Uzoq yillik tajribalardan ma’lumki, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan davrda eng maqbul chora karantin tartiblarini joriy qilish bo‘lgan. Bundan asosiy maqsad esa, odamlar hayotini saqlash va vabo keng tarqalishini jilovlashdir. Shunday voqealar Islom tarixida ham, yurtimiz o‘tmishida ko‘p kuzatilgan. Bugungi karantin sababli o‘rnatilgan tartib-qoidalar kishilarga biroz mushkul kelsada, aslida bu bilan ommaviy falokatning oldi olinadi, insha Alloh.
Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyo davlatlari kabi yurtimizda ham kasallik keng avj olishi munosabati bilan karantin cheklovlari kuchaytirildi. Shuningdek, kasallik zanjirini uzish maqsadida, shanba va yakshanba kabi dam olish kunlari fuqarolarga “o‘zini o‘zi yakkalash” kabi qat’iy cheklovlar joriy etildi. Jumladan, Maxsus komissiya qarori bilan bu yilgi Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul juma, shanba va yakshanba, ya’ni ketma-ket uch kun mana shunday karantin mezonlari o‘rnatilib, bir qator harakatlar, xususan, transport vositalari harakati cheklandi.
Aholimiz hayotini saqlash va salomatligini asrash yo‘lida o‘rnatilgan shunday tartiblarni ongli ravishda tushungan holda qurbonlik qilishni niyat qilgan kishilar jonliq xarid qilish, so‘ydirish, saqlash va uni tarqatish chora-tadbirlarini avvaldan ko‘rib qo‘yishlari zarur bo‘ladi.
Shuni unutmaslik kerakki, qurbonlik qilishdan maqsad Alloh yo‘lida qon oqizib, taqvoimizni namoyon qilishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar... Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (“Haj” surasi, 37-oyat).
Demak, qurbonlik qiluvchi kishi jonliq so‘yishi bilan o‘zining Allohga bo‘lgan taqvosini namoyon qilar ekan, bu ishni chiroyli odob, ixlos va e’tiqod bilan qilishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarga bardosh berishi kerak bo‘ladi.
Hozirgi kunda ba’zi kishilar “Qurbonlik so‘yish kunlari karantin kuchaytirilgan kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Men qurbonlik qilishga qiynalaman. Go‘shtini qanday tarqataman, bir qancha faqirlar meni qurbonlik go‘shtimga qarab turmoqda”, degan so‘zlar bilan chiqib, mutasaddilarga turli malomatlar, haqoratlar va noloyiq so‘zlar qilmoqdalar. Aslida ulug‘ ibodat qilishga hozirlangan mo‘min kishi mazkur ibodatni yuksak odob bilan vazminlik ila ado etishi talab etiladi. Bunday xatti-harakatlar ibodat savobining kamayishiga olib keladi.
Azizlar, ibodatning asosiy sharti bo‘lmagan masalalar bilan odamlar fikri hayolini chalg‘itish, ushbu ibodatning chiroyli ado etilishiga mone’lik qiladigan, nuqsonli bo‘lishiga sabab bo‘ladigan turli gap-so‘zlarni tarqatishdan saqlanaylik. Ayniqsa, la’nat aytish mo‘min kishiga yarashmaydigan odat bo‘lishi bilan birga, xatarli tomoni shundaki, la’nat noo‘rin aytilgan bo‘lsa, aytgan kishiga qaytadi. Shunga ko‘ra, ularga aytilgan la’natlar katta ehtimol bilan aytuvchining o‘ziga qaytadi.
Eng muhimi jonliq so‘yilishi bilan qurbonlik ado bo‘ladi, uni qilgan kishi vojibning uddasidan chiqqan bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtini tarqatish esa mustahab amal bo‘lib, uning masalasi biz o‘ylagandan ham ko‘ra kengroqdir. Ya’ni, go‘shtni hammasini tarqatish ham, keyinroq ulashish ham, hammasini olib qolish ham joiz, tarqatgan kishi savob oladi, tarqatmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi.
Buning ustiga qurbonlik go‘shtlarini bir ikki kun saqlab turib yoki uchinchi kuni, ya’ni yakshanba kuni so‘yib, dushanba ertalabdan tarqatish ham mumkin. Shuningdek, qurbonlik qilish bo‘yicha onlayn xizmat ko‘rsatuvlarga buyurtma qilish yoki vakil orqali ham so‘ydirish joizdir. Xullas, qurbonlik qilaman, degan kishi uchun jiddiy mushkullik yo‘q.
To‘g‘ri tushunish kerakki, hozir dunyoni barcha burchaklarida ahvol shunday. Bunday paytda barchamizdan ozgina sabr-toqat, murosa va aql bilan ish tutish talab qilinadi, xolos. Hech qanday malomat qilishga o‘rin yo‘q. Bu qiyinchilik kunlar Alloh taoloning barchamizga sinovi, shunday kunlarda bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birimizni qo‘llab turishimiz kerak.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda karantin cheklovlarining o‘rtacha yo‘li tanlangan. Barcha oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar uzluksiz ishlamoqda. Kundalik ehtiyoj tovarlari taqchilligi va narx-navoning asossiz o‘sishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamizki, odamlar ehtiyojmand do‘st-birodarlari yoki kamxarj qarindosh-urug‘lariga hayit kunlari xursandchilik ulashishni istasalar, arafa kunlarda o‘z xayriyalarini ulashishlari va qurbonlik go‘shtlarini agar bunday kishilar sal uzoqroqda bo‘lishsa, hayitning to‘rtinchi kuni yetkazishni tavsiya etamiz.
Hozir, zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligida turibmiz. Bu kunlarda qilingan xayru ehsonlarning savobi ham ulkan bo‘lishidan xabarimiz bor. Har kim o‘z atrofidagi muhtojlarga yordam bersa, ularning ham ko‘ngliga surur kiradi, hayit xursandchiligini his qilishadi. Bu haqda Abu Zarr G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eng afzal sadaqa haqida so‘rashdi. Shunda Ul zot: “Muhtojga maxfiy qilinganidir”, – dedilar va quyidagi oyatni o‘qidilar: “Sadaqalaringizni oshkora bersangiz, qandoq ham yaxshi. Agar kambag‘allarga pinhona bersangiz, o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”(Baqara surasi, 271 - oyat) (Imom Ahmad rivoyatlari).
Shunday ekan, bunday sinovli kunlarda har birimiz bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qilsak, barcha savobli ishlarni mukammal va chiroyli holatda bajarish nasib etadi, insha Alloh.
Alloh taolo har birimizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumladan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).
Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.
Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foydalanish zarur.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalbni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘nglash uchun vaqt qolmaydi”, degan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.
Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qilmagani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.
Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan: «Abdulloh ibn Ma’qildan rivoyat qilinadi. U: “Men otam bilan birga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzuriga kirdim. Otam unga: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:
– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qilish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.
Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.