Misr Arab Respublikasining nufuzli «Al-Xabar al-youm» (Kun xabari) gazetasi «Dunyo» AA manbasi asosida O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi voqeliklarga e’tibor qaratishda davom etgan. Mazkur gazetaning navbatdagi sonida mamlakatimizga bag‘ishlagan ikkita material chop etildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga doir «O‘zbekiston Prezidenti tegishli idoralar va jamoat tashkilotlariga muborak Qurbon hayitini nishonlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini topshirdi» nomli materialda mamlakatimizda Qurbon hayiti bayramini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha chora tadbirlar belgilangani ta’kidlanadi.
Prezident qarori Qurbon hayiti musulmon olami, shu jumladan o‘zbek xalqining ma’naviy hayotidagi roli va ahamiyatidan kelib chiqib, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan.
Hujjatga binoan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qurbon hayitini joriy yil 31 iyul, juma kuni nishonlash to‘g‘risida qarori inobatga olinib, 31 iyul butun mamlakat bo‘ylab Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi. Shuningdek, tegishli ijtimoiy idoralar va tashkilotlarga Qurbon hayitini milliy urf-odatlarga muvofiq, karantin qoidalariga rioya qilgan holatda nishonlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berish vazifasi topshirilgani qayd etilgan.
O‘zbekistonda hayit kunlari do‘stlik va birodarlik ruhida xayr-saxovat kabi ezgu amallar bajariladi, gina-kuduratlar unutiladi. Musulmonlar Qurbon hayiti namozidan so‘ng yaqinlarini yo‘qlaydi, bemorlar va muhtojlar holidan xabar oladi, ularga hadyalar ulashadi. Bu o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Afsuski, bu yil barcha musulmon mamlakatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham hayit namozini jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati yo‘q. Bu birinchi galda insonlar salomatligini o‘ylab qabul qilingan qaror, deb yozadi «Al-Xabar al-youm».
Gazeta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil sentyabr oyidan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrdagi siyosiy faoliyati solnomasini o‘zida mujassam etgan to‘plam nashr etilgani haqidagi xabarni ham e’lon qilgan.
«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faoliyat xronikasi» deb nomlangan to‘plam nashrdan chiqarildi. Unda O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil sentyabr oyidan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrdagi siyosiy faoliyati solnomasi batafsil aks ettirilgan”, — deb yozadi nashr.
Ushbu to‘plam o‘ta murakkab va mashaqqatli, tarixiy zaruratga aylangan bugungi jarayonda yangi O‘zbekiston hayotida qanday o‘zgarishlar kechayotgani xususida to‘liq ma’lumot berishi ta’kidlangan. «O‘zbekiston» nomli ulkan kemani yangi taraqqiyot ufqi sari boshlash, siyosatshunoslar iborasi bilan aytganda, davlat va jamiyat boshqaruvida tarixiy burilish yasash Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qanday amalga oshirilayotgani kitobda aniq tizim asosida kunma-kun, oyma-oy yoritilgani qayd etilgan.
O‘zA
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».