O'tmishda bir boy yigit bo'lgan ekan. Boyligi juda katta ekan. Otasi gavharlar, yoqutlar savdosi bilan shug'ullanar ekan. Yigit do'stlarini juda siylar, ular ham davralarida uni ulug'lashar, ehtirom qilishar ekan.
Kunlar o'tib yigitning otasi vafot etibdi va oila tobora kambag'allashib ketibdi. Keyin yigit yordam so'rash uchun do'stlarini izlash maqsadida rohatda yashagan kunlarini eslabdi va o'sha vaqtdagi eng yaqin bir do'sti yodiga tushibdi. U do'stini juda yaxshi ko'rgan, boshqalardan ustun ko'rgan va katta miqdordagi boyliklarni unga o'tkazib bergan ekan. Natijada do'sti mol-davlati ko'p, bir nechta qasrlari bor bo'lgan boyga aylangan ekan. Shularni eslab, holimni isloh qilib berarmikin degan umidda uning oldiga boribdi. Qasrining eshigiga etganda xodimlar uning qarshisiga chiqibdi. Yigit ularga qasr egasining eski do'sti ekanini aytibdi. Hodimlar borib xo'jayinga bu haqida xabar berishibdi. Shunda u parda ortidan unga nazar tashlabdi, qarasa eski-tuski kiyingan kambag'al bir odam turgan ekan, u bilan ko'rishgisi kelmabdi. Hodimlariga xo'jayin hech kim bilan ko'rishmas ekanlar, deb xabar berishni buyuribdi.
Bunday quvilish yigitga juda og'ir botibdi, o'rtalaridagi do'stlik o'lib-bitganiga alam yutib bir chekkaga o'tiribdi. Sarflagan pullari vafodan uzoqlashtirishdan boshqasiga yaramaganiga achinibdi.
Bir kuni uning uyi oldiga uch kishi kelib qolibdi, ular bir kishini izlab yurishgan ekan. Yigitdan: “Biz falonchini qidiryapmiz”, deb otasining ismini aytishgan ekan. u: “U kishi mening otam bo'ladilar, bir-necha yil oldin vafot etgandilar”, debdi. Buni eshitib haligi kishilar “Laa havla va laa quvvata illaa billaah” deb yuborishibdi. Ular yigitning otasini yaxshi nom bilan eslab, unga: “Otang duru gavharlar savdosi bilan shug'ullanardi. U bizga bir nafis marjonni omonat qoldirgan edi”, deyishibdi va marjonga to'la bir haltani chiqarib, unga berishibdi va ortlariga qaytib ketishibdi. Yigit ko'zlariga ishonmasdi. Bu marjonlarni oladigan odam qidirishga tushibdi.
Ozgina vaqt o'tib yoshi katta bir boy ayol tasodifan unga yo'liqib: “Shahringizda gavharlar sotiladigan joy bormi?” deb so'rabdi. Yigit bu tasodifdan dong qotib qolibdi va ayoldan unga qanday gavharlar kerakligini so'rabdi. Ayol: “Noyob va qimmatbaho toshlarni qidiryapman, narxi qancha bo'lsa ham sotib olaman”, debdi.
Keyin yigit boyagi marjonlarni ko'rsatibdi. Ular ayolni hayratga solibdi va bir qanchasini sotib olib, yana qaytib kelishga va qolganini ham sotib olishga va'da beribdi.
Shunday qilib qahramonimizning ishlari yana iziga tushibdi va otasining tijoratini davom ettira boshlabdi.
Oradan vaqtlar o'tib do'stlik haqqini ado etmagan do'stini eslab unga maktub yo'llabdi. Maktubda quyidagicha yozilgan ekan: “Men vafosizlarni do'st tutibman, ular shunday ikkiyuzlamachiki, boy-badavlat vaqtim meni maqtab, ko'kka ko'tarishadi-da, inqirozga yuz tutsam, meni tanimaganga olishadi”.
Do'sti bu xatni o'qib, unga javob yozibdi: “Senga tasodifan duch kelgan uch kishi mening odamlarim edi, ularni men yuborgan edim. Marjonlarni sendan sotib olganlar esa mening onam edi. Sen men uchun doim o'sha-o'shasan, balki undan ham yuqorisan! Biz seni baxillik qilib yoki mensimaganimizdan tashlab qo'ymadik, seni xijolatga qo'yishdan qo'rqdik, xolos!”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Hasan domla Kenjayev
Urganch shahar bosh imom-xatibi