 58

9. Qof, 18

17. Baqara, 269

2. A’rof, 186

10. Yusuf, 92

18. Kahf, 46

3. Isro, 1

11. Baqara, 197

19. Nahl, 16

4. Maryam, 10

12. Nur, 30

20. Niso, 125

5. Shuaro, 79

13. Sho‘ro, 30

21. Niso, 164

6. Baqara, 187

14. Anbiyo, 79

22. Maryam, 12

7. Baqara, 158

15. Zuxruf, 14

23. Kahf, 19

8. Baqara, 184

16. Muzammil, 20

24. Al-Haqqa, 24

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Falaq va Nas suralari fazilati

23.06.2026   6196   6 min.
Falaq va Nas suralari fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Shunga ko‘ra muhaddis ulamolar o‘z asarlariga “Tafsir kitobi” va “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Sahihi Buxoriy” asarida “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” degan alohida bo‘lim qilib, unda tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, u kishi bilan bir davrda yashagan Imom Muslim rahmatullohi alayhning “Sahihi Muslim” asarida ham “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” nomli sakkizta bobdan iborat kichik bo‘lim ajratilgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining “Jome’ at-Termiziy” asarida “Kitabu tafsir al-Qur’an” ya’ni, “Qur’on tafsiri kitobi” degan nom ostida Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri haqidagi hadislarni keltirgan.

Imom Nasoiy rahmatullohi alayh “Sunan al-Kubro” asarida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, hadis asarlarida “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan. Jumladan, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Sahihul Buxriy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini va Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining Jome’ at-Termiziy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini keltirishib, unda Qur’oni karim suralarining fazilatiga oid hadislarni bayon qilishgan. Jumladan, Falaq va Nas suralari haqida ham ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lib, ularni qisqacha bayon qilamiz.


Suralarning nomlanish sababi

Nas surasining birinchi oyati “Qul a’uzu birobbin naas (Odamlar Robbisidan panoh so‘rayman) oyati bilan boshlangan. “Nas” so‘zi bu oyatda besh marta zikr qilingan. Shu e’tibordan bu sura “Nas” deb nomlangan. “Nas” so‘zi “odamlar”, degan ma’noni anglatadi.

Falaq surasiga o‘zining birinchi oyatidagi “falaq” so‘zi nom bo‘lib qolgan. “Falaq” so‘zi lug‘atda “yorish ma’nosini bildiradi. Bu surada “Falaq” so‘zi subh-tong ma’nosida kelgan. Tong kechani yorib boshlagani uchun shu nom bilan ham ataladi.[1]

Bu ikki sura birgalikda “Mu’avvizatayn”, “Ikki panoh so‘rovchi” deb nomlanadi. Chunki, ikki sura ham “a’uzu” (panoh so‘rayman) so‘zi bilan boshlanadi.


Suralarning fazilati

Hadisi shariflarda ushbu suralarning fazilati bayon qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolsalar, o‘zlariga mu’avvizotni o‘qib, dam solar edilar. (Vafotlaridan oldingi) og‘riqlari kuchayganda esa men o‘zim u zotga o‘qib, barakotidan umid qilib, o‘z qo‘llari bilan silar edim” (Imom Buxoriy rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotganlarida ikki kaftlarini jamlab, ularga “Qul huvallohu ahad”, Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnas” larni o‘qib, dam solib, badanlarining (qo‘llari) yetgan joyigacha silar edilar. Avval boshlari va yuzlaridan boshlardilar. Keyin badanlarining old tarafiga (o‘tardilar). Buni uch marta qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashdim, vaholanki u zot ulovda edilar. Ikki qo‘limni u zotning ikki oyoqlariga qo‘yib: “Menga Yusuf surasini o‘qiting”, dedim. Shunda u zot: “Sen Allohning huzurida “Qul a’uzu birobbil falaq” dan ko‘ra yetukroq biror narsani hargiz o‘qiy olmaysan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abdulloh ibn Xubayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechga kirishingda ham, tongga kirishingda ham “Qul huvallohu ahad” va “mu’avvizatayn” ni uch marta o‘qi, (shunda) u senga har bir narsadan kifoya qiladi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Juhfa va Abvo orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurib borardim. Bizni yomg‘ir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, bilan panoh so‘ray boshladilarda: “Ey Uqba, ikkovi bilan panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkovichalik narsa bilan panoh tilamagan”, dedilar.So‘ngra u zotdan bizga imom bo‘lib, namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech ko‘rilmagan. “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur’onning ma’nolarini mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafolatini Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 17-19-oyatlar).

Sahobai kiromlar Qur’oni karimni tafsir qilishda biror muammoga duch kelsalar, darhol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyatlarning maxfiy, nozik joylarini tushuntirib berardilar. Chunki u Zotning asosiy vazifalari shu edi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan:

 “Va sizga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).

Shunga ko‘ra u zot Qur’oni karim ma’nolarini o‘z hadislarida bayon qilib berganlar.

Shokirjon MADAMINOV


[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Oltinchi juz. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2008. – B.565.