Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Payg‘ambar alayhissalomning saxovatlari

1.08.2020   2111   7 min.
Payg‘ambar alayhissalomning saxovatlari

Oliyjanoblik, saxovat, saxiylik deganda foydasi va manfaati ko‘p ishlarni qilish yoki yaxshilik va ezgulik yo‘lida mol-mulkni infoq-ehson qilish tushuniladi.

Payg‘ambar alayhissalom qo‘li ochiq va saxovatli kishi bo‘lib, ul zotning o‘zlari ummatlarini ham saxiylikka qiziqtirib, shijoatlantirgan holda shunday derdilar: “Saxiy kishi Allohga yaqin, insonlarga yaqin, jannatga yaqin bo‘ladi. Baxil kishi Allohdan uzoq, insonlardan uzoq, jannatdan uzoq, jahannamga yaqin bo‘ladi”. (Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Yana bir hadisi sharifda shunday deyilgan: “Har doim bandalar tong orttiradigan bo‘lsalar, ikki farishta Yer yuziga tushib, biri: “Allohim, infoq qiluvchi kishiga o‘rnini to‘ldirgin”, desa, boshqasi: “Allohim, baxil kishiga talofot yetkazgin”, deydi”. (Imom Muslim rivoyati).

Yana u zot: “Qizg‘anchilikdan saqlaning. Chunki u sizlardan avvalgilarni halok qilgan”, deganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning saxovatlari – maqtalish yoki biror malomatdan qochish uchun bo‘lmagan. Yoki faxr-iftixor va maddohlar maqtashini niyat etmaganlar. Balki Rasulullohning saxovatlari dinni himoya qilish, hidoyat yo‘liga chorlashni qo‘llab-quvvatlash va Allohning yo‘lidan to‘sadiganlarga qarshi chiqishga qaratilgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz mol-dunyoni saqlashni aslo yoqtirmaganlar. Qo‘llariga tushgan g‘animat va o‘ljalarni kambag‘al va muhtoj mo‘min-musulmonlarga infoq qilganlar.

Payg‘ambar alayhissalom yetimlar boshini silab bevalarning moddiy ta’minotiga g‘amxo‘rlik qilganlar. O‘z xojayini bilan pul berish evaziga ozod bo‘lishga kelishib olgan qullarni ozod qilardilar. Islom diniga moyil bo‘lgan qalblarni ulfat qilish uchun mol-dunyoni ayamaganlar. Bu kabi tadbirlar u zotning hayotlari davomida ko‘p kuzatilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zgalari va oilalaridan ko‘ra boshqalarga ko‘proq saxovat ko‘rsatganlar. Biron narsaga o‘zlari eng hojatmand bo‘lishlariga qaramay, boshqalarga berganlar. O‘zlari muhtoj bo‘lib turganda ham buni o‘ylab o‘tirmay, darhol hadya qilib yuborganlar.

Payg‘ambar alayhissalom Alloh yo‘lida imkoni boricha ko‘proq infoq qilsalar ham, buni oz sanardilar. Ko‘p narsalarni hadya qilib yuborsalar ham ko‘p berdim, deb hisoblamasdilar. Islom yo‘lida u zotdan biror narsa so‘ralsa, hech qachon rad javobini olinmagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda saxovat shu darajaga yetgandiki, biror narsa so‘rab kelgan odamni quruq qaytarish yoki “O‘zimizda ham yo‘q” deb uzr aytishdan hayo qilar edilar. Bir kishi yordam so‘rab oldilariga kelganda Payg‘ambar alayhissalom: “Hozir menda hech narsa yo‘q, biroq mening nomimdan narsa sotib ol. Qo‘limizga biror narsa tushsa, o‘zim berib qo‘yaman”, dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Ey, Allohning Rasuli, unga hadya qildingiz. Axir Alloh taolo o‘zingiz qodir bo‘lmagan ishga sizni buyurmagan-ku!”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu so‘z yoqmadi. So‘ng ansorlardan bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli, infoq qilavering, Arsh egasi bo‘lgan Zot ozaytirib qo‘yadi, deb o‘ylamang”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar. Ansoriy kishining so‘zidan yuzlarida xursandchilik alomati paydo bo‘lib: “Mana shunga buyurilganman”, dedilar. (Termiziy rivoyati).

Anas roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima so‘ralsa, uni berardilar. Safvon ibn Umayya hali musulmon bo‘lishidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelganida, unga ikki tog‘ orasidagi bir suruv qo‘ylarni hadya qildilar. U qavmi oldiga borib: “Ey qavmim, islomga kiringlar. Chunki Muhammad faqirlikdan qo‘rqmaydigan kishining hadyasini berdi”, dedi”. Boshqa bir rivoyatda: “Faqirlikdan qo‘rqmas ekan”, deb kelgan.

Hunayn kuni ham ozod qilingan kishilarning qalblarini islomga moyil qilish uchun ko‘p hadyalar ulashdilar. O‘shanda tuyalarni yuztalab tarqatdilar. Bunday hadyani olganlar orasida Molik ibn Avf roziyallohu anhu ham bor edi. So‘ngra Molik ibn Avf bu ishlarini deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni madh etib, qasida ham bitgan. (Imom Muslim rivoyati).

Said ibn Musayyab Safvon ibn Umayyadan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga juda ko‘p hadya berganlar. U kishi men uchun musulmon bo‘lishimdan oldin insonlarning eng yomoni bo‘lsalar, hadya berganlaridan so‘ng insonlarning eng suyuklisiga aylanganlar”. (Termiziy rivoyati).

Voqidiyning “Mag‘oziy” kitobida keltirilishicha, Safvon Hunayn kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘ljalarni birga ko‘rib yurishib, tuyalar va o‘ljaga to‘la dara oldidan o‘tishdi. Bu o‘ljalar Safvonga yoqib, ularga boshqacha qaray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Vahb, bular senga yoqdimi?” dedilar. Safvon: “Ha”, deb javob berdi. U zot: “Barchasi senga bo‘lsin”, dedilar. Safvon nihoyatda quvonib: “Guvohlik beramanki, siz Allohning Rasulisiz. Bunday hadyani faqatgina payg‘ambar xushnud bo‘lib bera oladi”.

Imom Termiziyning rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga to‘qson ming dirham olib kelindi va bo‘yra ustiga qo‘yildi. U zot uni taqsimlashga tushdilar. Hammasini taqsimlab bo‘lgunlaricha kim so‘rab kelsa, uni quruq qaytarmadilar.

Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ansoriylardan bir qanchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa so‘rab kelishganda so‘ragan narsalarini berdilar. So‘ng yana so‘radilar, uni ham berdilar. So‘ng yana so‘radilar, uni ham berdilar. Oxiri oldilarida hech narsa qolmaganda: “Huzurimdagi hadya-o‘ljalardan birortasini sizlardan yashirib g‘amlab olmayman. Kim iffatni istasa, Alloh uni iffatli qilib qo‘yadi. Kim o‘zini tiysa, Alloh uni boy qilib qo‘yadi. Kim sabrli bo‘lishga harakat qilsa, Alloh unga sabr berib qo‘yadi. Zero, kishiga sabridan ko‘ra xayrli va kengroq narsa berilgan emas”. (Olti sahih to‘plam sohiblari rivoyat qilishgan).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sadaqa berishga biror kishini vakil qilmasdilar. O‘zlari so‘rovchining qo‘liga topshirardilar”. (Ibn Moja rivoyati.)

Ibn Sa’d Ayyosh ibn Abu Rabi’aning mavlosi Ziyoddan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki narsaga hech kimni vakil qilmasdilar. Kechasi turgan paytlari tahorat suvini o‘zlari tayyorlardilar va biror narsa so‘rab kelgan kishiga o‘zlari berardilar”.

“Sunani Abu Dovud” va “Sunani Bayhaqiy” kitobida shunday rivoyat qilinadi: Abdulloh Havzaniydan rivoyat qilinadi: “Men Bilol roziyallohu anhu bilan ko‘rishib qoldim va: “Ey Bilol, menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nafaqalari qanday bo‘lganini aytib bering”, dedim. U kishi: “Payg‘ambar alayhissalomga taalluqli biror ish bo‘lsa, o‘zim o‘sha ishni qilardim, ya’ni mollariga men qarar edim. Alloh taolo u kishini payg‘ambar qilib yuborganidan to vafotlariga qadar shunday qildim. Agar u zotning huzurlariga biror kishi musulmon bo‘lib kelsa, uni kiyimsiz holda ko‘rsalar, menga qarzga kiyim sotib olib unga berishni va ovqatlantirishni buyurardilar”, dedilar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim “Sahih” kitoblarida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli kishi edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u kishining huzurlariga keladigan paytlari yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar”.

BARATOV G‘iyosiddin 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   1408   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.