Oliyjanoblik, saxovat, saxiylik deganda foydasi va manfaati ko‘p ishlarni qilish yoki yaxshilik va ezgulik yo‘lida mol-mulkni infoq-ehson qilish tushuniladi.
Payg‘ambar alayhissalom qo‘li ochiq va saxovatli kishi bo‘lib, ul zotning o‘zlari ummatlarini ham saxiylikka qiziqtirib, shijoatlantirgan holda shunday derdilar: “Saxiy kishi Allohga yaqin, insonlarga yaqin, jannatga yaqin bo‘ladi. Baxil kishi Allohdan uzoq, insonlardan uzoq, jannatdan uzoq, jahannamga yaqin bo‘ladi”. (Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Yana bir hadisi sharifda shunday deyilgan: “Har doim bandalar tong orttiradigan bo‘lsalar, ikki farishta Yer yuziga tushib, biri: “Allohim, infoq qiluvchi kishiga o‘rnini to‘ldirgin”, desa, boshqasi: “Allohim, baxil kishiga talofot yetkazgin”, deydi”. (Imom Muslim rivoyati).
Yana u zot: “Qizg‘anchilikdan saqlaning. Chunki u sizlardan avvalgilarni halok qilgan”, deganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning saxovatlari – maqtalish yoki biror malomatdan qochish uchun bo‘lmagan. Yoki faxr-iftixor va maddohlar maqtashini niyat etmaganlar. Balki Rasulullohning saxovatlari dinni himoya qilish, hidoyat yo‘liga chorlashni qo‘llab-quvvatlash va Allohning yo‘lidan to‘sadiganlarga qarshi chiqishga qaratilgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz mol-dunyoni saqlashni aslo yoqtirmaganlar. Qo‘llariga tushgan g‘animat va o‘ljalarni kambag‘al va muhtoj mo‘min-musulmonlarga infoq qilganlar.
Payg‘ambar alayhissalom yetimlar boshini silab bevalarning moddiy ta’minotiga g‘amxo‘rlik qilganlar. O‘z xojayini bilan pul berish evaziga ozod bo‘lishga kelishib olgan qullarni ozod qilardilar. Islom diniga moyil bo‘lgan qalblarni ulfat qilish uchun mol-dunyoni ayamaganlar. Bu kabi tadbirlar u zotning hayotlari davomida ko‘p kuzatilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zgalari va oilalaridan ko‘ra boshqalarga ko‘proq saxovat ko‘rsatganlar. Biron narsaga o‘zlari eng hojatmand bo‘lishlariga qaramay, boshqalarga berganlar. O‘zlari muhtoj bo‘lib turganda ham buni o‘ylab o‘tirmay, darhol hadya qilib yuborganlar.
Payg‘ambar alayhissalom Alloh yo‘lida imkoni boricha ko‘proq infoq qilsalar ham, buni oz sanardilar. Ko‘p narsalarni hadya qilib yuborsalar ham ko‘p berdim, deb hisoblamasdilar. Islom yo‘lida u zotdan biror narsa so‘ralsa, hech qachon rad javobini olinmagan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda saxovat shu darajaga yetgandiki, biror narsa so‘rab kelgan odamni quruq qaytarish yoki “O‘zimizda ham yo‘q” deb uzr aytishdan hayo qilar edilar. Bir kishi yordam so‘rab oldilariga kelganda Payg‘ambar alayhissalom: “Hozir menda hech narsa yo‘q, biroq mening nomimdan narsa sotib ol. Qo‘limizga biror narsa tushsa, o‘zim berib qo‘yaman”, dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Ey, Allohning Rasuli, unga hadya qildingiz. Axir Alloh taolo o‘zingiz qodir bo‘lmagan ishga sizni buyurmagan-ku!”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu so‘z yoqmadi. So‘ng ansorlardan bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli, infoq qilavering, Arsh egasi bo‘lgan Zot ozaytirib qo‘yadi, deb o‘ylamang”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar. Ansoriy kishining so‘zidan yuzlarida xursandchilik alomati paydo bo‘lib: “Mana shunga buyurilganman”, dedilar. (Termiziy rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima so‘ralsa, uni berardilar. Safvon ibn Umayya hali musulmon bo‘lishidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelganida, unga ikki tog‘ orasidagi bir suruv qo‘ylarni hadya qildilar. U qavmi oldiga borib: “Ey qavmim, islomga kiringlar. Chunki Muhammad faqirlikdan qo‘rqmaydigan kishining hadyasini berdi”, dedi”. Boshqa bir rivoyatda: “Faqirlikdan qo‘rqmas ekan”, deb kelgan.
Hunayn kuni ham ozod qilingan kishilarning qalblarini islomga moyil qilish uchun ko‘p hadyalar ulashdilar. O‘shanda tuyalarni yuztalab tarqatdilar. Bunday hadyani olganlar orasida Molik ibn Avf roziyallohu anhu ham bor edi. So‘ngra Molik ibn Avf bu ishlarini deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni madh etib, qasida ham bitgan. (Imom Muslim rivoyati).
Said ibn Musayyab Safvon ibn Umayyadan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga juda ko‘p hadya berganlar. U kishi men uchun musulmon bo‘lishimdan oldin insonlarning eng yomoni bo‘lsalar, hadya berganlaridan so‘ng insonlarning eng suyuklisiga aylanganlar”. (Termiziy rivoyati).
Voqidiyning “Mag‘oziy” kitobida keltirilishicha, Safvon Hunayn kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘ljalarni birga ko‘rib yurishib, tuyalar va o‘ljaga to‘la dara oldidan o‘tishdi. Bu o‘ljalar Safvonga yoqib, ularga boshqacha qaray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Vahb, bular senga yoqdimi?” dedilar. Safvon: “Ha”, deb javob berdi. U zot: “Barchasi senga bo‘lsin”, dedilar. Safvon nihoyatda quvonib: “Guvohlik beramanki, siz Allohning Rasulisiz. Bunday hadyani faqatgina payg‘ambar xushnud bo‘lib bera oladi”.
Imom Termiziyning rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga to‘qson ming dirham olib kelindi va bo‘yra ustiga qo‘yildi. U zot uni taqsimlashga tushdilar. Hammasini taqsimlab bo‘lgunlaricha kim so‘rab kelsa, uni quruq qaytarmadilar.
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ansoriylardan bir qanchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa so‘rab kelishganda so‘ragan narsalarini berdilar. So‘ng yana so‘radilar, uni ham berdilar. So‘ng yana so‘radilar, uni ham berdilar. Oxiri oldilarida hech narsa qolmaganda: “Huzurimdagi hadya-o‘ljalardan birortasini sizlardan yashirib g‘amlab olmayman. Kim iffatni istasa, Alloh uni iffatli qilib qo‘yadi. Kim o‘zini tiysa, Alloh uni boy qilib qo‘yadi. Kim sabrli bo‘lishga harakat qilsa, Alloh unga sabr berib qo‘yadi. Zero, kishiga sabridan ko‘ra xayrli va kengroq narsa berilgan emas”. (Olti sahih to‘plam sohiblari rivoyat qilishgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sadaqa berishga biror kishini vakil qilmasdilar. O‘zlari so‘rovchining qo‘liga topshirardilar”. (Ibn Moja rivoyati.)
Ibn Sa’d Ayyosh ibn Abu Rabi’aning mavlosi Ziyoddan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki narsaga hech kimni vakil qilmasdilar. Kechasi turgan paytlari tahorat suvini o‘zlari tayyorlardilar va biror narsa so‘rab kelgan kishiga o‘zlari berardilar”.
“Sunani Abu Dovud” va “Sunani Bayhaqiy” kitobida shunday rivoyat qilinadi: Abdulloh Havzaniydan rivoyat qilinadi: “Men Bilol roziyallohu anhu bilan ko‘rishib qoldim va: “Ey Bilol, menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nafaqalari qanday bo‘lganini aytib bering”, dedim. U kishi: “Payg‘ambar alayhissalomga taalluqli biror ish bo‘lsa, o‘zim o‘sha ishni qilardim, ya’ni mollariga men qarar edim. Alloh taolo u kishini payg‘ambar qilib yuborganidan to vafotlariga qadar shunday qildim. Agar u zotning huzurlariga biror kishi musulmon bo‘lib kelsa, uni kiyimsiz holda ko‘rsalar, menga qarzga kiyim sotib olib unga berishni va ovqatlantirishni buyurardilar”, dedilar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim “Sahih” kitoblarida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli kishi edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u kishining huzurlariga keladigan paytlari yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar”.
BARATOV G‘iyosiddin
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV