Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446

Qurbonlikdan maqsad – Allohga bo‘lgan taqvoni namoyon etish

29.07.2020   2817   6 min.
Qurbonlikdan maqsad – Allohga bo‘lgan taqvoni namoyon etish

Uzoq yillik tajribalardan ma’lumki, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan davrda eng maqbul chora karantin tartiblarini joriy qilish bo‘lgan. Bundan asosiy maqsad esa, odamlar hayotini saqlash va vabo keng tarqalishini jilovlashdir. Shunday voqealar Islom tarixida ham, yurtimiz o‘tmishida ko‘p kuzatilgan. Bugungi karantin sababli o‘rnatilgan tartib-qoidalar kishilarga biroz mushkul kelsada, aslida bu bilan ommaviy falokatning oldi olinadi, insha Alloh.

Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyo davlatlari kabi yurtimizda ham kasallik keng avj olishi munosabati bilan karantin cheklovlari kuchaytirildi. Shuningdek, kasallik zanjirini uzish maqsadida, shanba va yakshanba kabi dam olish kunlari fuqarolarga “o‘zini o‘zi yakkalash” kabi qat’iy cheklovlar joriy etildi. Jumladan, Maxsus komissiya qarori bilan bu yilgi Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul juma, shanba va yakshanba, ya’ni ketma-ket uch kun mana shunday karantin mezonlari o‘rnatilib, bir qator harakatlar, xususan, transport vositalari harakati cheklandi.

Aholimiz hayotini saqlash va salomatligini asrash yo‘lida o‘rnatilgan shunday tartiblarni ongli ravishda tushungan holda qurbonlik qilishni niyat qilgan kishilar jonliq xarid qilish, so‘ydirish, saqlash va uni tarqatish chora-tadbirlarini avvaldan ko‘rib qo‘yishlari zarur bo‘ladi.

Shuni unutmaslik kerakki, qurbonlik qilishdan maqsad Alloh yo‘lida qon oqizib, taqvoimizni namoyon qilishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar... Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!”  (“Haj” surasi, 37-oyat).

Demak, qurbonlik qiluvchi kishi jonliq so‘yishi bilan o‘zining Allohga bo‘lgan taqvosini namoyon qilar ekan, bu ishni chiroyli odob, ixlos va e’tiqod bilan qilishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarga bardosh berishi kerak bo‘ladi.

Hozirgi kunda ba’zi kishilar “Qurbonlik so‘yish kunlari karantin kuchaytirilgan kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Men qurbonlik qilishga qiynalaman. Go‘shtini qanday tarqataman, bir qancha faqirlar meni qurbonlik go‘shtimga qarab turmoqda”, degan so‘zlar bilan chiqib, mutasaddilarga turli malomatlar, haqoratlar va noloyiq so‘zlar qilmoqdalar. Aslida ulug‘ ibodat qilishga hozirlangan mo‘min kishi mazkur ibodatni yuksak odob bilan vazminlik ila ado etishi talab etiladi. Bunday xatti-harakatlar ibodat savobining kamayishiga olib keladi.

Azizlar, ibodatning asosiy sharti bo‘lmagan masalalar bilan odamlar fikri hayolini chalg‘itish, ushbu ibodatning chiroyli ado etilishiga mone’lik qiladigan, nuqsonli bo‘lishiga sabab bo‘ladigan turli gap-so‘zlarni tarqatishdan saqlanaylik. Ayniqsa, la’nat aytish mo‘min kishiga yarashmaydigan odat bo‘lishi bilan birga, xatarli tomoni shundaki, la’nat noo‘rin aytilgan bo‘lsa, aytgan kishiga qaytadi. Shunga ko‘ra, ularga aytilgan la’natlar katta ehtimol bilan aytuvchining o‘ziga qaytadi.

Eng muhimi jonliq so‘yilishi bilan qurbonlik ado bo‘ladi, uni qilgan kishi vojibning uddasidan chiqqan bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtini tarqatish esa mustahab amal bo‘lib, uning masalasi biz o‘ylagandan ham ko‘ra kengroqdir. Ya’ni, go‘shtni hammasini tarqatish ham, keyinroq ulashish ham, hammasini olib qolish ham joiz, tarqatgan kishi savob oladi, tarqatmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi.

Buning ustiga qurbonlik go‘shtlarini bir ikki kun saqlab turib yoki uchinchi kuni, ya’ni yakshanba kuni so‘yib, dushanba ertalabdan tarqatish ham mumkin. Shuningdek, qurbonlik qilish bo‘yicha onlayn xizmat ko‘rsatuvlarga buyurtma qilish yoki vakil orqali ham so‘ydirish joizdir. Xullas, qurbonlik qilaman, degan kishi uchun jiddiy mushkullik yo‘q.

To‘g‘ri tushunish kerakki, hozir dunyoni barcha burchaklarida ahvol shunday. Bunday paytda barchamizdan ozgina sabr-toqat, murosa va aql bilan ish tutish talab qilinadi, xolos. Hech qanday malomat qilishga o‘rin yo‘q. Bu qiyinchilik kunlar Alloh taoloning barchamizga sinovi, shunday kunlarda bir yoqadan bosh chiqarib, bir-birimizni qo‘llab turishimiz kerak.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda karantin cheklovlarining o‘rtacha yo‘li tanlangan. Barcha oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar uzluksiz ishlamoqda. Kundalik ehtiyoj tovarlari taqchilligi va narx-navoning asossiz o‘sishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.  

Eslatib o‘tamizki, odamlar ehtiyojmand do‘st-birodarlari yoki kamxarj qarindosh-urug‘lariga hayit kunlari xursandchilik ulashishni istasalar, arafa kunlarda o‘z xayriyalarini ulashishlari va qurbonlik go‘shtlarini agar bunday kishilar sal uzoqroqda bo‘lishsa, hayitning to‘rtinchi kuni yetkazishni tavsiya etamiz.

Hozir, zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligida turibmiz. Bu kunlarda qilingan xayru ehsonlarning savobi ham ulkan bo‘lishidan xabarimiz bor. Har kim o‘z atrofidagi muhtojlarga yordam bersa, ularning ham ko‘ngliga surur kiradi, hayit xursandchiligini his qilishadi. Bu haqda Abu Zarr G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eng afzal sadaqa haqida so‘rashdi. Shunda Ul zot: Muhtojga maxfiy qilinganidir, – dedilar va quyidagi oyatni o‘qidilar: “Sadaqalaringizni oshkora bersangiz, qandoq ham yaxshi. Agar kambag‘allarga pinhona bersangiz, o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”(Baqara surasi, 271 - oyat) (Imom Ahmad rivoyatlari).

Shunday ekan, bunday sinovli kunlarda har birimiz bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qilsak, barcha savobli ishlarni mukammal va chiroyli holatda bajarish nasib etadi, insha Alloh.

Alloh taolo har birimizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Mahri misl" nima degani?

10.02.2025   3349   3 min.

Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.

Bu hukm Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237-oyat).

Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.

Bu hukm ham Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday marhamat qiladi:

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236-oyat).

Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».

Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.

Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.

Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.

Shunday qilinsa, kelin tarafga yengil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.

Oyatda:

«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.

Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:

«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.

«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar