Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Hayo – ziynatdir

02.08.2020   2485   8 min.
Hayo – ziynatdir

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:

الإِيمانُ بِضْعٌ وستُّونَ شُعْبَةً والحَياءُ شعْبةٌ مِنَ الإِيمَانِ

“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat. Hayo imonning bir sho‘basidir” (Imom Buxori rivoyati). Boshqa rivoyatda “Imon oltmishdan ortiq yoki yetmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”, deyilgan.

“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) komil imonni sifatlab, uni shoxlari va hosili ko‘p daraxtga o‘xshatdilar. Chunki daraxtning qadr-qimmati shoxlari va mevasi bilandir. Imonning eng oliy darajasi “La ilaha illalloh”, eng quyi pog‘onasi yo‘ldan ozor beruvchi narsani olib tashlashdir. Imonning asosi tasdiq va iqror bo‘lganidek, daraxtning negizi tanadir. Shox-butoqlari yo‘q daraxt meva ham, soya ham bermaydi. Imon birgina tasdiq va iqrordan iborat bo‘lsa, xuddi daraxtning tanasiga o‘xshaydi. Unday daraxtda na soya, na hosil yo‘q. Masalan, imon sho‘balaridan – namoz, ro‘za, zakot, xaj kabi ulug‘ ibodatlarni daraxtning katta shoxlariga o‘xshatsak, u yirik shabbalardan mayda-mayda novdalar o‘sib, meva beradi va o‘sha katta shoxlar qiymatini oshiradi. Bu, biror ibodatni mukammal ado etish uchun, uning farzlari, vojiblari, sunnatlari va hatto mustahablarini ham o‘z o‘rnida bajarish kerak, deganidir. Mabodo mazkur amallardan birortasi qoldirilsa, ibodat nuqson bilan tugaydi va hokazo.

Ulamolarimiz hadisdagi “biz’un” so‘zi uchdan to‘qqizgacha bo‘lgan adadlarni qamraydi, deyishgan. Shunga ko‘ra, “oltmishdan ortiq” jumlasidan oltmish uchdan oltmish to‘qqizgacha bo‘lgan adadlar tushuniladi. Demak, ana shulardan biri hayodir.

“Hayo imonning bir sho‘basidir”. Hadisi sharifda imonning sho‘balaridan aynan hayo zikr qilindi. Zero, u barcha fazilatlar boshi va imonning qolgan bo‘laklariga undovchi sifatdir. Uning ahamiyati beqiyos. Sharm bandani dunyo sharmandachiligi va oxirat azobidan ogoh etib, ma’siyatlardan to‘sadi. Ulamolar hayoni ta’riflab bunday deyishgan: “Hayo shunday xulqki, u go‘zal amallarni qilishga va yomonliklarni tark etishga undaydi”. Shu bois, dinni o‘rganish, haqni gapirishda hayo qilinmaydi.

Hayo ikki xildir: tug‘ma va kasb qilinadigan. Hadisi sharifda aynan kasb qilinadigan hayo nazarda tutilgan. Chunki tug‘ma hayo inson tabiatida bor. Qachon kishi kasb qilingan sharmni o‘ziga singdirolsa, u bora-bora tabiiy hayoga aylanadi.
Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga o‘rnakdirlar. U zoti bobarakotda hayoning ikki turi ham mujassam edi. Tug‘ma hayoda chimildiqdagi qizdan ham sharmliroq, kasb qilinadiganida esa, eng yuqori maqomda edilar. Buyuk sahobalardan hazrat Usmon (roziyallohu anhu) ham juda hayoli bo‘lganlar. Hatto u zotdan farishtalar ham uyalgan.

Hayo barcha yaxshiliklar boshidir, u eng go‘zal ziynatdir, imon alomatlaridandir, Allohning sifatlaridan hamda U Zot suygan xulqdir. Shu yuksak fazilatning ketishiga ma’siyatlar sabab bo‘ladi. Sharmning yo‘qolishi barcha yaxshiliklarning ketishi, demakdir. Alloh asrasin, hayosizlik sharmandalikdir. Zero, Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

ما كان الحياء في شيء إلا زانه ولا كان الفحش في شيء إلا شانه

“Hayo nimada bo‘lsa, albatta uni ziynatlaydi. Hayosizlik nimada topilsa, albatta uni sharmanda qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Navaviy (rahimahulloh) “Sharhi Arba’in”da hayoning imon bilan bog‘liqligini bunday tushuntirganlar: “Haqiqiy hayo shuki, banda birinchi bo‘lib Allohdan chinakam uyalishi lozim. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga:

اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا : إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ ، قَالَ : لَيْسَ ذَاكَ ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى ، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى ، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا ، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ

“Allohdan chinakam hayo qilinglar”, dedilar.  Ular: “Yo Rasululloh, biz hayo qilamiz, alhamdu lilloh”, deyishdi. Shunda u zot: “Yo‘q, u (namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi amallaringiz) haqiqiy uyalish emas. Haqiqiy sharm bosh va undagi (miya, ko‘z, qo‘loq, burun, og‘iz, til kabi) barcha a’zoni (Alloh qaytargan narsalardan) saqlash, qorin va undagi (ozuqa, farj singari) barcha a’zoni (haromdan) tiyish hamda o‘limni va undan keyingi chirish (azob-uqubat)ni eslashdir. Kimki bularga amal qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Ko‘zini nomahramlarga qarashdan, qulog‘ini harom gap-so‘zlarni eshitishdan, tilini g‘iybat, yolg‘on, bo‘hton kabi gunohlardan va man qilingan narsalarni iste’mol qilishdan hamda boshqa a’zolarini haromdan tiygan, o‘limni eslab, undan keyingi mashaqqatlarni unutmagan kishigina, gunohga qo‘l urmaydi va har bir amalini oxirati uchun qiladi. Hatto tafakkurini ham dunyo va oxiratga manfaatli amallarga sarflaydi. Zero, Allohdan chinakam hayo qilmagan odam boshqalardan aslo uyalmaydi. Boshqa hadisi sharifda ta’kidlanishicha, Allohdan chinakam hayo qilish, obro‘li odamlardan uyalgandan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi kerak.

Ulamolar ta’kidlashicha, haqiqiy hayo ehsonga o‘xshaydi. Ehson nima o‘zi? Sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bu borada so‘rashganida, u zot:

الإِحْسَانُ أَنْ تَعْبُدَ اللَّهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ

“Ehson – Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qilishingdir. Agar U Zotni ko‘rolmasang, U Zot seni ko‘rib turibdi (degan e’tiqodda bo‘lishingdir)”, dedilar. Bu oliy darajaga erishish uchun haqiqiy hayoni o‘zimizda shakllantirishimiz va butun vujudimiz bilan Allohga yuzlanishimiz kerak. Afsuski, ko‘pchiligimiz bundan mahrummiz, g‘aflatdamiz. Imon sho‘basining asoslariga imkon qadar e’tibor beramizu, uning mevalari hisoblanmish hayoga beparvomiz.

Haqiqiy hayoga farz, vojib, sunnat ibodatlarni imqon qadar mukammal bajarish va toqatga yarasha nafl ibodatlar, sunnat hamda nafl ro‘zalar tutish orqali erishiladi. Bu fazilatga yetishmoqchi kishi o‘zini tarbiyalab, hoyu-havasga uchmasdan hayotning mashaqqatlariga sabr qilsagina maqsadga erishadi, inshaalloh. Zero, endigina namoz o‘qiyotgan kishi bilan yillar davomida ibodat qilayotgan odam orasida Yer bilan osmoncha farq bor. E’tibor bersak, birinchi o‘qigan namozimiz bilan hozirgi qilayotgan ibodatlarimizni taqqoslasak, o‘rtada tafovut juda katta. Beixtiyor xayolimizdan: “O‘sha damlar namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, deb yurgan ekanman-da”, degan o‘y o‘tadi. Bu degani, Allohga shukrki, haqiqiy hayo sari intilayotganimizdan darakdir.

Xullas, hayo deganda, “uyalish, tortinish” deb tushunmaslik kerak. Shuningdek, faqat avratlarni yopib yurish ham emas, balki shu bilan birga har bir holatda kamida Alloh taoloning ko‘rib turganini his qilib yashash, gunohlardan uzoqda bo‘lish bilan namoyon bo‘ladi. Shu ruhda tarbiyalangan inson birovga, garchi u bilmasa-da, ko‘rmasa-da, xiyonat etmaydi, obro‘sini to‘kmaydi, zulm qilmaydi, haqini toptamaydi. Ichi bilan tashi bir bo‘ladi. Birov bor payda boshqacha, yo‘g‘ida esa boshqacha muomala qilmaydi va hokazo.

Or-nomusli kishi jamoat joylarida ham, yolg‘iz qolganda ham o‘zini bir xil tutadi, o‘zgarmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham sodir etmaydi. Shunday sifatga ega odamda salobat paydo bo‘ladi. Viqorli insonni ko‘rgan odam o‘z-o‘zidan uyaladi. Hatto, gunoh qilishga mukkasidan ketgan kishi ham uning oldida ma’siyatdan to‘xtaydi. Hayosizlarda esa, bu fazilat yo‘q. Hatto yoshi ulug‘ bo‘lsa ham, oldida yoshi kichiklar tap tortmasdan fahsh so‘zlarni gapirishadi, odobsizlik qilishadi. Aksincha, yoshi katta sharm-hayosiz kishilar imon-e’tiqodli, uyatchan odam yoniga kelganda, garchi o‘zidan kichik bo‘lsa-da, uning oldida odob saqlaydi.

Shunday ekan, hayoga e’tiborsiz bo‘lmaylik va undan g‘aflatda ham qolmaylik. Shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoalloh. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, va haqiqiy hayo bilan ziynatlasin, hech qachon ulardan ayirmasin. Omin!

 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

16.07.2025   878   2 min.
Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?

Osmonlaru yerni yaratgan  Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.

Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.

Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.

Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.

Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].

Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?!  Albatta, yo‘q.

Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.

Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang. 

Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning.  O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Hud surasi, 102-oyat.